Darmon do‘lana
Bu mevaning o‘lkamizda 3 ta turi iste’mol qilinadi. Farmatsevtika sanoatida asosan qizil, sariq rangli do‘lanadan foydalaniladi. Do‘lana mevalari turiga qarab, qizil, sariq va qora rangli bo‘ladi. Uning bargi, gullari va mevalari shifobaxshdir.
Do‘lananing bir hovuchi iste’mol etilsa, nafaqat kishini kun bo‘yi tashnalik va ochlikdan asraydi, balki unga yaxshi kayfiyat, bardamlik va quvvat ham hadya etadi. Shu boisdan bo‘lsa kerak, do‘lanani lotin tilida «gratas» (kuchli) deb ataydilar.
Do‘lana mevalarining tarkibida 20 foiz qand, 8 foiz yog‘, flavonoidlar, xolin, atsetilxolin, oshlovchi moddalar, karotin, S vitamini, organik kislotalar kabi moddalar mavjud. O‘zbekiston sharoitida o‘sadigan do‘lananing ba’zi turlarida V1, V2, RR, S, Ye vitaminlari borligi aniqlangan.
O‘simlik gullarida yuqorida qayd qilingan moddalardan tashqari 0,16 foizga yaqin efir moylari bor. Abu Ali ibn Sino do‘lananing shifobaxsh xususiyatlari to‘g‘risida shunday deb yozgan: «Do‘lana safroni so‘ndiradi. Boshqa mevalarga qaraganda suyuqliklarning oqishini kuchliroq to‘xtatadi. Ich ketishini bartaraf qiladi va siydik tutilishini tug‘dirmaydi».
Do‘lana xalq tabobatida keng qo‘llaniladi. Ko‘pgina jahon xalqlari xalq tabobatida do‘lana ich ketishida, toliqishda, aqliy horg‘inlikda, uyqusizlikda, asabiylashganda, yurak og‘riganda, klimaks davrida, revmatizm asoratidan paydo bo‘lgan revmokarditda, aterosklerozda, qon bosimi oshganda, bosh aylanishi, yo‘talda iste’mol qilinadi. Oltoy xalq tabobatida qizil do‘lana bosh aylanishi va asab buzilganida foydali shifobaxsh meva hisoblanadi. Fransiya xalq tabobatida qizil do‘lana mevalari, guli va bargi asabni tinchlantiruvchi, spazmga qarshi, yurakka darmon sifatida foydalaniladi. Hozirgi kunda farmatsevtika sanoatida do‘lana gullaridan tayyorlangan tindirma va turli boshqa giyohlar bilan birga tayyorlangan dori vositalari ateroskleroz, nevroz, asab tizimi va yurak qon tomir kasalliklarida keng foydalanilmoqda.
Shuningdek, do‘lananing erta bahordagi yosh novdalari po‘stlog‘i alahsirash va ich ketishiga yaxshi davodir. Nemis xalq tabobatida do‘lana gullari va mevalari yurak quvvati sustligida va qon aylanish faoliyati buzilganida, ayniqsa, keksalar uchun juda foydali hisoblanadi. Avstriya xalq tabobatida do‘lana gullari hamda mevalari asosida tayyorlanadigan damlama, spirtli tindirma (nastoyka) va ekstraktlar (qiyom) yurakning qon tomirlarini kengaytiruvchi va qon bosimini pasaytiruvchi davo sifatida foydalaniladi. Polsha xalq tabobatida do‘lana mavjud dorivorlar miyaga qon quyilganda, aterosklerozda, asab kasalliklarida tavsiya etiladi. Zamonaviy tibbiyot amaliyotida qizil do‘lana asosli preparatlar yurak faoliyati buzilganida, gipertoniyada, aritmiyada, stenokardiyada, paroksizmal taxikardiyada, umumiy aterosklerozda, klimaks davrida nevrozlarida, tanglay murtaklari yallig‘lanishida, sut bezlarining faoliyatini yaxshilashda tavsiya etiladi.
Eslatma:
1. Do‘lanani och qoringa iste’mol qilmaslik kerak. Chunki, u ichakni qisib (spazm) qayt qildiradi.
2. Bu mevani iste’mol qilgandan keyin ustidan sovuq suv ichish mumkin emas, aks holda u me’da-ichak sanchig‘iga sabab bo‘lishini unutmang.
3. Shuningdek, uni ortiqcha iste’mol qilish buyrakka zararli bo‘lib, me’da-ichakni zaiflashtirib, qulanj (kolit) xastaligi, ko‘ngil aynishi, qayt qilishni paydo qiladi.
4. Mevaning qaynatma, damlama, qiyom va undan tayyorlangan preparatlar bilan davolanish faqat shifokor maslahati bilan va uning nazorati ostida qo‘llanishi lozim.
Nargiza UGLAMOVA tayyorladi