Musiqa – bola xotirasini yaxshilaydi
Musiqa inson dil torlarini chertuvchi, unda sodir bo‘ladigan har qanday ruhiy holatga ta’sir o‘tkazuvchi vositadir. Kishining xafa bo‘lganida ham, xursand bo‘lganida ham musiqa tinglashining siri balki shundandir. So‘zsiz bo‘lsada, kuy tinglashni sevmaydigan, umrida bir bor bo‘lsada, uni chalishga harakat qilmagan odam topilmasa kerak. Shu bois san’atning bu turi na til, na millat va na yosh tanlaydi.
So‘ngi paytlarda olimlar tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, bolaning musiqa ilmini o‘rganishi uning har ikkala miya yarim sharlarining faol ishlashiga ko‘mak beradi. Shu bilan birgalikda, uning xotirasi yaxshilanib, og‘zaki ko‘nikmalarning rivojlanishiga o‘zining samarali ta’sirini ko‘rsatadi.
Shu o‘rinda yana bir ma’lumot, farzandiga turli xorijiy tillarni o‘rgatishni niyat qilgan ota-onalarga ashula yaqindan yordam beradi. U so‘zlarni xotirada saqlashga, lug‘at boyligining ortishiga, eng asosiysi, so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz qilishga ko‘maklashuvchi vositadir. Tadqiqotlarda 12 yoshgacha musiqa bilan shug‘ullangan bolalarning so‘zlarni takrorlash qobiliyati, musiqa bilimiga ega bo‘lmaganlarga qaraganda ancha yaxshi bo‘lishi kuzatilgan. Olimlarning aniqlashicha, turli kuylarni tinglash to‘g‘ridan-to‘g‘ri miya faoliyatining faollashiga ko‘mak beradi.
Bu ma’lumotlarni o‘qigan ota-onalar farzandlarini musiqa to‘garaklariga olib borishni niyat qilgani aniq. Ota-onalarni bu boradagi tavsiyalar bilan tanishtiramiz.
Musiqa asboblarini chalishni o‘rgatishdan oldin farzandingizda musiqani sevishni va unda tushinish ko‘nikmalarini shakllantirishga yordamlashing. Bu uchun esa, jonli kuylar va jonli ovoz orqali ijro etiladigan konsertlar, ko‘rsatuvlarni u bilan birgalikda tomosha qiling. Ijro etilayotgan kuyning qaysi asbob orqali ijro qilinayotganini imkon boricha unga tushuntirib borishga harakat qiling. Jonli ijro bolaning eshitish qobiliyatini shakllantiruvchi asosiy vosita ekanligini unutmang. Bolaning rivojlanishi, ya’ni uning bo‘y-basti, harakatlari hamda qiziqishidan kelib chiqib musiqa asbobini tanlash maqsadga muvofiqdir. Masalan, Motssart skripkani 3 yoshida, Shopen esa pianinoni 5 yoshida chala boshlagan. Tayyorgarlikning asosiy belgisi mashg‘ulotlarni boshlashi bilan bolaning diqqatni jamlay olishidir. Raqamlar va harflarni osongina taniy bilishi ham musiqani o‘rganishda muhim omil sanaladi.
Farzandingizga o‘rgatish uchun bir nechta musiqa asboblari haqida ma’lumot beramiz. Bu sizga asboblar tanlovi borasida turli ikkilanishlarning oldini olishga, savollaringizga javob topishga ko‘mak beradi.
Fleyta musiqa bastalash uchun juda keng tarqalgan asboblardan biri hisoblanadi. Uni bolalarning barmoqlari teshiklarni qoplash uchun yetarlicha katta bo‘lishi bilan chalishni boshlashlari mumkin. Bu kabi musiqa asbobini 5 yoshdan o‘rganish tavsiya etiladi.
Pianinoning tugmachalariga bolaning qo‘li yeta oladigan va ularni bosish uchun yetarli kuchga ega bo‘lgan zahotiyoq o‘rganishni mashq etishlari tavsiya etiladi. 5 yosh uni o‘rganishda muhim davr sanaladi.
Torli cholg‘u asboblari odatda kichikroq hajmda bo‘ladi. Masalan, yosh bolalar o‘rganishni boshlashlari uchun juda qulay. Ba’zi bolalar 4 yoshdan boshlab skripka bilan shug‘ullana oladilar. uni chalishni esa 5 yoshdan boshlash mumkin.
Gitaralar kichik o‘lchamlarda bo‘lishi mumkin. Aksariyat o‘qituvchilar elektrogitaradan oldin neylon torli akustik gitarani o‘rganishni maslahat beradi. Bu esa bolajonlarga 7 yoshdan tavsiya etiladi.
Ba’zida mis hamda jezdan yasalgan musiqa asboblarini ijro etishda tishlarga qo‘yilgan bosim, asbobning o‘lchami, lablarning nimjonligi sababli bolalarga ulg‘ayguniga qadar chalish uchun tavsiya etilmaydi.
Ko‘pchilik ota-onalarni dilbandini musiqa to‘garagiga olib borishdan oldin, “o‘zi farzandimning musiqaga iste’dodi bormikan?” degan o‘y bezovta qilishi aniq. Aniqlanishicha, har bir chaqaloq tug‘ilganida onasining ovozini farqlay olish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Ba’zi bolalar esa tug‘ma musiqiy iste’dodga ega bo‘lishadi. Bunday iqtidor egalari hatto, 2 yoshdan kichik bo‘lganda ham musiqa ohangiga tebranib, kuyni takrorlab javob qaytarishlari mumkin. Hatto, ular pianino yoki tambur ohangini hamda musiqa vaznini takrorlaydi. Ba’zan iqtidorli bolalar noto‘g‘ri notani ham farqlay olish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Ammo shuni unutmaslik kerakki, muvaffaqiyatning 1 foizi tug‘ma iqtidor bo‘lsa, uning 99 foizi tinimsiz o‘z ustida qilingan mehnatdir. Shunday ekan dilbandingizni ohanglar olamiga bexavotir olib kirishingiz uchun sizni hech qanday xavotir o‘ziga bo‘ysundirmasin.
Dilfuza AZIMOVA