Tishim sizdamasmi?
Hali xo‘roz qichqirishga ulgurmay, tashvishli chaqiriq uyqumizni buzdi.
– Bahrom aka, hov, Bahrom aka.
Ovoz butun ko‘cha, ehtimol, qishloq bo‘ylab yoyildi.
Otam uyqusirab g‘imirladi.
– Kim bo‘ldiykin-a? Tillasini yo‘qotganmi nima balo?!
– Tinchlikmikin o‘zi? – xavotirlandi onam. – Onangiz yo…
– E, nafasingni yel olgur. Nimalar deyapsan, chiqay-chi?! – dedi otam, ammo o‘zi ham tashvishlanayotgani ovozidan bilindi. – Tinchlik bo‘lsin-da.
Qulog‘imiz darvoza tomonga “ding” bo‘ldi. Miyadan o‘tmagan yomonu yaxshi fikrlar qolmadi, buvimni ko‘mib keldik, kasal yotgan tog‘am bilan vidolashdik…
– E, Sotimboy, senmisan, nima gap? Eshaging harom o‘ldimi?
– E, aka, nimasini aytasiz, boshimga tashvish tushdi, tishim yo‘q, tishim.
– Shunga uyqumni buzishing shartmidi, nomard.
– Tilla edi, naq oltitasi. Yo‘q. (Biroz sukutga cho‘mdi.) Mobodo, tishim sizdamasmi?
– Yo tavbangdan ketay. Yonimda ombur olib yurarmidimki, tishingni sug‘urib olsam. Hali kayfing tarqamagan, shekilli.
Jiddiy aytyapman, aka, tish yo‘q. Yaqinda qo‘ydirgandim.
Kecha qo‘shni qishloqda to‘y bo‘lgandi. Sotimboy aka rosa “oq poshsho”ning “malay”i. To‘yda yana hammasi tekin bo‘lsa. Xullas, akamizning bir yomon odati bor: davra ikki aylanar-aylanmas, kayfi oshadi-qoladi. Birovni urib-so‘kib yurmaydi-yu, mazza qilib o‘ynaydi. Tirnog‘idan sochining uchigacha changga bo‘yalib uyiga qaytmasa, to‘y tatimaydi. Biroq, ichgani birovga yuk bo‘lmaydi. To‘y egasini har besh daqiqada quchoqlab qutlayveradi. Xullas, to‘yning egasidan ko‘ra u ko‘proq sevinadi. Kecha otam bilan bir stolda o‘tirgan. Uyigacha qo‘ltiqlab olib kelib qo‘ygan otam – endi balogardon.
– Yo‘lda uch-to‘rt joyda qo‘limdan chiqib ketib, ag‘anab tushganding. Balki tushib qolgandir…
Sotimboy domla ketdi, ammo otamning tomog‘idan suv o‘tmay qoldi.
– Yana mendan gumon qilmasin, ko‘chaga chiqaychi, – deya otam qishloq guzariga otlandi.
Otam borsa, hammaning og‘zida shu gap. Birov uni “Tovuqqa o‘xshab, Qayumboyning uyi oldidagi tut tagini titkilab yotibdi”, desa, boshqasi “O‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. U muyulishdagi yong‘oqning tagini titib yotgandi”, deydi. Otam ham ertalab uyqusini buzganini aytib qoldi. Xullas, u yurgan joylarini qo‘li bilan titib chiqibdi. Tish yo‘q. To‘yxonaga borib, o‘tirgan stoli atrofidan ham topolmabdi. Bir dasturxonda kim bo‘lsa, hammasidan so‘rab chiqibdi, ular ham tilini tiyolmadi. Shu payt itning arvohiday sezdirmay Sotimboy domla qora berdi. Davra sukutga cho‘mdi. U og‘ir uh tortgancha choponini, qayirib, o‘tirdi. Usti-boshi chang. Tuproq to‘lganidan poyabzali qaysi rangdaligini bilib bo‘lmaydi.
– Ha, Sotimboy tishingni topdingmi? – so‘radi otam. – Suvga tushgan mushukday o‘tiribsan.
– Fig‘onimdan o‘t chiqyapti, aka. Yo‘q, tish yo‘q. O‘zi to‘y yoshlarnikida, aka. Menga balo bormidi? Yana rosa o‘ynaganman. Tishim tushib qolgan bo‘lsa, anor donasiday oyoqlar ostida ezilib ketgan. Ichmay o‘lay, endi umuman ichmayman. Odamlarga ham hayronsan: to‘y qilyapman deb, aroqni daryosi bilan oqizishadi. O‘zichi, shu bola oliftaroq. O‘zini ko‘rsatgisi keladi. Nima, bitta u to‘y qilyaptimi? Bitta uning bolasi bormi, tavba. O‘zichi, shuni to‘yiga bormayman degandim-a! – Sotimboy domla gapirgani sari gapida nolish kuchayib borardi.
– Og‘irroq bo‘l, Sotimboy, halol bo‘lsa topilar, – taskin berdi otam.
– Halol bo‘lsa, emish, halolda. Nima birovning eshagini o‘g‘irlab tish qo‘ydirganmidim, a, – deya yuzini o‘girdi domla.
Hamma unga termular, taskin bergisi kelardi. Ammo uning dardiga sherik bo‘lishga, bir og‘iz so‘z aytishga jur’at qilolmasdi. Ba’zilar esa “Battar bo‘l, mendan ko‘rdiya”, deya pichirlashardi.
Domla oxiri taqdiriga tan berdi chog‘i, poyabzalini yechib, toshga urgancha ichidagi tuprog‘ini qoqishga tushdi. Bor kuchi bilan kalishini uraverdi. Bir mahal bir narsa “chaq” etgancha, toshga tegib sakrab ketdi.
– Kelsa, qo‘sh kelarmish, deb shuni aytishsa kerak-da, kalishimning ham uchi uzilib ketdiyov, – ming‘irladi Sotimboy domla.
Qarasa, xuddi o‘zidek tuproqqa bo‘yalib, chang-to‘zon ostidan oltita tillo tish unga tirjayib turibdi. U o‘rnidan qo‘zg‘aldiyu, na turishini, na o‘tirishini bilmay bir zum bukchayib turdi. U mayin kulgancha dovdirligidan uyalib, boshini ko‘tarolmay turardi.
Bahodir BAHROM