Mustaqil bolalar qanday tarbiyalanadi?
Bolangizning mustaqil xatti-harakatlarini kuzating
Mustaqillikka intilish – bu bola ruhiyatining eng bebaho xislatlaridan biri hisoblanadi va u juda erta namoyon bo‘lishni boshlaydi. Muhimi, ushbu intilishni e’tiborsiz qoldirmaslik, uni rivojlantirish, qo‘llab-quvvatlash va u yoki bu ishni mustaqil bajarishi uchun imkon va sharoit yaratib berishga harakat qilish lozim. “Men o‘zim!” istagida dunyoni faol o‘rganishga intilish ifodalanadi, o‘zining shaxsiyatini topish yaqqol ko‘rinishni egallay boshlaydi.
Farzandingizda ana shunday xislatni kuzatsangiz va uni bee’tibor qoldirib, ushbu istakni so‘ndirsangiz, u holda farzandingiz passiv (nofaol), qiyinchiliklarni yengib o‘ta olmaydigan shaxs bo‘lib ulg‘ayadi. Ular u yoki bu harakatni mustaqil bajarish o‘rniga kattalarni ularning o‘rniga bajarib qo‘yishlarini kutib turadilar. Avvaliga bu kichik vazifalar bo‘lsa, bola o‘sgan sari ushbu talab va vazifalarning ko‘lami ortib boradi. Shu sababli bir qoidani unutmang, bola o‘zi bajara oladigan ishni bajarishiga qo‘yib bering. Har qanday ishni mustaqil bajarganidan keyin esa qo‘llab-quvvatlab qo‘ying. Bola hamisha sizning maslahatingiz va roziligingizga muhtojdir. Bu bolada o‘ziga bo‘lgan ishonchning shakllanishida ko‘mak beradi. Bola u yoki bu ishni bajarganda yoki bajarishga harakat qilayotganida ustidan zinhor kulmang va ayniqsa kinoya qilmang. Biz kattalar uchun oson va yengildek ko‘ringan harakatlar, bolalardan katta kuch va harakatni talab etishini unutmaslik darkor. Poyabzalning ipini bog‘lash yoki “quloqsiz” tugmachani teshikka kirgizish – bu bola uchun katta mehnatni talab qiladigan harakatlardan hisoblanadi. Undan katta mahorat va intilish talab qilinadigan ishlarda bolalarga ma’naviy yordam zarur bo‘ladi. Oddiy bo‘lgan ushbu vazifa ham bolada mustaqillikni va qo‘yilgan maqsadga erishish kabi ijobiy xislatlarni shakllantiradi.
Bola tarbiyasida mustaqillik oddiy harakatlarda ham namoyon bo‘laveradi. Masalan, u sizning yordamingizsiz, to‘kib-sochib yesada, lekin o‘zining ovqatlanishi, qo‘l-yuzini yuvishi, kiyinishida aks eta boshlaydi. Bolaning ana shunday jarayonda ishtirok etishi, uning o‘sib kelayotgan shaxsiyatining shakllanishidagi talablarini qondiradi. Unda bunday intilishlarni hayotining ikkinchi yili boshlanganida kuzatish mumkin. Endi u passiv ko‘rinishda, stol atrofida o‘tirishni istamaydi, u mustaqil qoshiqchasini ushlab o‘zini o‘zi eplashga, qornini to‘yg‘izishga harakat qiladi. Muhimi, boladagi intilishni qo‘llab-quvvatlash, uni rag‘batlantirishdir.
Bola katta bo‘lgani sari uning qiziqishlari ortib boradi. Va ushbu harakatlar uning nazarida oddiy bo‘lib, ovqat yeyish o‘rniga u qimirlayotgan qushcha, mashina, ashula aytayotgan qo‘g‘irchoq uni ko‘proq qiziqtirishni boshlaydi. Ular yugurib oldingizga keladi, og‘izlarini ochib, kerakli luqmani olib, o‘sha ertaklar olamiga, o‘yinchoqlarning dunyosiga sho‘ng‘ib ketadilar.
Uch yoshdan boshlab “men o‘zim” iborasi va uning mohiyati yaqqol namoyon bo‘la boshlaydi. U barchangizga mustaqil tarzda “Men o‘zim qilaman” deb e’lon qilgandek gapiradi. Lekin bola qaychiga intilsachi, katta odam ishlatmoqchi bo‘lib turganida, bolangiz “Men o‘zim” deb baqirib tursa nima qilish kerak? Bunday holatda albatta tushuntirish lozim. Lekin bola sizning gapingizga ko‘nib oddiygina “xo‘p” bilan chegaralanmaydi. Bunday holatda farzandingizga: “Kel, sen men qirqqanlarimni taxlaysan va falon joyga olib borib qo‘yasan”, – deya ishga mashg‘ul qilishingiz mumkin. Bola bir tarafdan o‘zini mashg‘ulligi bilan “kerak ekanman” degan fikrda katta odam singari sizga qarashadi. Siz ham o‘z maqsadingizga bexavotir erishasiz. Lekin kattalar juda ehtiyotkor bo‘lmog‘i lozim. Chunki, bir safar bolani chalg‘itishingiz mumkin ammo keyingi safar baribir u o‘sha qaychini ushlab, biron buyumni qirqib ko‘rgisi keladi. Buni butkul man eta olmaysiz, undan ko‘ra ruxsat berib, o‘zingiz sekin kuzatib turganingiz ma’qul.
Albatta, bu yoshda uning imkoniyatlari katta bo‘lmaydi, lekin umuman yo‘q deb aytish ham mumkin emas. Unda bunday mas’uliyatni shakillantirish uchun u yoki bu ishga mas’ul qilib tayinlash zarur. Bu stolga joy tayyorlash, o‘z o‘yinchoqlarini joy-joyiga qo‘yish, o‘ynab bo‘lgandan keyin yig‘ishtirib, joyiga olib qo‘yish, baliqlari bo‘lsa ularni oziqlantirish, gullarga suv quyish va hokazo. Bunday mas’uliyatli ishlarni o‘z uy sharoitingizdan kelib chiqqan holda o‘ylab topishingiz mumkin. Bularning barchasi bolada g‘amxo‘rlik, kattalarning ishonchini oqlash kabi xislatlarni rivojlantiradi. Bunda ma’naviy jihat ham mavjuddir. Bola kim haqidadir g‘amxo‘rlik qilishni o‘rganadi, nima istagan bo‘lsa o‘sha narsani qilishni emas, mas’uliyatli, kerakli ishni bajarishga o‘rganadi. Uning barcha istaklariga to‘sqinlik qilish, u yoki bu ishga mas’ul qilmaslik, u yoki bu ishga harakatni sarflashdan ozod etish bolada dangasalik, egoizm (xudbinlik), apatiya (befarqlik) kabi illatlarni shakllanishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Ota-ona bolani u yoki bu ishga jalb qilar ekan, u xursandchilik bilan bajarishi haqida oldindan o‘ylab qo‘yishi kerak. Masalan, bolani majburlamang. Bajargisi kelmasa qo‘yavering, uni mehnat jarayoniga qiziqtiring yoki natijasi ijobiy bo‘lsa maqtov so‘zlarini qizg‘anmang. U bilan birga muvaffaqiyati uchun xursand bo‘ling. Bolada bunday jarayonda katta odamdek g‘ururlanish hissiyoti paydo bo‘ladi, boshqalarga foydasi tegadigan bir inson ekanman degan tuyg‘u uni faxrlantiradi.
Kundalik hayot bolani tarbiyalashda uni band etishda va mustaqil bo‘lishi uchun turli imkoniyatlarni taqdim etadi. Sayr davomida mustaqil o‘ynayotgan bolakaylarga farzandingizning e’tiborini jalb etish, kitob o‘qiyotganda esa undagi qahramonlarning o‘zlari mustaqil u yoki bu ishni bajarayotganliklarini ko‘rsatib berish ham bolada ana shu xislatni eslab qolishiga sabab bo‘ladi. Agarda bolakayga kubiklarga yoki kartochkalarga bo‘lingan yagona manzarani yig‘ish kabi boshqotirmani olib bersangiz va bola uni bajara olmasa, unga ko‘rsatib berishga shoshilmang. Bolaga vaqt bering, o‘zi mustaqil biroz o‘ylab ko‘rishi kerakligini taklif eting.
Bolani tarbiya qilishda uy muhiti ham juda katta ahamiyatga ega. Kattalarning bir-biriga bo‘lgan o‘zaro munosabati, shirinso‘zlik, ko‘maklashish, umumiy mehnat, qiziqishlaridagi harakat bolaning shaxsiyatini ijobiy shakllanishida katta ahamiyat kasb etadi.
Xullas, farzand bir beozor ko‘rinishda dunyoga keladi. Boshlang‘ich uch yil davomida qolgan yillar bilan solishtirganda juda ahamiyatli va boy ko‘nikmalarni, tafakkurni qo‘lga kiritadi. Bolaning ana shu dastlabki yillar davomida qo‘lga kiritgan tanani, nutqni boshqarishni, fikr yuritishni, xursand bo‘lishni, yaxshi ko‘rishni, qayg‘urishni, yaxshi va go‘zal narsalarni anglashni hech narsa bilan tenglashtirib bo‘lmaydi.
O‘z vaqtida bolaga kerakli tarbiyani, kerakli uquvni singdirib borish butun hayoti davomida qiyinchiliklarni bosh ko‘targan holda yengib o‘tishida katta ko‘mak bo‘ladi. O‘tkazib yuborgan vaqtni esa ortga qaytarib bo‘lmaydi. Shu sababli bola tarbiyasini bola dunyoga kelishi bilan boshlash lozim.
Nurman BERDIYEV,
Qarshi Davlat universiteti o‘qituvchisi