Bola bog‘chaga borishi shart(mi?): mutaxassis masalaga oydinlik kiritadi
Aksariyat hollarda ayrim ota-onalar farzandini bog‘chaga berishni xohlamaydi. Buning sababini so‘rasangiz dilbandi begona muhitga moslasha olmasligi, tengdoshlari bilan chiqisholmasligini aytishadi.
To‘g‘ri, bog‘chaga endigina qadam qo‘ygan bolakayda yangi muhitga ko‘nikish borasida biroz qiyinchiliklar bo‘lishi tabiiy, ammo bu muammo 3-4 haftadan so‘ng o‘tib ketadi.
Buning uchun farzandingizni bog‘chaga berishdan oldin ularda yangi hayotga ko‘nikma hosil qilishingiz lozim. Qolaversa, dilbandingizni ko‘proq bolalar maydonchasi va xiyobonlarga olib borib, tengdoshlari bilan o‘ynashiga imkon yarating. Farzandingiz yangi o‘rtoqlari bilan qanchalik kirishimli ekanligi va qanday muloqot qilayotganligini diqqat bilan kuzating. Shuningdek, bolangizni mustaqil ovqatlanishi uchun sharoit yarating. U ovqatlanayotganida qoshiqni qaysi qo‘lda ushlayotgani va qanday taom yeyishiga e’tibor qiling. U yegulikning hammasini yeya olmasligi mumkin, biroq bu orqali qaysidir darajada mustaqil bo‘lishga o‘rganadi.
Farzandingiz bilan ko‘proq muloqot qiling. Ko‘chada kimlar bilan o‘ynashini xohlashi, o‘rtoqlariga bo‘lgan munosabati haqida so‘rang. Ko‘proq bolaga ertaklar o‘qib bering. Unga multfilm va turli rangdagi rasmlarni tomosha qilishida yordamlashing. Ekranda nimalarni ko‘rgani haqida gapirib berishini so‘rang. Unga rasmlar chizishni o‘rgating va bo‘yashga qiziqtiring. Xotirasini rivojlantirish uchun kichik-kichik she’r va maqollar yodlating. Bu farzandingiz nutqini o‘sishiga va tengdoshlari orasida erkin muloqot qilishiga xizmat qiladi.
Bog‘chaga moslashish – bolaning fe’l-atvori xususiyatlariga bog‘liq deydi, – psixolog Indira Rahimova. – Sho‘x, harakatchan bolalar bog‘chaga tez moslasha oladi. Injiq, tortinchoq, xarakteri og‘ir kichkintoylarda esa bu holat aksincha bo‘ladi. Bolani bog‘chaga berishda ota-onalar ana shu jihatlarga e’tiborli bo‘lishlari lozim.
Bog‘chaga borgan bola bilan uyda tarbiyalangan kichkintoyning o‘rtasida sezilarli darajada farq bo‘ladi. Bog‘cha bolasi shaxslararo munosabatlarga tez kirisha oladi. Qolaversa, aniq rejimga o‘rganadi. Ularda muomala madaniyati va axloqiy normalar shakllana boradi. Kirishimlilik va tez harakatchanlik aynan bog‘cha yoshidagi kichkintoylarning shaxsiy xususiyatlariga xos bo‘ladi.
Tarbiyachi bolani tarbiyalashda, eng avvalo, individual xususiyatlarga, ya’ni uning temperamenti (mijozi), xarakteri va qobiliyatlariga e’tibor berish lozim. Chunki bir bolaga qilingan muomala ikkinchisiga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligi mumkin. Tarbiyachilar ularning xarakteriga mos tarzda muomala qilishlari zarur. Mashg‘ulotlarni o‘tish vaqtida ko‘rgazmali qurollarning xilma-xilligi, rangliligi, jonliliga e’tibor qilishlari kerak. Qolaversa, ertak kitoblarga qiziqtirish va turli o‘yinlar orqali ularda ko‘nikmani shakllantirib borish talab etiladi.
Endigina MTMga borayotgan kichkintoy uchun bog‘cha ijobiy his-tuyg‘ular bermasligi mumkin. Chunki u onasiga, uyiga ko‘nikib qolgan. Dastlab unda yangi muhit va o‘rtoqlarga ko‘nikish biroz qiyin kechsa-da, keyinchalik o‘z-o‘zidan bog‘chaga mehr qo‘yadi. Tengqurlariga qarab harakat qilishni boshlaydi va ular bilan do‘stona muloqotga kirishadi. Siz uyda farzandingizdan bog‘chadagi taassurotlarini so‘rasangiz, hammasini aytib beradi.
Xulosa qilib aytganda ota-onalar, farzandingizni bog‘chaga berishdan hech ham ikkilanmang. Chunki kichkintoy bog‘chada fikrlashni, yon-atrofidagi insonlar bilan muloqot qilishni, yaqinlarini qadrlashni o‘rganadi.
Dilfuza AZIMOVA