II XALQARO FARMATSEVTIKA ANJUMANI BO‘LIB O‘TDI
Joriy yilning 14 mart kuni «Hayat» mehmonxonasida «Dorixonada kaktusning narxi qancha?» mavzusida Xalqaro II Farmatsevtika anjumani hamda yilning eng muhim «PNARMCLUB AWARDS» taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro farmatsevtika anjumanida bir qator xorijiy va mahalliy ma’ruzachilar, shuningdek, dorixona sohasida biznes yuritish va tizimni yanada rivojlantirish bo‘yicha mutaxassislarning farmatsevtika yo‘nalishiga bag‘ishlangan turli mavzulardagi ma’ruzalari va taqdimotlari o‘tkazildi.
Anjumanda Rossiya Federatsiyasidan farmatsevtika biznesini rivojlantirish bo‘yicha maslahatchisi, Rossiya farmatsevtika marketingi uyushmasi mutaxassisi Avel Lisovskiy, Ukraina davlatidan biznes-trener Yuriy Chertkov, Qozoqistondan «Yevraziya tibbiyot uyushmasi raisi Jupar Baypakbayeva, Germaniyadan soha mutaxassisi Olga Gransova hamda O‘zbekistondan «Meros» korporatsiyasi rahbari Maksim Kostromskiy, «ARRTESNKA» loyihasi boshlig‘i Ilgiz Nurgalimovlar so‘zga chiqib, onlayn dori-darmonlar sotib olish, tizimda onlayn qulayliklar yaratish, sohaga oid yutuq va kamchiliklar, ularni bartaray etish, mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilar tomonidan aholiga arzon va sifatli dori-darmon mahsulotlarini yetkazib berilishini ta’minlash, tizimda xorijiy tajribalarni qo‘llash kabilar haqida ma’ruza qilindi.
E’tiborli jihati, anjumanda bir qancha mahalliy va xorijiy dori-darmon ishlab chiqaruvchi firmalarning ko‘rgazmasi, banner va reklamalari namoyish etilib, Xalqaro «Buyrak kuni» munosabati bilan «Grand Medical» firmasi tomonidan buyrakdagi tosh va qumlarni bartaraf etuvchi «TUTUKON» suyuqligi aksiyaga qo‘yilib, yutuqlar o‘ynaldi.
Shuningdek, ”Azia farm” konsalting tomonidan yutuqli o‘yinlar tashkil etilib, yutuq egalariga sovg‘alar topshirildi.
Anjumanni o‘tkazishdan maqsad, mamlakatimizda dorixona biznesini yanada rivojlantirish, faoliyat ko‘rsatayotgan firma va dorixonalarni yetarli darajada sifatli va arzon dori-darmon mahsulotlari bilan ta’minlash, sohada malakali xodimlarni tayyorlash, Farmatsevtika Assotsiatsiyasi qoshida o‘quv markazi ochib soha mutaxassislarini, ayniqsa, yosh kadrlarni bilimlarini mustahkamlab borishdan iborat.
Anjuman nihoyasida
-yilning mahalliy ishlab chiqaruvchisi,
-yilning xorijiy ishlab chiqaruvchisi,
— yilning eng taniqli OTS(ritseptsiz beriladigan)dori vositasi,
-yilning eng taniqli tibbiy texnika brendi,
-yilning eng taniqli BFQ (biologik faol qo‘shimchasi0 vositasi,
-yilning dorixona tarmog‘i va yil dorixonasi nominatsiyalari bo‘yicha aniqlangan g‘oliblarga sertifikatlar va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Maryam AHMEDOVA