DO‘STLIK VA HAMKORLIK RISHTALARI
Mamlakatimizda ta’lim tizimini rivojlanishga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotgani, kelajak avlodning intilish va izlanishlariga keng imkoniyatlar yaratilayotgani yoshlarimizning intellektual salohiyatini yanada o‘sishiga zamin bo‘lmoqda.
Xorijiy davlatlar oliy o‘quv yurtlari bilan har tomonlama hamkorlik aloqalarining o‘rnatilayotgani esa kelajak vorislarining bilim va tafakkurlarini yanada boyitishga, xorijiy tillarni o‘rganish va turli millat yoshlari bilan do‘stlik aloqalarini o‘rnatishga keng yo‘l ochmoqda.
“Poytaxt” biznes markazida ta’lim tizimi yo‘nalishida tashkil qilingan ko‘rgazma ham aynan shu maqsaddadir. 29 sentyabrdan 2 oktyabrgacha davom etgan ushbu ko‘rgazmada Malayziya davlatidan to‘qqizta oliy, o‘rta maxsus va umumta’lim o‘quv dargohlaridan tashrif buyurgan delegatsiya ishtirok etdi. Shuningdek, ushbu ko‘rgazmada O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vaziri o‘rinbosari, professor Sh. Qayumov va O‘zbekiston-Malayziya elchixonasi elchisi doktor Abdulaziz Bin Harunlar ham ishtirok etishdi. Tadbirdan ko‘zlangan maqsad ta’lim tizimida davlatlararo hamdo‘stlik va hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, O‘zbekiston-Malayziya ta’lim sohasida do‘stlik va hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, ikki davlat talabalari o‘rtasidagi mavjud ta’lim dasturlarini o‘rganishdan iborat.
– Biz bunday ko‘rgazmalarni O‘zbekistonda avval ham bir necha bor o‘tkazganmiz. Ana shu sa’y-harakatlar samarasi tufayli bizda O‘zbekistondan ko‘plab talabalar tahsil olishmoqda. Yaqinda universitetimizdan tashrif buyurgan delegatsiyamiz mamlakatingizdagi bir nechta oliy o‘quv yurtlari bilan ta’lim tizimida almashinish dasturi bo‘yicha memorandum imzolab qaytdilar, deydi delegatsiya a’zolaridan Malayziyaning “Sulton Idris” universiteti “Musiqa va san’at ijrosi” fakulteti dekani, professor Zaharul Layliddin bin Saydon.
Tanlov asosan “TOEFL” va “IELTS” testi orqali qabul qilinadi. Tanlovdan o‘ta olmagan yoshlar bir yil ingliz tili kurslarida tahsil olib, uni qayta topshiradilar. Talabalar universitet hududidagi yotoqxona bilan ta’minlanadilar. Universitetimizda Angliya, Avstraliya, AQSH, Indoneziya, O‘zbekiston kabi davlatlardan kelgan professor-o‘qituvchilar o‘nga yaqin davlatlardan kelib, tahsil olayotgan talabalarga bilim berishadi.
Maryam AHMEDOVA