Yurtimizda Hindistondagi xususiy klinikalarning filiallari ochiladi
Sir emas, fuqarolarimiz ayrim kasalliklarini davolatish uchun va murakkab operatsiyalarga ehtiyojlari sababli chet el klinikalariga murojaat qilishga majbur bo‘lmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra har yili taxminan 25-30 ming nafarga yaqin yurtdoshimiz Hindistonda davolanish uchun bormoqda. Bu holatni inobatga olgan holda mamlakatimizga hindistonlik yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilayotgani yaxshi samara bermoqda.
Hindistondagi “Medanta” klinikasi xorijda ham ma’lum va mashhur. Bu yerda travmatologiya, kardiologiya, onkologik sohasiga doir kasalliklar davolanadi. Klinikada yurak jarrohligi, turli a’zolar transplantatsiyasi o‘tkaziladi. Bosh miya jarrohligida esa ilg‘or innovatsion usullar qo‘llaniladi. AQSH va Singapurda ham o‘z filialiga ega ushbu klinikaga har yili minglab bemor murojaat qiladi. Mazkur muassasaning ilg‘or yutuqlari va yurtdoshlarimizning talab va ehtiyojini inobatga olgan holda uning O‘zbekistonda filialini ochish rejalashtirilgan. Yangi loyihaga 15 million AQSH dollari miqdorida investitsiya jalb qilinishi ko‘zda tutilgan.
Mamlakatlarimiz o‘rtasida tibbiyot sohasidagi hamkorlikning yangi bosqichda yo‘lga qo‘yilishi va bu boradagi ishlar samaradorligining oshishi, avvalo, xalqimiz sog‘lig‘ini saqlashga, xalqlarimiz o‘rtasida do‘stona munosabatlar yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.