Intilish besamar qolmaydi

buni tadbirkorlar faoliyatida kuzatish mumkin

Aholi turmush farovonligini ta’minlash, oilalarning shaxsiy daromadini oshirish maqsadida istiqlolning ilk kunlaridan tadbirkorlik faoliyatiga katta e’tibor qaratildi. Mazkur siyosat o‘zini oqlab, bugun ishlab chiqarish tarmoqlari iqtisodning asosiy bo‘g‘iniga aylandi.

Hozirda mamlakatimizda ish bilan band aholining 74 foizi kichik biznes va tadbirkorlik tarmog‘ida mehnat qilayotir. 2012 yil 26 aprelda qabul qilingan «Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni esa oilaviy korxonalarning ko‘payishi, milliy hunarmandchilikning yanada ravnaq topishiga zamin hozirladi.

Kredit hisobiga tikuvchilik sexi

Barno Samandarova Beruniy tumanidagi kasb-hunar kollejida o‘quvchilarga chevarlikdan dars beradi. U talabalik yillaridanoq yakka hunarmand sifatida o‘z faoliyatini boshlagan. Onasi ­Karima Ernazarovadan hunar sirlarini o‘rgangan Barno bugun tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yib, mo‘may daromad topmoqda. O‘z ustida ishlagan, chevarlikda yangilik yaratishga bel bog‘lagan hunarmand qator tanlovlarda munosib ishtirok etdi. U quroqli va kashtali yotoq buyumlari, ro‘zg‘orbop hamda milliy liboslarni nafis did bilan yaratmoqda.

– Birovga hunar o‘rgatishning mashaqqati og‘ir, – deydi Barno Samandarova. – Ular bilan yonma-yon turish, birga ishlash lozim. Igna tutishni bilgan har kim ham chevar bo‘lib ketavermaydi. Buning ham o‘ziga xos sir-sinoatlari bor. Mashaqqatiga chidagan, qunt bilan o‘rgangan qizlar ertaga turmushida ham qiynalmaydi. Ro‘zg‘origa qo‘shimcha daromad olib kiradi. Asosan kichik hajmdagi milliy naqshlar tushirilgan mahsulotlarimiz tezda xaridorini topayotir. Shu maqsadda sumkalar, yostiqpo‘sh va belbog‘lar tikish hajmini orttirishni niyat qilganmiz.

Zamon bilan hamnafas Barno Samandarova tijorat bankidan olgan mikrokrediti evaziga beshta tikuv mashinasi xarid qilib, popopchilikni ham yo‘lga qo‘ydi. Uning tadbirkor va tashabbuskorligi natijasida besh nafar kollej o‘quvchisi ish bilan ta’minlandi.

Eng yaxshi hunarmand

Qorao‘zaklik Roza Niyatullayeva qoraqalpoqcha milliy liboslar ustasi. U hunari ortidan tikuvchilik sexi tashkil etib, oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Ikki o‘g‘li Azamat va Omongaldi unga yaqin ko‘makdosh.

«Tashabbus–2010» tanlovining respublika bosqichida «Eng yaxshi hunarmand» yo‘nalishi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan hunarmand-tadbirkor tuman «Mikrokredit» bankidan kredit olib, sohani rivojlantirishga bel bog‘ladi.

– Oilaviy tadbirkorlik, qishloq kishilarining dunyoqarashini, ularning yangilik yaratishga qiziquvchanlik qobiliyatini kashf etdi, – deydi Roza Niyatullayeva. – Bir so‘z bilan aytganda, odamlarda tadbirkorlik madaniyati shakllandi. Kishilar mehnat qilgan odam kam bo‘lmasligini anglab yetdi. Eng muhimi, yurtimizda inson manfaatlari ulug‘ qadriyat sifatida e’zozlanib, ularning turmush farovonligini yanada rivojlantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Kredit olish va soliq stavkalarida qator imtiyozlar joriy etildi. Xususan, oilaviy korxonalar tomonidan ishlab chiqarish faoliyati uchun foydalaniladigan turar-joylarni noturar joylarga o‘tkazish talablari bekor qilindi. Oilaviy korxona ishtirokchilari tomonidan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘langandan so‘ng ularning tasarrufiga kelib tushadigan foydaga soliq solinishidan ozod qilindi. Biz ham mazkur imtiyozlardan unumli foydalanib, ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirishga qaror qildik. Tadbirkor degani faqat o‘z manfaatini o‘ylaydiga shaxs emas. Sex faoliyati yo‘lga qo‘yilgach olti nafar xotin-qiz ish bilan ta’minlandi. Ro‘zg‘origa baraka kirdi.

Yana o‘qing:  HURLIK RAMZI

Eng yosh tadbirkor

Kegeyli tumanida yashovchi Mirshod Eshov milliy cholg‘u asboblari yasaydi. «Tashabbus–2013» ko‘rik-tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bos­qichida «Eng yosh tadbirkor» yo‘nalishi bo‘yicha g‘olib bo‘ldi. Yigirma yoshli hunarmand Kegeylidagi Axborot texnologiyalari kollejini tamomlagan Mirshod hunarini takomillashtirish yo‘lida bosh qotirmoqda.

Shu paytgacha u yakka tadbirkor sifatida ish yuritdi. Yaqinda esa tijorat banklaridan imtiyozli kredit olib, milliy liboslar tikiladigan sex ochdi va ikki kishini ish bilan ta’minladi. Hozirda milliy kiyim-kechaklar buyurtma asosida tayyorlanyapti. U kelajakda faoliyatini yanada rivojlantirish, milliy cholg‘u asboblari yasaydigan sex tashkil qilishni va kollej bitiruvchilarini ish bilan ta’minlashni niyat qilgan. Shuningdek, ro‘zg‘orbop duradgorlik mahsulotlari ishlab chiqarishni rejalashtiryapti.

Ra’no ZARIPOVA,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: