Maktab partasi: undan qanday foydalanish kerak?
Har bir ota-ona farzandining sog‘lom va chiroyli qomatli bo‘lib o‘sishini xohlaydi. O‘quvchilarning maktab partasida o‘tirishining ham qat’iy qoidalari mavjud.
Chunki, bunga e’tibor berilmasa, bola salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Partada to‘g‘ri o‘tirish bolaning ham ma’nan ham jismonan rivojlanishida ijobiy rol o‘ynaydi.
Bolangiz partada o‘tirganda:
– ikkala oyoq polda turishi;
– gavda tik, yelka teng tutilishi;
– qo‘llar partada, ko‘krak va parta qirrasi orasida bir kaftchalik joy qolishi kerak;
– o‘qituvchi vaqti-vaqti bilan o‘quvchi o‘rnini almashtirishi lozim, bu sinf doskasiga har xil burchakdan qarashga imkon beradi.
Ota-onalar uy sharoitida ham farzandining dars stolida to‘g‘ri o‘tirishini kuzatishi va zarur sharoit yaratib berishi kerak.
Bunda:
– stul suyanchig‘i yelkadan uzunroq bo‘lishi;
– o‘tiradigan qismi tekis va qattiqroq bo‘lishi;
– bola oyog‘i yerga yetmasa, balandroq buyum qo‘yib berishi;
– chiroq chap tomondan tushishi lozim.
Gavdani tik tutish bu – turli xil harakatlar chog‘ida: o‘tirganda, yurganda va o‘ynaganda gavdani to‘g‘ri harakatlantirish demakdir. Umurtqa pog‘onasining sog‘lom o‘sishi gavdani to‘g‘ri tutishga bog‘liqdir.
Agar bu qoidalarga amal qilinmasa, osteoxondroz, skolioz kasalliklari va bo‘y o‘smay qolishi hamda yelka, bo‘yin, bosh og‘riqlaridan bola aziyat chekadi.
Shuningdek, kundalik turmushimizda oddiy holga aylanib qolgan ba’zi harakatlarimiz ham umurtqa pog‘onasiga ziyon yetkazishi mumkin. Masalan, o‘smirlar 10 kgdan ortiq yukni ko‘tarishi mumkin emas. Agar biror og‘ir narsani surmoqchi bo‘lsangiz, uni o‘zingiz tomonga tortish emas, balki itarish kerak.
Erta tongda uyg‘onib, darhol yugurish organizm uchun foydali emas, aksincha, zarar ekanligini tibbiyotchilar ta’kidlaydi. Gap shundaki, erta uyg‘onganda hali organizm uyquga to‘ymagan bo‘ladi, yugurish esa yurak-qon tomir tizimiga og‘irlik qiladi.
Albatta, yugurishning ham o‘z vaqti bor, ya’ni uyqudan uyg‘ongach, avval, gimnastika mashqlarini bajarib, oradan 1-2 soat o‘tkazib, so‘ng yugurgan ma’qul.
Har qanday ishni o‘z vaqtida bajarmaslik, keyinchalik kech bo‘lganda afsus qilishga olib kelishini juda yaxshi tushunamiz. Bola misli nihol, unga qanday parvarish berilsa, shunday o‘sadi. Shu sababli, qay birimizning endi maktabga borayotgan farzandimiz bo‘lsa, ularga berilgan maslahatlarni anglatish foydadan xoli bo‘lmaydi.
Muhabbat NASRULLAYEVA,
oliy toifali nevrolog