Mehr va muruvvat: dunyoning qo‘sh ustuni

Kasbimiz taqozosi bilan ko‘plab “Mehribonlik”, “Muruvvat” va “Saxovat” uylarida bo‘lamiz. U yerdagi insonlar bilan suhbatlashib, hayot haqidagi qarashlarimiz, tasavvurlarimiz butkul o‘zgaradi.

Shu sababdanmi bu galgi safar davomida ko‘nglimdan har doimgidan-da boshqacha tuyg‘ular o‘tdi.

Tabiatan erkak zoti kuchli, himoyachi, oila qo‘rg‘onining ustuni sifatida yaratilgan. Ammo taqdirning turfa sinov va zarbalari tufayli ularning o‘zlari yordamga muhtojlik sezsachi? Bemorlar ruhan va jismonan o‘zgalarning qo‘llab-quvvatlashiga ehtiyojmand bo‘lsa atrofdagi sog‘lom fikrli odamlar hamisha ko‘makka shay turishlari shart va zarur. Chunki, bu sizu bizning insoniy burchimizdir.

Ha, azizlar atrofga boqib dunyoning tuganmas tashvishlari uchun yelib-yugurayotgan, doimo yaqinlari diydorini ko‘rishga vaqt topa olmayotgan odamlarga qarata bir zumga tin oling, degimiz keladi. Ortingizga boqing. O‘zingizdan qanday iz qoldirayapsiz? Hozir sizning shirin so‘zingiz, mehringiz va qo‘llab-quvvatlashingizga muhtoj yarim ko‘ngil inson yo‘lingizga ko‘z tutayotgandir… Vaqti kelib kasallik yoki keksalik tufayli siz ham yolg‘izlanib yaqinlaringiz mehru muhabbatiga tashna bo‘lishingiz mumkin.

Buxoro shahridan 80 km olisda joylashgan Qorako‘l tumani nogiron erkaklar “Muruvvat uyi” 1962 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 1984 yilda yangi binoga ko‘chirilgan edi. 1996 yildan boshlab tashkilot yuqorida ta’kidlangan nom bilan yuritila boshlandi. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tasarrufidagi ushbu “Muruvvat uyi”da ayni paytda 300 nafar ruhiy xasta nogiron erkaklar yashaydi.

“Muruvvat uyi”da nogironlarning yashashi va dam olishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. “Obod turmush yili” davlat dasturida belgilangan vazifalarning bajarilishida ham muassasa jamoasi faol ishtirok etmoqda. Aqliy jihatdan imkoniyati cheklangan fuqarolar mavsumga moslab to‘liq kiyim-bosh, issiq ovqat bilan ta’minlanmoqda. Shuningdek, bu maskanda obodonlashtirish ishlariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Muassasa binosi atrofida ochilib turgan turfa xil kuzgi gullar bahri dilingizni ochadi. Daraxtlarda mevalar, ishkomlarda uzumning kuzgi navlari g‘arq pishgan. Bu ham dasturxon to‘kinligini ta’minlaydi.

“Muruvvat uyi”ga tegishli yordamchi xo‘jalik yerlaridan bu yil ham kartoshka, piyoz va boshqa poliz ekinlaridan mo‘l hosil olindi. Tuman hokimligi tomonidan ajratilgan bir gektar yerga poliz ekinlari va turli sabzavotlar ekilgan bo‘lib, hozirgi kunda bu mahsulotlar yig‘ib-terib olindi hamda qishgi mavsumga zahira tayyorlanmoqda. “Nur – 2000” fermer xo‘jaligida g‘alladan bo‘shagan 5 gektar yer olinib, bu maydonga yordamchi xo‘jalikda parvarish qilinayotgan 3 bosh qoramol, 11 bosh qo‘y va parrandalar uchun ozuqabop va boshqa ekinlar ekilib, yig‘ib olinmoqda. Shuningdek, muassasa jamoasi ushbu fermer xo‘jaligidan uch gektar yerni shartnoma asosida olgan. Bu yerda har yili paxta yetishtiriladi. “Muruvvat uyi”da yil davomida turli bayram sanalariga bag‘ishlab homiylar tomonidan bemorlarga bayram dasturxonlari yoziladi.

Yana o‘qing:  Maktabda matbuot kuni

“Buxoro neftni qayta ishlash zavodi”, “Qorako‘l omuxta yem” OAJ filiali, “Doktor Norqul Husen” MCHJ, “Olot paxta tozalash zavodi”, “Viloyat paxta sanoat tresti” kabi homiy tashkilotlar hamda tumandagi muruvvatli va saxovatpesha insonlar nogironlar holidan hamisha xabardor bo‘lishmoqda.

Shu o‘rinda nogironlikni keltirib chiqaruvchi sabablar xususida qisqacha to‘xtalib o‘tishni joiz deb bildik. Ya’ni, ota-onaning giyohvand moddalar iste’mol qilishi, ichkilikbozlik, kashandalik, anemiya (kamqonlik) va avitaminoz (vitaminlar tanqisligi) bilan homilador ayolning og‘rishi, jinsiy yo‘llar bilan yuquvchi turli infeksiyalar oqibati hamda yaqin qarindosh-urug‘larning oila qurishi, voyaga yetmagan yoshlarning farzand ko‘rishi, irsiy xastaliklar, ota-onaning turli kimyoviy moddalar bilan zaharlanishi hamda onaning homiladorlik davrida turli yuqumli kasalliklar asoratini boshidan o‘tkazishi va hakozo.

“Muruvvat uyi”da yashovchi bemorlar yilda ikki marta chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik (dispanserizatsiya)dan o‘tkaziladi. Aniqlangan kasalliklar bo‘yicha nogironlar sog‘lomlashtiriladi. Ushbu muassasani kapital ta’mirlash uchun joriy yilda davlat byudjeti hisobidan 60 mln. so‘m mablag‘ ajratildi. Hozirgi kungacha qozonxona binosi, yotoqxonalar isitish tizimi va 1-6 bo‘lim yotoqxonalari to‘liq ta’mirlandi. Toza ichimlik suvi quvuri tortish ishlari tugatildi.

“Muruvvat uyi”da nogironlarga jami 159 nafar ishchi-xizmatchilar, shulardan 6 nafar shifokor, 21 nafar o‘rta tibbiyot xodimlari, 75 nafar kichik tibbiyot xodimlari sidqidildan, beg‘araz xizmat qilmoqdalar. Ayniqsa, tajribali 1-toifali psixiatr Shosaid Abduhakimov, oliy toifali psixiatr G‘aybullo Boltayev, terapevt Zarip Ro‘ziyev, oliy toifali stomatolog Gulnora Sharipova, teri-tanosil kasalliklari shifokori Odiljon Eshonov, lor shifokori Olim Ishonov kabi fidoyi insonlarning mehnati tahsinga loyiq.

Hayot sinovlarida sinalayotgan insonlarga boqib o‘zimizga ato etilgan ne’matlarga hamisha shukr qilamiz – deydi Qorako‘l tumani nogiron erkaklar “Muruvvat uyi” direktori Bahriddin Teshayev.

Xalqimizda “Yaxshilik qil daryoga sol, baliq biladi. Baliq bilmasa, Xoliq biladi” degan maqol bor. “Muruvvat uyi”da faoliyat yuritayotgan barcha insonlar bu maqol zamirida ulkan ma’no yashiringanini dildan his etishadi.

Gulchehra ShIRINOVA,

Buxoro viloyati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: