Zamonaviy tibbiy xizmat: davr bilan hamnafas

Istiqlol yillarida Prezidentimiz rahnamoligida sog‘liqni saqlash tizimi tubdan isloh qilinib, yurtimizning chekka-chekka hududlarida ham aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. E’tiborlisi, mamlakatimizda mazkur sohada olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bugun butun dunyo jamoatchiligi tomonidan e’tirof etilmoqda. Sirdaryo viloyatiga qilgan safarimiz davomida bunga yana bir bor amin bo‘ldik.

Viloyat Sog‘liqni saqlash bosh­qarmasi boshlig‘i Samariddin Tilavov aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishitirish maqsadida bizni qator tibbiyot muassalariga yo‘lladi.

Sirdaryo viloyatidagi “Ona va bola skriningi” markazi hovlisiga kiraverishdagi tozalik va obodlikni ko‘rib dilingiz ravshan tortadi. Chor-atrof manzarali daraxt­lar va gullar bilan burkangan ushbu maskan eng so‘nggi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan to‘liq jihozlangan. Bu yerda mehnat qilayotgan malakali shifokorlar va hamshiralarning beminnat xizmatidan esa aholi mamnun.

Joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyi mobaynida Skrining markazi tomonidan viloyatning shahar va tumanlarida istiqomat qiluvchi 9 ming 356 nafar homilador ayol UTT tekshiruvidan o‘tkazilib, aniqlangan kasalliklar bo‘yicha zaruriy chora-tadbirlar ko‘rildi.

Viloyat bo‘yicha 2013 yilning o‘tgan davri mobaynida 10 ming 170 ta tug‘ruq qayd etilgan bo‘lib, fenilketonuriya va tug‘ma gipotireoz kasalligiga qarshi 1052 nafar chaqaloqdan qon tahlili olingan. Shulardan 14 nafar chaqaloqda tug‘ma gipotireoz hamda 7 nafarida fenilketonuriya kasalligi aniqlanib, dispanser nazoratiga olingan.

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bolalikdan nogironlar tug‘ilishining oldini olish uchun tug‘ma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash Davlat dasturi to‘g‘risida” gi qarori ijrosi yuzasidan viloyat “Ona va bola skriningi” markazi tomonidan aholi o‘rtasida muntazam ravishda profilaktik ishlar olib borilmoqda. Tug‘ma va irsiy kasalliklarning birlamchi profilaktikasi bo‘yicha markazimiz xodimlari ishtirokida mahallalarda davra suhbatlari tashkil etilmoqda. Shuningdek, oliy o‘quv yurtlari, kollejlar va akademik litseylarda tahsil olayotgan yoshlar o‘rtasida fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari xodimlari bilan “Skrining tekshiruvlarining mohiyati”, “Homila nuqsonlarining kelib chiqish sabablari” mavzularida seminar-treninglar tashkil etildi. Maqsuda Abdurahmonova, Mavluda Yunusova, Muhabbat Ortiqova kabi oliy toifali shifokorlarning erta turmush qurishning salbiy oqibatlari, qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning xavfi, nikohdan o‘tuvchi yoshlarga tegishli maslahatlar, tug‘ruqlar orasidagi eng maqbul muddatga rioya etish borsidagi tavsiyalari aholining tibbiy madaniyatini oshirish borasida qo‘l kelmoqda, – deydi markaz bosh shifokori Tursunoy Xolboyeva.

Yana o‘qing:  Boyligim sensan-ku, sensan borlig`im

BEXATAR ONALIK VA BOLALIK MUHOFAZASI

Oilada chaqaloq tug‘ildi. Xonadon egalarining quvonchi cheksiz. Shu mittigina vujudni sog‘lom voyaga yetkazib, kelgusida el koriga yaraydigan inson bo‘lishini har bir ota-ona orzu qiladi.

Ko‘plab xonadonlarga ana shunday shodlik ulashayotgan Sirdaryo viloyat Perinatal markazi shifokorlari va hamshiralar yaratilgan sharoitlardan oqilona foydalangan holda ona va bola salomatligini mustahkamlash yo‘lida sid­qidildan mehnat qilishmoqda. Mazkur shifo maskani 130 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, laborator diagnostikasi, homiladorlar patologiyasi, ginekologiya, chaqaloqlarni jonlantirish kabi bo‘limlarda bemorlarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Joriy yilda to‘liq ta’mirlangan tibbiyot maskani hududida viloyat hokimligi tomonidan suv havzasi bunyod etildi. YUNISEF tashkiloti tomonidan “Chaqaloqlarga do‘stona munosabatda bo‘lgan tug‘ruqxona” nomiga munosib topilgan ushbu markazda perinatal xizmatini yaxshilash, ko‘krak suti bilan emizishni rag‘batlantirish, onadan bolaga OIV o‘tishining oldini olish, ona va bolaga tug‘ruq jarayonida hamda undan so‘ng dori-darmonlarni maqsadli ishlatish bilan bexatar onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

– Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti talabi bo‘yicha 22 haftadan 27 haftagacha hamda kam vaznda tug‘ilgan chaqaloqlar parvarishiga juda katta e’tibor berilmoqda, – deydi “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibasi, viloyat Perinatal markazi direktor o‘rinbosari Ma’mura Toshmetova. – Shifokorlarimiz ona va bola salomatligiga birdek mas’ulligini his qilgan holda o‘z bilim malakalarini muttasil ravishda oshirib borishmoqda. Bunda Respublika Perinatal markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan Pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va bir qator chet el tibbiyot muassalari bilan olib borayotgan hamkorligimiz yaxshi samara bermoqda. Perinatal markazda mehnat qilayotgan oliy toifali akusher-ginekologlar Matluba Mirzaqulova, Gulbahor Qobulova, neonotolog Sayyora Abdullayeva, Nazokat Davlatova kabi shifokorlarimizning boy tajribasi yosh mutaxassislarni kasb sirlarini puxta egallashlari uchun xizmat qilmoqda.

Qayerdaki o‘zaro hamjihatlik bo‘lsa, shu yerda ezgulik bo‘y cho‘zaveradi. Viloyat Perinatal markazi rahbari, oliy toifali akusher-ginekolog Hanifa Sodiqovaning sa’y-harakati bois xodimlarning nafaqat o‘z vazifasiga sidqidildan yondoshishi, balki madaniy dam olishlari uchun ham markazda yetarlicha shart-sharoitlar yaratilgan. Muntazam ravishda yurtimizning diqqatga sazovor joylariga uyushtirilayotgan sayohatlar, respublikamizning turli sihatgohlarida dam olish uchun berilayotgan yo‘llanmalar xodimlar mehnatiga munosib rag‘batdir.

Yana o‘qing:  Xotira – yodgorim, iftixorim – Qadr!

IZLANISHLAR SAMARASI

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 18 martdagi “Hududiy sog‘liqni saqlash muassasalarining tashkiliy tuzilmasini va faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2008 yil 25 martdagi buyrug‘iga asosan Sirdaryo viloyat bolalar shifoxonasi Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga aylantirilgan. 155 o‘ringa mo‘ljallangan tibbiyot markazida kardiorevmatologiya, pulmonologiya, xasta chaqaloqlar, nevrologiya, jonlantirish va intensiv davolash, gastroentrologiya bo‘limlari faoliyat ko‘rsatadi. Shuningdek, bu yerda zamonaviy ko‘rinishda qad rostlagan, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan konsultativ poliklinika ham o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Shuningdek, tibbiyot markazi Germaniya davlatining 680 ming yevrolik grant mablag‘i hisobidan eng zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlandi.

Markazda olib borilayotgan ishlar xususida bosh shifokor Akbar Mirzaxonov bizga quyidagilarni so‘zlab berdi:

– Bolalar shifokori o‘z-o‘zidan bolaning fe’l-atvoriga moslashadi. Ba’zi bolalar o‘zidagi xastalikni to‘liq ayta olmaydi. Bunday paytda ularning dardini tezlik bilan ilg‘ay olish, xastalikka to‘g‘ri tashhis qo‘yish shifokordan katta mahorat talab qiladi. Shifokor nafaqat bor bilimi bilan, balki butun mehri bilan bemorga yondoshsagina ko‘zlagan maqsadiga erishadi.

Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida mehnat qilayotgan Abdumajid Rasulberdiyev, Mehriniso Qilicheva, Surayyo Teshaboyeva, Nazira Ne’matova kabi malakali shifokorlarning bolalar salomatligini asrash borasidagi samarali mehnatlari tahsinga loyiq.

Bolaning sog‘lom ulg‘ayishini ta’minlash nafaqat shifokor, balki ota-onalar zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklashini unutmasligimiz lozim. Kechagina huzurimga kelgan bemor bolaning onasi, “farzandim tuzalar deb falon dorini ichirdim, ammo foydasi bo‘lmadi”, – deydi xomush tortib. Shifokor tavsiya qilmagan dorini bilib-bilmay bemorga berish aks ta’sir etishi mumkinligini aytganimda u afsus bilan bosh chayqab qoldi. Ota-onalarning bunday ishlari mud­hish oqibatlarga olib kelishi mumkin. Buni hech qachon unutmasligimiz lozim.

Aholi o‘rtasida tibbiy madaniyatni oshirish borasida muntazam ravishda suhbatlar, uchrashuvlar o‘tkazmoqdamiz. “Pediatriyaning dolzarb masalalari”, “Me’da ichak kasalliklari” bo‘yicha seminarlar tashkil etildi. Mutaxassislar tomonidan konsultativ poliklinikaga kelgan onalar bilan “Bolani to‘g‘ri parvarishlash”, “Go‘dakni to‘g‘ri ovqatlantirish”, “O‘ta xavfli infeksiyalar”, “Ona sutining ahamiyati” mavzusidagi davra suhbatlari olib borildi. Har oyning oxirgi haftasida tuzilgan jadval asosida shifokorlar joylarga amaliy yordamga chiqishadi. Viloyat “Go‘daklar uyi”, Guliston shahrida joylashgan “SOS” bolalar shaharchasi tarbiyalanuvchilari malakali shifokorlarimiz tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Yana o‘qing:  ONAJONIM

Keyingi yillarda bolalar o‘rtasida allergik kasalliklarning ko‘payishi soha xodimlaridan tinimsiz izlanishni talab etmoqda. Bu borada shifo maskanida faoliyat yuritayotgan shifokorlarning malakasini oshirish, tibbiyot sohasidagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish maqsadida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, tibbiyot maskani kardiorevmatologiya bo‘limi mudiri Aripjon Kudratov viloyatda bolalarga ko‘rsatilayotgan statsionar xizmati bo‘yicha nevrologik va kardiorevmatologik kasalliklarida zamonaviy diagnostika hamda davolash standartlarini amaliyotga joriy etayotgani e’tiborlidir. Uning rahbarligida bo‘lim shifokorlari nevrologik kasalliklarni davolashda zamonaviy usullardan foydalanib, davolash ishlarini puxta va asoratlarsiz olib borib, profilaktikaga alohida e’tibor qaratmoqda. Markazda bemor bolalarni malakali tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish maqsadida har bir bo‘limda mutaxasisligiga qarab davolash diagnostika standartlari ishlab chiqildi va amaliyotga tadbiq etildi. Tajribali shifokor viloyatda vrachlar malakasini oshirish borasida ham faol qatnashmoqda. Xususan, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bazasida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘­liqni saqlash vazirligi, YUNISEF tomonidan onalar va bolalar sog‘lig‘ini saqlash maqsadida o‘quv markazi tashkil etildi. Mazkur o‘quv markazida o‘tgan davr mobaynida 14 ta seminar-trening o‘tkazilib, 49 nafar statsionar, 124 ta QVP shifokorlari va 120 nafar qishloq vrachlik punktlari va poliklinikalarda faoliyat yuritadigan o‘rta tibbiyot xodimlari hamda tibbiyot markazining 23 nafar shifokor-pediatri o‘qitildi.

Aripjan Kudratovning mehnatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. Mustaqilligimizning 22 yillik bayrami arafasida Yurtboshimizning farmoniga binoan “El-yurt hurmati” ordeniga sazovor bo‘ldi. Bu mukofot ertamizinig munosib vorislari bo‘lmish bolajonlarning sog‘lig‘ini saqlash borasida samarali faoliyat olib borayotgan Sirdaryo viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi shifokorlariga berilgan munosib bahodir.

Jamila HAYDAROVA,

Sirdaryo viloyati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: