Kasbida kamol topayotgan ayol
O‘qituvchi yoki ustoz degan ulug‘ nomga munosib bo‘lish oson emas. Chunki, bunday insonlar avvalo fidoyi, qalbi ziyo va mehr-muhabbat, saxovatga to‘la bo‘lishi zarur.
Zakira Nagmatjonova ana shunday nomga munosib ustozlardan biri, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. U mana bir necha yildirki, bilim va tajribalarini yoshlarga o‘rgatib kelmoqda.
Zakira bolaligidan onasi Risolat Rahmonovadek tarbiyachi-murabbiy bo‘lish orzusida voyaga yetdi. Maktabni a’lo baholarga tamomlab, akasi bilan birga oliy o‘quv yurtida tahsil oldi. Talabalik yillarida bo‘lg‘usi pedagog jamoat ishlarida faol bo‘lib, guruh sardori, xotin-qizlar qo‘mitasining a’zosi sifatida Moskvada bo‘lib o‘tgan yoshlar olimpiadasida ishtirok etishga muyassar bo‘ldi. O‘z tengdoshlari va ustozlarining hurmat-e’tiboriga tushdi.
Pedagog-psixolog dastlabki ish faoliyatini poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 520-maktabgacha ta’lim muassasasida tarbiyachilikdan boshladi. U bolajonligi, o‘z ishiga mehr-muhabbati, fidoyiligi, izlanuvchanligi tufayli hamkasblari o‘rtasida hurmat-e’tiborga sazovor bo‘ldi. Uning kichkintoylarning fikr va tafakkur hamda nutq madaniyatlarini o‘stirish va rivojlantirish, ularni ta’lim tizimiga yo‘llashdagi izlanishlari tumandagi MTMlarda ommalashtirildi.
Uning fidoyiligi, o‘z kasbiga bo‘lgan munosabati e’tiborga olinib, MTMning rahbari etib tayinlandi. 1986 yildan mudira lavozimida yosh avlodning sog‘lom va baquvvat o‘sishi, ziyrak va barkamol voyaga yetishlari yo‘lida xizmat qilgan Zakira Nagmatjonova 2004 yilda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining «Maktabgacha ta’lim bo‘limi»da uslubchi vazifasiga tayinlandi. Bu unga bildirilgan yuksak ishonch va tinimsiz mehnatlarning samarasi edi.
Fidoyi ayol ko‘p yillik faoliyati davomida kichkintoylar bilan ishlash davrida qanchadan-qancha iqtidorli bolajonlarni musobaqa va ko‘rik-tanlovlarga tayyorladi. Yoshlarning tafakkurini boyitishda, ular qalbida ota-onaga, Vatanga muhabbat tuyg‘ularini uyg‘otishda o‘zining munosib hissasini qo‘shdi.
2006 yildan Toshkent davlat yuridik instituti qoshidagi akademik litseyda ma’naviyat-ma’rifat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari vazifasida faoliyat ko‘rsatgan jonkuyar ustoz ma’naviyat sohasida ham o‘z salohiyatini namoyon etdi. U qayerda bo‘lmasin o‘quvchi-yoshlar bilan til topishib, ularning orzu-intilishlarini ilg‘ay oldi. Shu bois, Zakira Nagmatjonova kelgach, akademik litseyda ma’naviyat-ma’rifat ishlari yanada yaxshilandi. O‘quvchilar o‘rtasida targ‘ibot ishlari kuchaytirilib, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga alohida ahamiyat qaratildi.
Bir necha yildan buyon Yunusobod tuman Radiotexnika kasb-hunar kollejida ma’naviyat-ma’rifat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari vazifasida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan ustozning kelajakdagi rejalari bisyor.
– Inson o‘z kasbini sevsa, yutuqlar o‘z-o‘zidan ortaveradi. 2009 yilda davlat byudjeti hisobidan kollejimiz qaytadan rekonstruksiya qilinib, u barcha o‘quv jihozlari bilan jihozlandi. Hududda ulkan obodonchilik ishlari amalga oshirildi. Shunday ekan, biz ustozlar ham bunday e’tiborga faqat fidoyilik bilan javob bermog‘imiz lozim, – deydi Zakira Nagmatjonova.
Ustozning sa’y-harakatlari bilan hududdagi mavjud beshta mahalla va ota-onalar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, ular ishtirokida o‘tkazilayotgan suhbatlar va uchrashuvlar, shoir va yozuvchilar bilan ijodiy kechalar yurt kelajagi bo‘lmish yosh avlodni ona Vatanga munosib farzandlar bo‘lib voyaga yetishiga zamin yaratmoqda.
Shunday faxrli kasbni e’zozlab, umri va mehrini, qalb qo‘rini farzandlarimizning bilim olishi yo‘lida bag‘ishlab kelayotgan Z. Nagmatjonovaga yosh avlodni tarbiyalashdek mas’uliyatli, shu bilan birga sharafli mehnatida omad va zafarlar tilab qolamiz.
Maryam AHMEDOVA