“Yordamga muhtoj” virus: u haqida nimalarni bilamiz?
Hozirgi vaqtda virusli gepatitlarning (sariq kasalligi) A, V, S, D va Ye turlari chuqur o‘rganilgan. Kasallikning V, S va D turlari asosan parenteral, ya’ni qon va qon mahsulotlari orqali yuqadi. Bu viruslar orasida “D virusli gepatit” ayniqsa, muhim ahamiyatga egadir.
Ushbu kasallik “delta virusli gepatit” ham deb ataladi. D virusli gepatit asosan surunkali V virusli gepatit bilan kasallangan yoki uning tashuvchisi bo‘lgan bemorlarda ko-infeksiya (bir vaqtda V va D virusni yuqtirish) va superinfeksiya (V gepatit virusi bo‘lgan kishilarning D gepatit virusini yuqtirib olishi) ko‘rinishida kuzatiladi. Uning boshqa viruslardan farqli xususiyati shundaki u RNKga ega bo‘lib, uning o‘z qobig‘i mavjud emasligidir. Ushbu infeksiya V gepatit virusining qobig‘idan foydalanadi. Shuning uchun inson V gepatit virusi bo‘lmagan holda faqat D gepatit virusini yuqtirishi mumkin emas. U organizmga tushishi uchun u yordamchi virus sifatida V gepatit virusidan foydalanadi. Ya’ni, D gepatit virusi bemorga alohida yuqolmaydi va kasallik chaqira olmaydi. Shuning uchun ham bu virusni virus-satellit (yordamga muhtoj) virus deb yuritiladi. V virus aniqlangan bemorlar albatta, D gepatit virusiga ham tekshiruvdan o‘tishlari shart. Uning ikkinchi xususiyati tashqi muhit omillariga chidamliligidir. Qizdirish yoki muzlatish virusning faolligini kamaytira olmaydi.
Bu infeksiyaning yana bir xususiyati uning mutatsiyaga tez uchrab o‘zgarishi va kam miqdorda ham yuqori darajada yuqumli bo‘lishidir. Bugungi kunda virusologiyaning yutuqlaridan biri D gepatit virusining 1,2 va 3-genotiplari mavjudligi va ularning tarqalish arealini aniqlanganligidir. Uning 1-genotipi asosan Yevropa va Shimoliy Amerikada, 2-genotipi esa asosan Osiyo, Yaponiya va Tayvanda hamda 3-genotip virus Afrika va Janubiy Amerikada nisbatan ko‘p uchraydi. V gepatit virusining yuqish yo‘llari bilan uning ham yuqishi bir xildir. Ya’ni, mazkur virus ham V gepatit virusiga o‘xshab parenteral, jinsiy yo‘l va onadan bolaga (asosan tug‘ruq jarayonida) yuqishi mumkin. Teri butunligining buzilishi bilan kechadigan muolajalar (in’yeksiyalar, tatuaj, pirsing, manikyur, pedikyur va boshqalar) o‘tkazilganda bir marta qo‘llaniladigan yoki sterillangan buyumlar ishlatilmasa, nafaqat V va D gepatit virusining, balki qon orqali yuqadigan boshqa infeksiyalarning ham yuqish xavfi yuqori bo‘ladi. Shuningdek, V va D gepatit viruslari oziq-ovqatlar, idish-tovoqlar va havo-tomchi yo‘li (gaplashish, yo‘tal yoki aksa urish) orqali yuqmaydi. Qonida D gepatit virusi bo‘lgan kishilar kasallik manbai hisoblanadi. Bu kishilar V+D viruslarining tashuvchilari ekanligini ularning o‘zlari ham bilmaydi.
2001 yildan boshlab vatanimizda V gepatitga qarshi emlash tizimi amaliyotda qo‘llanilmoqda. Shuning uchun hozirgi vaqtda 18 yoshgacha bo‘lgan yoshlar orasida V va D virusli gepatit qayd etilmaydi. Bu bugungi kunda qo‘llanilayotgan vaksinaning yuqori darajada samarali ekanligini bildiradi. Bugungi kunda dunyo miqyosida 500 milliondan ziyod odam emlangan va birorta holatda jiddiy asorat kuzatilmagan. Organizmda vaksina ta’sirida hosil bo‘lgan antitanacha uzoq yillar davomida kasallik yuqishini oldini oladi. Virus organizmga tushgan holatda ham uni nobud qiladi.
D gepatit virusi qo‘shilganda ko‘p hollarda V gepatit kasalligining zo‘rayishi va og‘ir kechishi kuzatiladi. D virusli gepatitning inkubatsion (yashirin) davri 2 oydan 6 oygacha davom etishi mumkin. Kasallik klinik belgilar bilan namoyon bo‘lganda, bemorni tana haroratining ko‘tarilishi, ko‘ngil aynishi, qusish, o‘ng qovurg‘a ostida (jigar sohasi)da og‘riq bezovta qiladi. Viruslar qon orqali jigarga boradi va gepatotsitlar (jigar hujayralari)ni zararlaydi. Bemorning ko‘z sklerasi va terisi sarg‘ayadi. Peshobning rangi to‘q sariq tusda bo‘ladi. Unda intoksikatsiya (zaharlanish) belgilari kuzatiladi. Xastaning jigar va talog‘i kattalashadi. D gepatit virusi qo‘shilgan bemorlarda jigar sirrozining rivojlanish xavfi yuqori bo‘ladi. Kasallik o‘z vaqtida aniqlanib, davolash tadbirlari o‘tkazilmasa, bir necha yillardan keyin D gepatit virusini yuqtirgan kishilarda jigar sirrozi rivojlanishi mumkin. Bunda qorinda suv yig‘ilishi (assit) va oyoqlarda shish paydo bo‘lishi mumkin. Burun va milklarning qonab turishi, peshob ajralishining kamayishi kuzatiladi.
Jigar yetishmovchiligi, ushbu a’zoda fibroz to‘qimaning rivojlanishi, jigarning yog‘ qoplashi, qizilo‘ngach venalarining varikoz kengayishi, ensefalopatiya va koma holati D virusli gepatitning og‘ir kechadigan asoratlari hisoblanadi. Spirtli ichimliklar iste’mol qilish jigarning jarohatlanishini 100 baravargacha oshiradi. Qonda biokimyoviy tekshiruv o‘tkazilganda umumiy bilirubin va jigar fermentlaridan alaninaminotransferaza (AlAT) va aspartataminotransferaza (AsAT)ning oshishi kuzatiladi.
Kasallikka tashxis qo‘yishda laboratoriya tekshiruvi ko‘rsatkichlari muhim rol o‘ynaydi. Yuqorida sanab o‘tilgan biokimyoviy ko‘rsatkichlar me’yorda bo‘lgan taqdirda ham qonda D gepatit virusiga qarshi antitana yoki zamonaviy molekulyar-genetik tekshiruv usulllaridan biri hisoblangan polimeraza zanjir reaksiyasi (PZR) yordamida virusning aniqlanishi kasallikka tashxis qo‘yish uchun asos bo‘la oladi. Ultratovush tekshiruvi orqali jigar, taloq, o‘t pufagi va me’da osti bezining tuzilishi va morfologiyasi o‘rganiladi. Ayrim hollarda tashxisni tasdiqlash uchun jigar biopsiya qilinadi.
Hozirgi kunda ushbu xastalikka qarshi davo muolajalari o‘tkazilganda yuqori samarali virusga qarshi spetsifik maxsus dori vositalari ishlab chiqilmoqda va klinik sinovdan o‘tkazilmoqda.
Delta gepatit haqida ma’lumotlar ilmiy adabiyotda dastlab 1977 yilda paydo bo‘ldi. U jigar komasi bilan yotgan V gepatit bilan kasallangan bemorning qonida aniqlangan va ushbu gepatitning yadrodagi antigeni sifatida qayd etilgan. Ammo uni mutaxassislar alohida virus deb hisoblashmagan. 1993 yilda viruslarning taksonomiyasi bo‘yicha Xalqaro qo‘mita tomonidan ushbu infeksiya alohida virus sifatida ro‘yxatga olindi. JSSTning ma’lumotlariga ko‘ra hozirgi kunda dunyo miqyosida D gepatit virusini yuqtirgan va ro‘yxatga olingan bemorlar soni 15million nafardan oshdi.
Allabergan BAYJANOV,
Samarqand viloyat yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasining bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori,
Ibodullo KARIMOV,
gepatologiya bo‘limi boshlig‘i