Tibbiyotda sustkashlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi
Yurtimizda aholi salomatligini mustahkamlash va ishonchli muhofaza qilish, jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk farzandlarni voyaga yetkazish borasida bir qator islohotlar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan bu borada belgilab berilgan ustuvor yo‘nalish va vazifalardan kelib chiqqan holda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan joriy yil 12-23 sentyabr kunlari Navoiy va Buxoro viloyatlari tuman va shaharlarida navbatdagi o‘rganishlar o‘tkazildi.
Xususan, Navoiy viloyatida 65 ta mahalla fuqarolar yig‘inida aholi bilan uchrashuvlar tashkil etilib, sog‘liqni saqlash masalasi bo‘yicha fuqarolarning jami 387 ta murojaati ko‘rib chiqildi. Viloyat ahli bilan o‘tkazilgan bevosita muloqot va uchrashuvlarda hal etilishi lozim bo‘lgan qator masalalar mavjudligi aniqlandi. Jumladan, viloyat tibbiyot muassasalarida 15 sentyabr holatiga ko‘ra jami 202 nafar oliy ma’lumotli tibbiyot xodimlariga ehtiyoj mavjud (umumiy amaliyot shifokorlariga ehtiyoj – 64 nafar, tor soha mutaxassislariga ehtiyoj 138 nafar).
Tor soha mutaxassislariga bo‘lgan vakant ish o‘rinlari asosan akusherlik va ginekologiya (27 ta), umumiy pediatriya (24 ta), anesteziologiya va reanimatologiya (14 ta) va neonatologiya (12 ta) mutaxasisliklari hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu mutaxassisliklarni Sog‘liqni saqlash vazirligining qayta tayyorlash kurslarida amalga oshirish ko‘zda tutilmagan bo‘lib, faqatgina tibbiyot oliygohlarini va respublika tibbiyot markazlarining klinik ordinatura va magistratura bosqichini tamomlagan mutaxassislar ishlashi mumkin.
Viloyatda aholiga birlamchi tibbiy sanitariya yordamini ko‘rsatish borasidagi asosiy muammo bu Navoiy va Zarafshon shaharlarida ko‘p tarmoqli markaziy shifoxona mavjud emasligi bilan bog‘liq. Ushbu hududlarda order oladiganlar toifasiga kirmaydigan bemorlarning yotib davolanishini ta’minlashning imkoni yo‘qligi bois, ularga faqatgina OP yoki QVPlarda tashkil qilingan kunduzgi statsionarlarda davolanish tavsiya etilgan. Vaholanki, ushbu hududlarda tuman tibbiyot birlashmasi tasarrufida shifoxona mavjud bo‘lmagani tufayli bemorlar tibbiy xizmatlardan to‘laqonli foydalanish imkoniga ega emas.
Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 2 mart kuni o‘tkazilgan yig‘ilish bayoniga ko‘ra Navoiy shahridagi tibbiyot kolleji yotoqxonasi negizida Navoiy shahar shifoxonasini tashkil etish belgilangan. Bugungi kunda ushbu bino ta’mirlanmoqda. Biroq, bu yerda ko‘p tarmoqli markaziy shifoxonaning to‘laqonli faoliyat yuritishi uchun sharoit yetarli emas. Hisob-kitoblarga ko‘ra, u yerda 50 o‘rinli terapiya va 20 o‘rinli rejali jarrohlik bo‘limlarini tashkil qilish mumkin, xolos. Qolgan bo‘limlar (qabul, tug‘uruq, bolalar va boshqa bo‘limlar) faoliyat ko‘rsatishi uchun bino quvvati yetmaydi.
Shuningdek, qo‘mita a’zolari Buxoro viloyatida ham 128 ta mahalla fuqarolar yig‘inida aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazib, sog‘liqni saqlash masalasi bo‘yicha fuqarolarning jami 465 ta murojaatini ko‘rib chiqdi.
Mazkur viloyatda ham aholi bilan o‘tkazilgan bevosita muloqot va uchrashuvlarda aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha hal etilishi lozim bo‘lgan qator masalalar mavjudligi aniqlandi. Masalan, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimining tez tibbiy yordam bilan integratsiyasi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa-da, o‘rganilgan tuman va shahar tibbiyot birlashmalarining markaziy poliklinika, shahar va qishloq oilaviy poliklinikalariga tez tibbiy yordam xizmati uchun chaqiriqlar haqidagi ma’lumotlar to‘liq yetkazib berilmagan. Yetkazilgan chaqiriqlarga esa, shifokorlar tomonidan faol qatnovlar to‘liq amalga oshirilmagan.
O‘rganish yakuniga ko‘ra joylarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddilarga aniq vazifalar yuklatildi. Ushbu vazifalar ijrosi to‘liq nazoratga olindi.
Xurshida TOLIPOVA