Qo‘lingiz aslo dard ko‘rmasin!
Tunov kuni tahririyatimiz eshigi qiya ochilib, yoshi katta bir onaxon ichkariga kirishga ruxsat so‘radi. Ijozat bo‘lgach, u kishi yonimdagi stulga kelib o‘tirdi. Biroz nafasini rostlagach, asta gap boshladi:
“Ismim Sharifaxon Mamajonova. Farg‘ona viloyati, Marg‘ilon shahrida yashayman. 1992 yilda tug‘ilgan o‘g‘il farzandim bor. Ismi Islomjon Mamajonov. U tanglaysiz, nafas yo‘liga ketadigan burun qismi ochiq tug‘ilgan. 24 yildan buyon farzandim chekkan azoblarni o‘ylasam, yuragim og‘riydi. To‘g‘risini aytsam, shunday mehnatkash, bo‘y-basti kelishgan bolamning dardiga shifo izlab bormagan joyim qolmadi. Bu orada Islomjon ikki marotaba – birinchi marta to‘rt yoshida, ikkinchi gal esa sakkiz yoshga to‘lganida operatsiya bo‘ldi. Lekin ijobiy natija ololmadik. Hozir o‘g‘lim yigirma oltiga kirdi.
O‘tgan yili bir tanishim Farg‘ona viloyati stomatalogiya klinikasi bosh shifokori Muhiddin Ismoilovga uchrashishimni tavsiya qildi. Yaqinimning gaplaridan so‘ng u kishi bilan uchrashdik. Shifokor o‘g‘limni obdon tekshirib ko‘rdi. Baxtni qarangki, o‘sha paytda O‘zbekiston stomatologlari assotsiyasiasi raisi, tibbiyot fanlari doktori Adhamjon Hasanov shifoxonada bemorlarni ko‘rikdan o‘tkazayotgan ekan. Malakali jarroh o‘g‘limni ham tekshiruvdan o‘tkazdi va o‘zining kerakli maslahatlarini berdi. Shifokorning ko‘rsatmalari bilan o‘g‘lim Islomjonni har hafta tibbiy ko‘rikka olib kelib turdim. Bir yildan so‘ng farzandim operatsiya qilindi. Bir haftadan keyin jarrohlik iplari olingach, ne ko‘z bilan ko‘rayki, o‘g‘limning burni va yuzi asl holga kelgan edi. O‘sha ondagi xursandchiligimni sizga so‘z bilan ta’riflab berolmayman.
Fursatdan foydalanib, “Sog‘lom avlod” gazetasi orqali bu ikki mehridaryo shifokor – Adhamjon Hasanov va Muhiddin Ismoilovga o‘z minnatdorligimni bildiraman. Ilohim, yurtimizdagi barcha shifokorlarning qo‘llari dard ko‘rmasin! Ular doimo bemorlar dardiga malham bo‘lib yuraversinlar.”
Sanobarxon DO‘SMATOVA
yozib oldi.