Bunyodkorlik – har bir tadbirkorning asl maqsadi
…1963 yilning ayni yoz faslida Xorazm viloyatining Yangibozor tumanida istiqomat qiluvchi Bozorboy aka va Shukurjon ona oilasida farzand dunyoga keldi. Murg‘ak vujud o‘sib-ulg‘ayib, kelgusida yurtni himoya qiladigan mard va jasur o‘g‘lon bo‘lsin, deya unga Bahodir deb ism qo‘yishdi.
Bozorboy aka qishloqdagi qurilish ishlarida, mahallada bo‘ladigan hasharlarda faol ishtirok etardi. O‘sha paytlarda kichik Bahodir otasining qo‘lidan tutib, yangi bunyod etilayotgan binolarni katta qiziqish bilan tomosha qilar va bu intilish uning kelajak orzulariga poydevor bo‘lgan edi. Qisqasi, yosh bolakay qalbida qurilish sohasiga mehr bolalikdan shakllandi…
Oradan yillar o‘tib, Bahodir aka ota kasbini tanladi. Oilada farzand ko‘pligi va moddiy sabablarga ko‘ra qahramonimiz oliy o‘quv yurtida tahsil olmadi. Lekin bu uning orzulariga soya solmadi. U maqsadi yo‘lida tajribali quruvchilar bilan hamkorlikda mehnat qildi, tinmay o‘z ustida izlandi. Ularning malakasini o‘zlashtirdi. Keyinchalik shogird sifatida barcha o‘rganganlarini amalda tatbiq etish maqsadida o‘zi mustaqil ish boshladi. Dastlab kichik korxona tashkil etib, sifatli qurilish mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Bu orqali qishlog‘idagi ko‘plab yoshlarni ish bilan ta’minladi. “Duo bilan el ko‘karar” deganlaridek, tadbirkorning ishidan baraka arimadi. O‘z o‘g‘il-qizlari qatorida kam ta’minlangan mahalladoshlarining ham farzandlarini oliy o‘quv yurtlarida o‘qitdi. To‘lov shartnomalarini to‘lab, mutaxassis darajasiga yetguniga qadar ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatladi. Shu sabab bo‘lsa kerak yaqinlari Bahodir akaning nomini hurmat bilan tilga olishadi. Bu insonga o‘xshashga intiladi.
– Ustozim Bahodir Hayitboyevning nafaqat ish uslubi, balki ochiq ko‘ngilligi, xushmuomalaligini ham o‘zlashtirishga harakat qilaman, – deydi shogirdi Vohidjon Zavqiyev. – U kishidagi vazminlik va mulohazalikka havasim keladi. Hech bir muammoni qiziqqonlik bilan hal etmaydi. Nazarimda ustozim erishgan muvaffaqiyatlar siri ham shunda. U kishi tadbir bilan uzoqni o‘ylab reja tuzadi. Qolaversa, oilasidagi mehr-oqibatga ham havas qilamiz. Kelajakda ustozimdek yaxshi inson bo‘lishni maqsad qilganman.
Bahodir aka turmush o‘rtog‘i Ra’noxon opa bilan bir-biridan mehnatkash, mehribon farzandlarni tarbiyalab, voyaga yetkazdi. To‘ng‘ich farzandi Sardorbek ota kasbini tanlab, unga yelkadosh bo‘ldi. Katta qizi Nilufar tibbiyot yo‘nalishida, kichik qizi Gulasal esa yetuk sharqshunos bo‘lish maqsadida tahsil olmoqda. Bir so‘z bilan aytganda bu oiladagi barcha insonlar ilm olish va odamlarga yaxshilik ulashishni hayotining mazmuni deb biladi.
Ayni paytda qahramonimiz “Binokor qurilish ta’minoti”korxonasi rahbari sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Bugun yurtimizda qad rostlayotgan ko‘plab imoratlarga Bahodir Hayitboyevning mehnati singgan.
Biz tadbirkorning kelgusi ishlariga omad va zafarlar tilaymiz.
Oygul RAZZOQOVA