QUYOSH OLMISH HARORATIN YUZINGIZDAN, USTOZLAR!
Mehr nuri yog'ar doim ko'zingizdan, ustozlar,
Yursam deyman shu tabarruk izingizdan, ustozlar.
Chin insonlik kitobiga baxtu hikmat bitibsiz,
Odob ila bilim oldim – so'zingizdan, ustozlar.
Qalbingizning yo'q g'ubori, mehribonsiz shunchalar,
Quyosh olmish haroratin yuzingizdan, ustozlar!
Qadrdon maktab. O'quvchilar bilan gavjum sinfxona. Qo'ng'iroqning jarangdor ovozi yangraydi… Chehrasida tabassum bilan muallima kirib keladi. Bolalar shoshib o'rinlaridan turadi:
– Assalomu alaykum!..
Dars boshlanadi. Shirinso'z muallima bolalarning beg'ubor qalbiga mehr urug'ini qadaydi. Dunyoni bola nigohi bilan ko'radi. Kichkintoylarning qo'lidan tutib daftarning oppoq varaqlariga «Ona» so'zini bitadilar…
Ona… Ona zamin… Ona Vatan! Shu ilk saboqdan kelajak poydevori bunyod etiladi. Har kun shu takror bo'ladi. Muallima o'quvchilarni kulib qarshilaydi, darsdan so'ng tabassum bilan kuzatadi. Uning uchun har bir bola bir dunyo, har bir saboq bir imtihon…
Bu tasvir, bu iliq xotiralar har bir inson qalbida muhrlangan. Yodga olasanu o'sha damlarning sog'inchi bilan yashaysan. Bilimga ishtiyoq uyg'otgan, hayotga yo'l ochgan muallimaga pichirlab minnatdorlik bildirasan. Shu ayonki, u bugun ham senga ta'lim berganidan zavqlanadi…
Shogirdlar kamolini ko'rish ustozning martabasi. Uning baxtu saodati ham shu. Bir shirin so'z, bir dasta gul uning qalbini charog'on etadi.
Bayramingiz muborak bo'lsin, aziz ustoz va murabbiylar!