Ma’rifatli farzand – millat tayanchi
Farzandlari sog‘lom yurt qudratli bo‘lur. Xalqimizning ongiga singgib ulgurgan ushbu hikmatli so‘zlar zamirida juda katta ma’no bor.
Zero, kelajakka dadil odimlayotgan yoshlar, ham ma’nan, ham jismonan sog‘lom bo‘lsagina Vatanimiz taraqqiyoti yanada yuksalaveradi.
“O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg‘armasi, “Kamolot” YOIH, “Kelajak ovozi” yoshlar tashabbuslar markazi, hukumatga qarashli bo‘lmagan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi hamkorlikda bu borada samarali faoliyat olib borishmoqda. Iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida turli grantlarning ta’sis etilishi buning yorqin misolidir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Navoiy, Beruniy nomidagi davlat stipendiyalari, Zulfiya nomidagi davlat mukofotining joriy etilishi iqtidorli yoshlar va talabalarga yaratilgan juda katta imkoniyatdir. Zero, Yurtboshimiz “Vatanimiz kelajagi, ertangi kuni, mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi obro‘ e’tibori, avvalambor, farzandlarimizning unib-o‘sib, ulg‘ayib, qanday inson bo‘lib hayotga kirib borishiga bog‘liqdir. Biz bunday o‘tkir haqiqatni xech qachon unutmasligimiz kerak”, deya ta’kidlashi bejiz emas.
Har bir ota-ona o‘z orzulari ro‘yobini farzandlarida ko‘rishni xohlaydi. “Barchamizga ma’lumki, har qaysi davlat, har qaysi millat, avvalo, o‘z farzandlari qiyofasida, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlod timsolida shu xalqqa xos xususiyat va fazilatlarni namoyon etadigan, uning azaliy orzu intilishlarini ro‘yobga chiqaradigan buyuk kuchni ko‘radi. Biz iste’dodli farzandlarimiz bilan, ularning jahon sport maydonlari, xalqaro fan olimpiadalari, madaniyat va san’at olamida erishayotgan katta yutuqlari bilan haqli ravishda faxrlanamiz.
Yurtimizda yashayotgan har bir bolaning o‘ziga xos qobiliyati va iste’dodini o‘z vaqtida payqash, tarbiyalash, ro‘yobga chiqarish – bu o‘ta muhim vazifani nafaqat ota-onalarning ezgu maqsadi, balki jamiyatimizning burchi sifatida o‘rtaga qo‘yish kerak, deb hisoblayman”, deya ta’kidlagan edi mamlakatimiz rahbari.
Hech qaysi mamlakatda bizning yurtimizdagidek yoshlarga e’tibor berilmaydi. Mustaqillikning dastlabki yillarida “Sog‘lom avlod uchun” ordeni joriy qilingan. Hali hech bir mamlakatda bunday mukofot ta’sis etilmagan bo‘lsa kerak. Ma’rifatli farzand – millat tayanchi. Chunki hozirgi rivojlangan texnika va taraqqiyot asrida eng xavfli odam – ma’naviy qashshoq insondir. Yurtboshimiz “Bugungi zamonda mafkura poligonlari yadro poligonlaridan ham ko‘ra ko‘proq kuchga ega”, degan so‘zlari orqali yosh avlodni ma’naviy jihatdan sog‘lom qilib voyaga yetkazish kerakligini nazarda tutgan.
Yoshlarni har jihatdan barkamol qilib tarbiyalashga intilish bizga ota-bobolarimizdan meros fazilatlardan biridir. O‘zbek xalqi azal-azaldan bolajonligi, mehridaryoligi bilan nom qozongan. Ma’lumki, ma’naviy immunitet qadimdan bizda juda kuchli va mustahkam bo‘lib kelgan. Imom al-Buxoriy, Mahmud Zamaxshariy kabi islom olamining yetuk allomalari, Abu Ali ibn Sino kabi tib ilmi sultoni, Alisher Navoiy kabi so‘z mulki sultoni bo‘lmish alloma-yu donishmandlarning avlodi ekanimiz bizga nafaqat cheksiz g‘urur, balki, juda katta mas’uliyat ham yuklaydi. Ular nafaqat o‘z millati, balki butun dunyo madaniyati rivojiga juda katta hissa qo‘shishgan.
Ajdodlarimiz orzu qilgan nurafshon kunlar ro‘yobini ko‘rish bugun biz yosh avlodga nasib qilgan ekan, uning qadriga yetaylik.
Farhod TOLIPOV