Bolaning begonasi bo‘lmaydi, ammo o‘z farzandimiz begonalashsa-chi?
Joriy yil 20 sentyabr. Soat tonggi 04: 25lar chamasi. Chilonzor tuman Ichki ishlar bo‘limining navbatchilik qismiga qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Murojaatga ko‘ra poytaxtimizning Chilonzor ko‘chasi, 85-uyda joylashgan go‘zallik saloni qarshisida davlat raqami 01 N 006214 bo‘lgan “Kaptiva” rusumli avtomashinaning old eshigi oynasi noma’lum jism yordamida sindirilib, salon ichidagi viza kartalar, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar, hamda 1 million 500 ming so‘m, 500 AQSH dollari va 600 turk lirasi o‘g‘irlab ketildi.
Surishtiruvlar natijasida mazkur jinoyat Toshkent shahar, Yakkasaroy tumanidagi 160-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi, 2002 yilda tug‘ilgan Olim Olimov tomonidan sodir etilgani ma’lum bo‘ldi. Soha xodimlari tomonidan huquqbuzar ushlanib, unga tegishli chora ko‘rildi…
Chilonzor tuman Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi tomonidan taqdim etilgan ushbu ma’lumot voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning bir ko‘rinishi, xolos. Afsuski, bunday misollarni hayotimizda ko‘plab keltirish mumkin. Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi. Xo‘sh, yoshlar tomonidan sodir etilayotgan qonunbuzarliklarga nima sabab bo‘lmoqda?
Farzandingiz hozir qayerda va kimlar bilan?
O‘tgan asrda AQSHda voyaga yetmagan yoshlarning uydan qochib ketish holatlari tez-tez qayd etilgan. Asosan oilasida zulm ko‘rgan, ota-ona janjalidan bezor bo‘lgan bolalar uyni tark etishgan. O‘sha vaqtda kattalar bu vaziyatni demokratlashuv deya ataydi va farzandlarini e’tiborsiz o‘z holiga tashlab qo‘yadi. Natijada yoshlar ko‘cha hayotiga moslasha boshlaydi. Ular maktab va kollejga bormasdan kun davomida mayda bezoriliklar bilan shug‘ullanadi. Natijada bunday bezori bolalarning safi kundan kunga kengayib boradi. Ular ko‘priklar ostini makon qiladi va o‘zlarini “Baxtlilar” (Happy) deb atashadi. Mayda bezoriliklardan zerikkan yoshlar asta-sekin yirik jinoyatlarga ham qo‘l urishadi.
Yevropa yoshlari orasida ommalashgan “Halloween” o‘yini ham aynan ko‘prik ostida yashovchi “baxtlilar” tomonidan o‘ylab topilgan. Avvaliga kun ko‘rish uchun jinoyat yo‘liga kirgan yoshlar endi ko‘ngilxushlik uchun odamlarni qo‘rquvga sola boshlaydi. Vahimali tasvirlar aks etgan niqoblarni yasab, qovoq niqobida raqs tushishadi. Sho‘xliklar chegaradan oshgach, bezorilarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilgan. Bu paytda ular kabi “baxtlilar” Yevropa bo‘ylab keng tarqalib ulgurgandi.
Bu yoshlarni bejiz misol keltirmadik. Aytmoqchimizki, o‘sha “baxtlilar” ham dastlab oddiy oila farzandlari bo‘lgan. Ota-onalarning bolalari taqdiriga e’tiborsizligi ularni shu ko‘yga solgan.
Keyingi vaqtlar yoshlarimizning kiyinish madaniyati, ularning yurish-turishi, axloq-odobi haqida ommaviy axborot vositalari orqali ko‘p va xo‘p gapirilmoqda, turli radio va tele dasturlar efirga uzatilmoqda. Afsuski, bu qilinayotgan sa’y-harakatlarga qaramay, aksariyat ota-onalar farzandlari taqdiri, ularning qiziqishlari, intilishlari, qolaversa, dilbandini qiynayotgan tashvishlarga befarq munosabatda bo‘lmoqda. Ana shu loqaydlik va nazoratsizlik alaloqibat boladagi ijtimoiy muhitning yomonlashuviga olib keladi. Avvaliga kiyinish borasida G‘arb yoshlariga taqlid qilganlar endi ularning mustaqil yashash tarzini ham o‘zlashtiradi. Qolaversa, ro‘zg‘or tashvishlari sabab bola tarbiyasi ikkinchi o‘ringa tushib qolgani ham ularni oiladan uzoqlashishga, ko‘ngli tusagandek yashashga undaydi.
– Bola tetapoya qilishni boshlagandan so‘ng uning ijtimoiy hayotga moslashuvi jadallik bilan rivojlanadi, – deydi psixolog Durdona Sayfullayeva. – Ayrim ota-onalar farzandim mustaqil fikrlashga o‘rgansin deya, uning “qo‘lini qo‘yib yuboradi”. Natijada bola boshqa uzatilgan qo‘llarni tutadi. Biz o‘tish davri deb ataydigan o‘smirlik paytida ozgina nazoratsizlik ham bolada yot mentalitetga qiziqishni orttiradi. U do‘stlarini lol qoldirishni, atrofdagilarga o‘zgacha ekanini isbotlashni istaydi. O‘g‘il bolalar “zo‘ravon” qiyofada yurishga intilsa, qizlar katta yoshli ayollardek pardozlanishni xohlaydi. Yaqinda ichki ishlar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan reydlarning birida tungi klubdagi “Shou-balet” qizlarini nazorat xonasiga olib kelishdi. Psixolog sifatida menga ular bilan ishlash vazifasi topshirildi. Dastlab qarshimda turgan qizlarni 25-26 yoshlar atrofida bo‘lsa kerak, deya taxmin qilgandim. Lekin ular bilan suhbatlashgach, qizlar o‘smir yoshida ekanini bilib, lol qoldim. So‘ng rus va o‘zbek millatiga mansub bu qizlarning ota-onalari bilan ham suhbatlashdim. Shunda muammo aslida oila kattalarida ekanini tushundim. Ular farzandlari uchun “demokratik” jamiyat yaratmoqchi ekanini hech ikkilanmay aytishdi. Nahotki, qizlarimizning behayo kiyinishi, kechalari klublarda nazoratsiz yurishi demokratiya bo‘lsa?! Shu sabab men maktab psixologi sifatida o‘quvchilar va ularning ota-onalari bilan muntazam suhbatlar o‘tkazaman. Unutmang, kerakli nazorat ostida ulg‘aygan farzandgina yot mentalitetni o‘ziga ep bilmaydi!
Darhaqiqat, nazoratsiz qolgan bola ochiq sandiq kabidir. Uning ichidagi ziynatlarni atrofdagilar o‘g‘irlashga urinadi va o‘rniga ziyon keltiruvchi narsalarni berkitishga harakat qiladi.
Yaqinda poytaxtimizdagi bozorlarning birida aylanib yursam, odamlar orasida shovqin ko‘tarildi. Borib qarasam, bozor noziri bir yosh yigitning qo‘lidan tutib, uni xonasi tomon tortqilardi. Yonimdagi ayoldan nima bo‘lganini so‘rasam, “Keksa kampirning sumkasidan pul o‘g‘irlabdi”, deya javob berdi. Ko‘rinishidan 13-14 yoshlar atrofidagi bu bola ham o‘z-o‘zidan o‘g‘ri bo‘lib qolmagan. Shu ishga qo‘l urguniga qadar uning boshidan ko‘p “issiq-sovuq” o‘tgani aniq. Qolaversa, shu kuni bozor aylanib, maktab yoshidagi bolalar ayni o‘qish paytida savdogarlik qilayotganiga guvoh bo‘ldim. Xo‘sh, nega o‘quvchi dars vaqtida sinfda emas? Bunga esa o‘qituvchilar ham, ota-onalar ham beparvo.
– Men nazorat qilayotgan tumandagi mavjud 32 ta maktabda 43 ming 759 nafar o‘quvchi ta’lim oladi. Biz yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olishga intilamiz, – deydi Chilonzor tuman IIO HPB MPT inspektori kapitan Abay Dosmuhamedov. – Ammo bunda bizlarga oila kattalari, qolaversa, ustozlarning yordami juda zarur. Biz qonunbuzarlik bo‘lgan joyga yetib boramiz, sababni o‘rganib, bezori bilan tushuntirish ishlarini olib boramiz. Bu haqida ota-onasiga xabar beramiz. Lekin bu bilan muammo hal bo‘lib qolmaydi. Aslida oilalardagi nosog‘lom muhitni yaxshilash, ota-onalarning ma’naviyatini yuksaltirish lozim. Qolaversa, bugun ta’lim maskanlaridagi ayrim o‘qituvchilar “gap tegmasin” deya o‘quvchilar davomatini asossiz to‘liq yozishayotganiga guvoh bo‘lamiz. Bu bilan ular mas’uliyatdan qochadi. Natijada darsda bo‘lmagan bolaning qing‘ir ishlar bilan mashg‘ul ekanligidan jinoyat sodir bo‘lgandagina xabar topamiz. Lekin unda juda kech bo‘ladi.
Darhaqiqat, farzandning sog‘lom va barkamol ulg‘ayishi uchun hamjihatlikda ishlash juda muhim. Ana shundagina o‘sib kelayotgan yosh avlod yurtimiz kelajagi, uning ertasi uchun xizmat qiladigan yetuk insonlar bo‘lib kamolga yetadi.
Ma’lumot o‘rnida
Joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyi davomida Toshkent shahrida voyaga yetmaganlar tomonidan 56 ta jinoyat sodir etilgan. O‘tgan yili bu raqam 132 tani tashkil etgan.
Dildora FAYZIYEVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri