Oqilona ovqatlanish darddan forig‘ etadi

Ba’zi bemorlar me’da va o‘n ikki barmoqli ichak yarasi xastaligiga unchalik e’tibor qilmay, «o‘zi o‘tib ketadi», deb, ishonadilar. Natijada ko‘plab darmondorilarga boy bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari va quvvatbaxsh taomlarni iste’mol qila olmaydilar.

Oqibatda bir kasallik boshqasini yetaklab keladi: ozib ketish, saraton, yarasining teshilishi, kamqonlik. To‘yib ovqatlanmaslik natijasida organizmda moddalar almashinuv jarayonining buzilishi kuzatiladi. Bu kasallik fasllar almashinuvida, xususan, bahor va kuz kelishi bilan yana qo‘zg‘aydi.

Ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklari ichida keng tarqalgani yara kasalligidir. U ilgari o‘rta yoshdagi kishilarda ko‘proq uchrar edi. Lekin bu kasallik ham boshqalari kabi «yosharib» bormoqda. Sir emaski, ko‘plab yoshlarimiz yo‘l-yo‘lakay «xot dog», gamburger kabi tez tayyor bo‘luvchi taomlarni yeb, sog‘liq uchun zararli bo‘lgan turli gazlangan ichimliklarni iste’mol qiladilar. Tushlikda esa issiq taomlarni xotirjam yemaydilar. Shu sabablarga ko‘ra avvaliga gastrit (me’da shilliq qavatining yallig‘lanishi) davolanmagan gastritdan esa yara paydo bo‘ladi. Odam och qolganida me’dadan chiqayotgan shira parchalashi lozim bo‘lgan ovqatga tushmagach, undagi shilliq qavatni parchalay boshlaydi. Bu hol surunkali ravishda takrorlansa me’da shirasi oxiri ichakni yoki me’dani teshadi. Me’da yoki ichakning shilliq pardasi yallig‘lansa unga muntazam ravishda tushayotgan shira tufayli yara hosil bo‘ladi.

Odatda me’da yarasi 0,5 sm.dan 1 sm.gacha va undan ham katta, 12 barmoqli ichakdagi yara 0,7 sm va 1,5-2,0 sm. dan katta bo‘ladi. Shuningdek, me’da shilliq qavatining yuza yarasi – 0,5 sm. gacha, chuqur joylashgan yarasi esa 0,5 sm. dan oshadi.

Yara kasalligi – ovqat hazm qilish tizimi gastroduodenal qismining surunkali kasalligi hisoblanib, me’da va o‘n ikki barmoqli ichakda hosil bo‘lgan yaralar bilan xarakterlanadi.

Og‘riq – me’da va o‘n ikki barmoqli ichak yarasi kasalligining asosiy belgisidir. Me’da yaralari bilan bog‘liq og‘riq ovqatlangandan so‘ng 30-60 daqiqa o‘tgach paydo bo‘ladi. Bunday og‘riqlar uch xil bo‘ladi: kechki, ochlikda paydo bo‘ladigan va tungi og‘riqlar. Og‘riqlar to‘mtoq, simillovchi, o‘yuvchi yoki to‘lg‘oqsimon bo‘lishi mumkin. Asosan og‘riq ovqat tanovvul qilgandan so‘ng, antatsid dorilar qabul qilganidan keyin yoki qayt qilgandan so‘ng to‘xtaydi.

Yana o‘qing:  YOZNING YORQIN RANGLARI

Rivojlangan mamlakatlarda aholining 6-10 foizi yara kasalligi bilan og‘riydi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, erkaklarda ayollarga nisbatan yara kasalligi ko‘proq uchraydi. Yoshlarda ko‘proq o‘n ikki barmoqli ichak yarasi kasalligi, o‘rta yoshli bemorlarda esa me’daning yara kasalligi ko‘proq kuzatiladi. Shahar aholisi qishloq aholisiga nisbatan ko‘proq kasallanadi. Bunga tushlikni vaqtida yemaslik yoki umuman kunduzlari ovqatlanmaslik, qolaversa, bir martada ikki-uch hissa ovqatni birdaniga yeyish, stress (ruhiy zo‘riqish)lar va shu kabilar sabab bo‘ladi. Yara kasalligining rivojlanishida irsiy moyillik ham muhim ahamiyatga ega. Uning kelib chiqishida quyidagi sabablarni ko‘rsatish mumkin:

– NR (xeliko bakteriya) infeksiyasining ta’siri. O‘n ikki barmoqli ichak yara kasalligining rivojlanishi yuz foiz shu virusning organizmga tushishiga bog‘liq.

– kuchli yoki doimiy ruhiy zo‘riqishlar;

– alimentar (ovqat bilan bog‘liq) omil;

– spirtli ichimliklar va kofeni ko‘p iste’mol qilish, chekish. (Kofe ichish zaruriyati tug‘ilganida, albatta sut bilan ichish zarur). Chekuvchi insonlarda boshqalarga nisbatan yara kasalligi ikki barobar ko‘p uchrashi aniqlangan;

– Dorilarning nojo‘ya ta’siri (aspirin, indometatsin, rezerpin kabilar);

– Yara kasalligining rivojlanishiga omil bo‘luvchi ba’zi surunkali kasalliklar: surunkali obstruktiv bronxit, bronxial astma, o‘pka emfizemasi, jigar sirrozi, me’da osti bezi xastaliklari.

Xastalikning klinik belgilari:

Og‘riq ba’zan to‘sh ostidan yurak sohasiga yoki kurak sohasiga o‘tadi, bemorning jig‘ildoni qaynaydi, u kekiradi, yegan ovqatining tarkibiga ko‘ra ko‘ngli ayniydi va ba’zan qayt qilish hollari ham kuzatiladi. Bunda qonli ajralmalar ham uchraydi.

Yaralar o‘n ikki barmoqli ichakda ham paydo bo‘ladi. Bu xastalik ko‘pincha 40 yoshga yetmagan erkaklarda kuzatiladi. Og‘riq och qoringa va tunda kuzatiladi.

Agar bu kasallik davolanmasa bir necha yildan so‘ng me’da yarasiga, hatto saraton kasalligiga olib kelishi mumkin.

Me’da va o‘n ikki barmoqli ichak yaralariga taxmin qilinganida bemor qonining umumiy tahlili, me’daning sekretor faoliyati, bazal va maksimal kislota ishlab chiqarilishi (kimyoviy biopsiya), xastaning axlati esa yashirin qon ketishga tekshiriladi va albatta endoskopik tekshiruvdan o‘tkaziladi. Bemor qon aralash qayt qilishi, axlatining rangi qora­yishi va qon yo‘qotishi oqibatida holsizlanishi kuzatiladi.

Bunday noxushliklarning oldini olish uchun bemorlar:

Yana o‘qing:  Parhez taomlar dasturxoni

– parhez taomlarni iste’mol qilishi va taomlarda achchiq ziravorlardan aslo foydalanmasliklari shart;

– shifokor tavsiyasiga ko‘ra tegishli kimyo­viy dorilar bilan davolanish zarur;

– fitoterapiya asosida dorivor giyohlar damlamalarini ichish kerak;

– mineral suvlarni me’da shirasi yuqori bo‘lganida ovqatdan 20 daqiqa avval ichish darkor.

Shuningdek, kasallik xuruji davrida ruhiy va jismoniy tinchlik, 7-10 kun davomida yarim yotoq tartibi buyuriladi.

Xalqimiz qadimdan taomning issiq va sovuq mijozga ega ekaniga ahamiyat bergan. Bemorning ovqatlanish tartibida ham ov­qat mijozini, ham bemorning shaxsiy mijozini ko‘zda tutish ijobiy natijalarni beradi. Aytaylik, bemor sovuq mijoz bo‘lsa, unga doimiy ravishda sovuq mijoz taomlar buyurish yaramaydi. Uning organizmi sovuq mijoz bo‘la turib, yana sovuq mijoz ovqatni qabul qilmaydi. Buning natijasida ham bemor qayt qilishi mumkin. Unga issiq mijoz ovqat tayyorlab berish zarur. Masalan, milliy taomimiz – palovni olaylik. Bu taom ham qovuriladi, ham qaynatiladi, ham damlanadi. Natijada undagi sabzi avvalda sovuqlik holatida bo‘lsa, qovurilganidan keyin issiq mijoz bo‘ladi. Bilamizki, palovning turlari ko‘p. Shular sirasiga parhez palov ham kiradi. Bunday palovning guruchi, albatta, 20 daqiqa ivitib qo‘yiladi. Oshning sabzisi esa mo‘l bo‘lishi kerak. Albatta bunday palov masalliqlari ozroq qovuriladi. U kungaboqar yog‘ida yoki imkon qadar dog‘ bo‘lgan saryog‘da tayyorlanadi. Aslo paxta yog‘idan foydalanmaslik lozim. Aks holda bemorning jig‘ildoni qaynaydi.

Me’da va o‘n ikki barmoqli ichak yaralari xuruji davrida albatta sutli bo‘tqalar, dimlab pishirilgan meva va sabzavotlar, dimlangan boshqa parhez taomlarni iste’mol qilish zarur.

Me’da yoki 12 barmoqli ichakda yarasi bor, qolaversa, me’da osti bezi og‘rigan bemorlar o‘zlari bilan doimo birorta yengil hazm bo‘ladigan yegulik olib yurganlari ma’qul. Bemorlar quyidagi tavsiyalarga amal qilsalar maqsadga muvofiq bo‘lar edi:

– Nonushtaga qadar va uyqudan oldin tuxum ilitib yutish;

– har ikki-uch soatda par­hezli yeguliklardan iste’mol qilish;

– muzlatgichda asrash imkoni bo‘lsa, pishloqli yoki yaxna go‘shtli buterbrodlar tayyorlab qo‘yish (lekin mayonez, ketchup, piyoz, pomidor, qalampir, sarimsoqpiyoz solmaslik kerak);

– buning imkoni bo‘lmasa, konfet yoki bir-ikki dona pechenye yeb, suyuqlik ichish;

Yana o‘qing:  «Doktor, tizzamda tuz bormi?»

– bir piyola shirin choy ichish;

– buning ham imkoni bo‘lmasa, me’da shirasi quvvatini kamaytirish uchun ikki stakan (imkon bo‘lsa iliq qaynagan) suv ichish;

– me’da shirasi kislotasi yuqori bo‘lganida, albatta, laboratoriya tekshiruvidan so‘ng va shifokor maslahati bilan tyubaj qilish kerak. Yuqorida keltirilgan maslahatlar sizni yarim soat, bir soat davomida me’da og‘rig‘i muammosidan xalos qilishga yordam beradi.

Xulosa qilib aytganda, to‘sh sohasi, me’da, kurak sohalarida og‘riq paydo bo‘lsa, jig‘ildon qaynasa, ishtaha bo‘lmay, ovqatdan ko‘ngil aynayversa, bilingki, me’da yoki o‘n ikki barmoq ichak sohasida jiddiy muammo mavjud. Siz tez orada shifokor qabuliga borishingiz zarur. Profilaktika maqsadida vaqti-vaqti bilan tibbiy ko‘riklardan o‘tish xastalikka chalinish va kasalliklarni surunkali turga aylanishining oldini oladi.

Shohista ABDURAHIMOVA,

2-Respublika tibbiyot kolleji o‘qituvchisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: