Xalqimiz sifatli tibbiy xizmatni xohlaydi
Dunyoda inson salomatligidan azizroq ne’mat yo‘q. To‘g‘ri, bu bebaho boylikni, avvalambor, har bir kishi o‘zi asrab-avaylashi zarur. Ammo hayotda shunday lahzalar bo‘ladiki, kutilmagan dard odam salomatligiga raxna sola boshlaydi. Bunday paytlarda kishi malakali tibbiy xizmatga ehtiyoj sezadi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda tibbiyot sohasiga qaratilayotgan e’tibor, g‘amxo‘rlik va yaratilayotgan shart-sharoitlarga qaramay, eskicha ishlash usulidan voz kechmayotgan, tashxis qo‘yish va davolashning zamonaviy usullarini amaliyotga joriy eta olmayotgan muassasalar ham yo‘q emas.
Yaqinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, hududlar aholisini sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olish, tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasidagi islohotlar natijalarini tahlil qilish va istiqboldagi ustuvor vazifalarni belgilashga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ana shunday dolzarb muammolar xususida so‘z bordi.
Qayd etilganidek, keyingi ikki yil ichida Prezidentning sohaga oid 50 ta farmon, qaror va farmoyishi, Vazirlar Mahkamasining 70 dan ziyod qaror va farmoyishi qabul qilingan. 6 ta yangi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etilib, ular soni 16 taga yetdi. Aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida hududlarda ularning 10 ta filiali ish boshladi. Tuman va shahar shifoxonalarida 306 ta yangi ixtisoslashgan bo‘lim, 1 ming 200 ta tez tibbiy yordam shohobchasi ochildi. Eng e’tiborlisi, 2018 yilda tibbiyot sohasiga davlat byudjetidan 2017 yilga nisbatan 40 foiz ko‘p mablag‘ ajratildi.
Prezidentimizning yaqinda qabul qilingan “Davlat tibbiyot muassasalari va sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ham soha xodimlari tomonidan katta mamnuniyat bilan kutib olingani rost. Chunki qarorga muvofiq, tibbiyot xodimlarining oylik maoshi 1 dekabrdan 20 foizga, 2019 yil 1 apreldan yana 15 foizga oshiriladigan bo‘ldi. Bu esa shifokor mehnatiga e’tiborning yanada ortayotganidan dalolatdir.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbari kuyunchalik bilan ta’kidlaganidek, sohaga shuncha imkoniyatlar yaratildi, yillar davomida to‘pganib qolgan muammolar hal qilib berildi. Tibbiyot xodimlarining oylik maoshi ham bosqichma-bosqich oshirilmoqda. Ammo mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimi ushbu islohotlarga hamohang ravishda ijobiy tomonga o‘zgardimi? Afsuski, bu savlolga ro‘yi-rost, “ha”, dab javob berish mushkul.
Joriy yilning o‘tgan davrida Prezidentning Virtual qabulxonasiga tibbiyot sohasiga doir 45 mingdan ziyod murojaat kelib tushgani ham sohada hali talaygina muammolar borligidan dalolat beradi, albatta.
Issiq jonning isitmasi chiqadi. Shaxsiy tajribamdan shu narsa ma’lumki, haligacha chekka tumanlardagi markaziy shifoxonalar va poliklinikalarning moddiy-texnik bazasi va malakali kadrlar bilan ta’minlanish darajasi talabga javob bermaydi. Biror joyi og‘rib, tuman shifoxonalariga borgan bemor ko‘ngildagidek tibbiy yordam olishi qiyin. Ayrim joylarda tashxis qo‘yadigan uskunalar yo‘q, ba’zi shifokorlarning esa malakasi yetishmaydi. Natijada xasta odam o‘z tumanida shifo topa olmay, katta mablag‘ sarflab viloyat markazlariga, poytaxtimizdagi markaziy tibbiyot muassasalariga kelishga yoki chet davlatlarga borishga majbur bo‘lmoqda.
Bundan kelib chiqadiki, endi tibbiyot xodimlari yangicha ruh, yangi kayfiyat bilan ishlashi zarur. Chunki bugun davr boshqacha, zamon boshqacha. Talab ham shunga yarasha o‘zgarmoqda. Yangi-yangi kasalliklar paydo bo‘lib, davolash usullari ham kun sayin takomillashib bormoqda. Shunga monand ravishda malakatimiz tibbiyotida ham o‘zgarish, siljish, taraqqiyot bo‘lishi zarur. Prezidentimiz, hukumatimiz, xalqimiz ham aynan shuni xohlamoqda.
Biz Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ayni kunda hududlarda saylovchilar bilan o‘tkazayotgan uchrashuvlarimizda aynan shu mavzuda xalqimizning fikr-mulohazalarini, takliflarini eshitayapmiz. Masalan, Oltiariq tumanidagi 41-, 89-oilaviy poliklinikalarda bo‘lganimizda soha xodimlari Prezidentimizning “Davlat tibbiyot muassasalari va sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroridan behad mamnun bo‘lganini ta’kidlashdi. Shuningdek, ular bu e’tiborga javoban endilikda ikki hissa mas’uliyat bilan ishlash niyatida ekanini bayon qilishdi.
Aholi davlatimiz rahbarining tibbiyotga qaratayotgan e’tiboridan, bo‘layotgan o‘zgarishlardan mamnun. Ular malakali tibbiy xizmatdan ham ana shunday mamnunlik hissini tuyushi zarur.
Bahrom OBIDJONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati