Kattalarga hurmat, kichiklarga izzat. Boladagi bu fazilatlar oilada shakllanadi

Bir kuni uning tobi qochganini eshitib, uyiga holidan xabar olgani bordim. Uch qizi va o‘g‘li ancha dastyor bo‘lib qolganini ko‘rib, havasim keldi. Qizlarining biri das­turxon tuzagan, yana biri tomorqadagi ekinlarning tagini yumshatgan. Bir payt darvozadan oila boshlig‘i – ota kirib keldi. Lekin farzandlardan birortasi otasiga salom bermasa, deng. Uy to‘rida yotgan o‘g‘il ham joyidan «qilt» etmadi. Ularning harakatlaridan otasiga nisbatan qanday munosabatda ekanini anglash mushkul emasdi. Oilada bunday muhitning qaror topishiga nazarimda, ona sababchi bo‘lgan. Buni taxmin qilmayapman, ko‘rgan, eshitganlarimdan xulosa qilib, ishonch bilan  aytayapman. Agar ona farzandlariga oilada otaning o‘rni, hurmati naqadar yuksakligini uqtirib tarbiya qilganida edi, xonadonda tartib-intizom, mehr-oqibat ham shunga yarasha bo‘lardi.

Agar muammoni yuzaga keltirayotgan sabablarni chuqurroq tahlil qilsak, bunday vaziyatda otalarning aybi ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Zero, ularning oila va farzandlari oldidagi mas’uliyatni to‘la anglab yetmasligi, yaqinlarini ma’naviy va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlamasligi natijasida hamma yuk ayolning zimmasiga tushmoqda. Tabiiyki, ro‘zg‘or qiyinchiliklaridan qaddi bukilgan onaning turmush o‘rtog‘idan doim norozi bo‘lib gapirishi, farzand­larning otasiga bo‘lgan muhabbati, hurmatining so‘nishiga, munosabati butunlay yomon tomonga o‘zgarishiga sabab bo‘ladi.

– Bolaligimda onam doim otamdan norozi bo‘lib gapirardi, – deydi bir dugonam. – Hayronman, nega unday qilgan ekan?! Chunki otam ishsiz emasdi, aksincha katta idoraning rahbari edi.  Shu bois, uyda kam bo‘lar, ko‘p vaqtini ishda o‘tkazardi. Onam ham ishlardi, yana uy-ro‘zg‘or, mol-holga qarash uning gardanida edi. Shuning uchun bo‘lsa kerak volidam ko‘p nolirdi. Otamning tinimsiz ishlashini,  farzandlarining tarbiyasi uchun kam vaqt ajratayotganini ro‘kach qilib, janjal ko‘tarardi. Aslida dadam farzand tarbiyasiga onam ayt­ganchalik befarq emasdi. Kundaliklarimizni tekshirishni kanda qilmasdi, dam olish kunlarida asosiy vaqtini biz bilan o‘tkazardi. Lekin bir odam haqida faqat salbiy fikr­ni eshitaverish atrofdagilarning unga nisbatan munosabatini ham o‘zgartirarkan. Bora-bora bizning ham onamga rahmimiz keladigan, uning fikriga qo‘shiladigan bo‘ldik.  Ya’ni, biz ham otamni yomon ko‘rib qoldik. Yillar o‘tib, o‘zim ham ona bo‘ldim. Mana endi o‘shanda onamning noto‘g‘ri yo‘l tutganini anglab yetyapman. Agar vaqtida onam otamni yomonlamasdan, aksincha, ularning yaxshi fazilatlarini o‘rnak qilib ko‘rsatganida, otamizni bunchalik yomon ko‘rib qolmasdik. Afsus…

Dugonamga tasalli berishga so‘z topolmadim. Faqat shu lahzalarda men farzand tarbiyasida ona ibrati, ota namunasining nechog‘lik ahamiyati beqiyos ekanligini yana bir bor tushunib yetgandim… 

Yana o‘qing:  TA’LIMDA ZAMONAVIY USLUB: bolalar salohiyatini yuksaltiradi

Nigora QO‘ChQOROVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: