Chaqaloq chillasi yoxud qo‘lning ham zahri bor
Boshing to‘ydan chiqmasin! Qulog‘imizga tez-tez chalinib turadigan bu iborani yaxshilik qilgan yoki biror og‘irimizni yengillatgan kishiga duo-olqish sifatida ishlatamiz. Bu gapni eshitganning ham boshi osmonda. Shu kunlarga yetkazsa, bir to‘y qilayki, dovrug‘i Dog‘istonga yetsin, deya ko‘ngliga tugadi.
Keyin esa… O‘sha kun kelganda yillar davomida peshona teri bilan yig‘ib-terganini bir kunda havoga uchirgan ba’zi orzu-havas qozoniga o‘t qalaganlar yori birodarlardan olgan qarzni uzish tashvishiga tushib qoladi. Yana kimdir hali chillasi chiqmagan farzandi to‘y sarfini qoplash uchun pul axtarib xorijga jo‘naydi. Avvalroq bu to‘g‘ri emasligini uqtirmoqchi bo‘lganlarga ota-bobomizdan meros bo‘lib kelayotgan an’anamiz, deydi ba’zilar.
Bir-biridan go‘zal an’ana-yu urf-odatlarimiz bor bo‘lsin, ammo me’yorida bo‘lsa nur ustiga nur bo‘lishini anglab yetish ham kishini og‘ir ahvolga solib qo‘ymaydi.
O‘zbek xalq odatlari orasida yangi inson – chaqaloq dunyoga kelishi bilan bog‘liq alohida an’analar mavjud: bu bola tug‘ilganida qarindosh-urug‘, yor-birodarlardan suyunchi olish, kindik kesish, cho‘miltirish, quloqqa a’zon aytish, ism qo‘yish, ilk bor kiyim kiydirish, ona uchun maxsus parhez taomlar pishirish, kichik va katta chillani o‘tkazish, bolani beshikka solish kabi maxsus tadbirlardan tashkil topgan. Ulardan kechish milliyligimizni kemtik qilib qo‘yadi, lekin ortiqcha isrofgarchilik tusini olishi esa yaxshilikka olib kelmaydi.
Yurtimizning turli hududlarida shunday urf-odatlar mavjudki bir-biridan ayri, bir-biridan mustasno. Ayniqsa, Qashqadaryoning Kitobida chaqaloq tug‘ilganning qirqinchi kuni oz ham emas, ko‘p ham emas yaqin atrofdagi qo‘ni-qo‘shnisiga juft bo‘g‘irsoq orasiga qant-qurs solib, orzu-havas bilan tarqatiladi. Kech tushgach esa qo‘shnilardan “ko‘rdi”siga tog‘oralar kela boshlaydi, manti deysizmi, palov, somsa, qovurdoq, qatlama, barchasidan bor. Qani chaqaloqning tishi o‘tsa ekan bu taomlarga. Unga atalgani tog‘ora ichidagi kiyim-kechaklar xolos. Ana endi keyingi kundan boshlab “chaqaloq chaqirdi”lar ko‘payadi. Avvalo, kelinchakning ota uyiga qo‘ni-qo‘shni, yoru-birodarlar jamlanib borishadi. Kichikkina bazm o‘ziga yarashgan urfda o‘tadi, ba’zi oilalar haddidan oshib, ammasiga, xolasiga, momosiga degandek sarpo-suruqlarni ko‘paytirib tashlaganini aytmaganda. Busiz marosimda “shira yo‘qdek”.
Bir safar guvohi bo‘lganim uydan qavat-qavat sarpolikni ko‘tarolmay amallab chiqayotgan qarindoshimizning yo‘lini to‘sgan qizi uni chekkaga tortdi.
– Ayajon, bularning ichida tuzuqrog‘i bormi? Bunisi qaynonamga, bunisi qayin opamga, bunisi…
Ayollar o‘tirgan uyda esa… Dasturxonda yo‘q narsaning o‘zi yo‘q. Chaqaloqning norozi yig‘i ovozi, bu holatga parvo qilmay, qoshi onasiga, burni qaynonasiga, otasiga o‘xshamabdi, deya ermak qilib o‘tirishlar…
Qush polaponimi, mushukmi, it bolasimi ko‘p ham qo‘lga olib bo‘lmaydi. Qo‘lning zahri bor, deb kattalar dakki berishadi. Bordi-keldilarga o‘rganmagan go‘dak esa marosimlar sabab kundan kunga yig‘loqi bo‘la boshlaydi. Buni yoshi ulug‘lar “suq tegdi”, “kinna kirdi” deyishadi. Haqiqatdan ham go‘dak qo‘ldan qo‘lga o‘tadi, birovning mehri tovlanadi, kimdir yuzidan o‘padi, pul atab qo‘yniga tiqadi. Undan tashqari, uy havosi, issiq-sovuq almashadi. Bu ona uchun ham zararli – yangi tuqqan ayol maxsus parhezi buzilishi, turli xil taomlar yeyishi natijasida o‘zi va bolasiga ziyon yetkazib qo‘yishi mumkin. Bu gigiyenaga ham zid aslida.
Qamashi, Chiroqchi, Yakkabog‘da ko‘proq beshik to‘ylarga katta e’tibor beriladi. Surxonliklar esa qarindosh-urug‘larini chaqirib, bug‘doy qovurib, risqi butun bo‘lsin, deya tarqatishadi. Samarqand, Sirdaryo va Jizzaxda ham o‘ziga xos urf-odatlar… Vodiyda chaqaloq 21 kunligida yoki 31 kunligida, ya’ni toq kunlari “aqiqa to‘yi” qilinadi. Bunda o‘g‘il bo‘lsa ikkita qo‘y, qiz bo‘lsa bitta qo‘y so‘yib, elga osh beriladi.Toshkentda ham shunday an’ana bor.
Chaqaloq tug‘ilgandan keyingi 6-8 haftalik muddat chilla davri hisoblanadi. Tibbiyotda tug‘uruqdan so‘ng ayol organizmi to‘la asl holiga qaytishiga kamida 5-6 kun, tug‘ish og‘ir kechganda 70 kun kerak bo‘lishi ta’kidlanadi. An’anaga ko‘ra, ona va chaqaloq 40 kungacha uydan chiqmasligi, shu muddatda bu uyga begona oyoq bosilmasligi va chillali uyda chiroq o‘chmasligi shart. “Chilla davri” qirq kunlik ozodalik va ehtiyotkorlik muddati bo‘lib, bu vaqtda ona o‘z sog‘lig‘ini tiklaydi, bola esa yorug‘ dunyoga moslashadi. Zamonaviy tibbiyotda chilla davomida kasal bo‘lmagan chaqaloq ulg‘ayguniga qadar sog‘lom bo‘lib o‘sishi aytiladi. Buni yaxshi anglaydiganlar avvalo ona va bola sog‘lig‘ini birinchi o‘ringa qo‘yadi. Asalning ham ozi shirin, deya urf-odatlarni me’yorida o‘tkazishga intiladilar. Bu bilan ham ona va bolaga yordam bergan, ham oilasi farovonligini ta’minlagan bo‘ladi, albatta.
Siz nima deysiz, aziz zamondosh!
Gulandom UMAROVA