Maktabgacha ta’lim va islohot: yutuqlar tarozining qaysi pallasida
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etilganiga bir yil to‘ldi. Quvonarlisi, o‘tgan qisqa davr mobaynida vazirlik tomonidan ko‘plab ijobiy sa’y-harakatlar amalga oshirildi. Prezidentimizning “Davlat idoralari xalq uchun xizmat qiladi” degan so‘zlarining tasdig‘ini aynan mazkur tuzilma faoliyati misolida ko‘rish mumkin.
Eng avvalo, tizimda ota-onalarga qulaylik yaratish maqsadida kichkintoylarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga navbatga qo‘yish va yo‘llanma berish hududiy Davlat xizmatlari markazi yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi. Bu bilan ko‘plab tushunmovchilik va ovoragarchiliklarning oldi olinib, aholiga qator qulayliklar yaratildi. Endilikda ota-onalar ushbu xizmatlar orqali dilbandini bog‘chaga tez va oson navbatga qo‘yishi mumkin.
Bola o‘z tengdoshlari bilan o‘zlariga tegishli kichik bir jamiyatda ulg‘ayadi. Undagi sog‘lom muhit qaysidir ma’noda kichkintoyning ertangi kunini belgilab beradi. Shu bois, maktabgacha ta’lim tizimini isloh etish, sohaga yangi va zamonaviy ish uslublarini joriy etish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, pedagog kadrlar malakasini oshirish masalasi davlat siyosatining ustuvor vazifasiga aylangan.
Ayni paytda MTMlarda jami 67 673 nafar pedagog faoliyat ko‘rsatib, ulardan 17 201 nafari, ya’ni 25 foizi oliy ma’lumotli kadrlardir. Shuningdek, 2018 yilning shu davriga qadar oliy ta’lim muassasalarining pedagogika yo‘nalishini bitirgan mutaxassislar uchun tashkil etilgan 4 oylik qayta tayyorlov kurslarida MTM tarbiyachisi yo‘nalishi bo‘yicha 8159 nafar pedagog qayta o‘qitildi.
– Men 28 yil maktabda o‘quvchilarga matematika fanidan saboq berdim. Hozir nafaqadaman. Yaqinda vazirlik qoshida ochilgan qayta tayyorlov kursini tamomladim. Nasib bo‘lsa, xususiy bog‘cha tashkil etmoqchiman. Tayyorlov kursi sohadagi bilimlarimni yanada mustahkamlashga yordam berdi, – deydi jizzaxlik Gulnora Rajabova.
Endi masalaning yana bir jihatiga ahamiyat qaratsak. Tan olib aytish kerak, bugun yurtimizda bolalar bog‘chalari yetishmasligi muammosi bor. Quvonarlisi, “Obod qishloq” davlat dasturi Maktabgacha ta’lim vazirligi faoliyatini yanada rivojlantirishga ko‘mak bo‘ldi. Jumladan, joriy yilda jami 231 ta MFY (QFY)lardagi 264 ta maktabgacha ta’lim muassasalarida qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish maqsadida 350 mlrd. 9 mln. so‘m mablag‘ ajratildi. Natijada maktabgacha ta’lim muassasalarining soni 5170 tadan 6154 taga ko‘paydi. Bolalarni qamrab olish darajasi 3,7 foizga ortdi. Ammo bu bilan muammoga to‘la yechim topilgani yo‘q. Xizmat safari bilan mamlakatimizning chekka hududlarida safarda bo‘lganimizda u joylarda MTM mavjud emasligiga guvoh bo‘lamiz. Hatto, poytaxtga yaqin bo‘lgan Toshkent viloyatining ayrim qishloqlarida ham bog‘cha mavjud emas. O‘ylaymizki, kelajakda bu kabi muammolar butunlay bartaraf etiladi.
Shu o‘rinda raqamlarga murojaat qilsak. Bu kunga qadar tizimda faoliyat olib borayotgan 58 400 nafar pedagogning atigi 15 foizi oliy ma’lumotli bo‘lgan. Buning sababi maktabgacha ta’lim muassasalarida yaxshi ish haqi to‘lanmagan. O‘tgan 27 yil davomida MTM xodimlarining tarif stavkasi biror marta oshirilmagan. E’tiborlisi, shu yilning sentyabridan oliy ma’lumotga ega pedagoglar uchun bazaviy tarif stavkalari 30 foizga oshirildi.
Shuningdek, tizimning oziq-ovqat ta’minotida ham muammolar talaygina. Ularning sifat darajasi esa qoniqarli emas. Aksariyat ota-onalar taomnomada belgilangan yeguliklarni farzandlariga berilmayotganidan tez-tez norozi bo‘lishadi. Mazkur muammoni bartaraf etish uchun bugungi kunda BOLALAR BOG‘CHASIni aynan MAKTABGACHA TA’LIM TIZIMIga aylantirilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yerda asosiysi – ta’lim. Ovqatlanishni tashkillashtirishning esa muqobili – autsorsing sinab ko‘rilmoqda. Ya’ni, bolalar uchun tayyorlangan nonushta, tushlik, uyqudan keyingi yengil taomlarning barchasi bir oshxonada tayyorlanadi va muassasalarga yetkaziladi. Bunday tizim ovqat sifatini ta’minlash bilan bir qatorda bolalar salomatligini ham himoya qiladi. Ayni paytda bu uslub tajriba sifatida yo‘lga qo‘yilgan.
Ushbu autsorsing davlatga qarashli maktabgacha ta’lim muassasasiga joriy etilar, ammo xususiy bog‘chalardagi taomnomani kim nazorat qiladi? Yoki xususiy MTMlar nazoratga muxtoj emasmi? Bu savolni ota-onalarga yo‘llaganimizda ular xususiy bog‘chalarning oziq-ovqati a’lo darajada, ta’lim-tarbiya sifati ham qoniqarli, deb javob berishdi.
Agrippina ShIN,
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vaziri:
– O‘tgan qisqa davr mobaynida tizimda juda katta o‘zgarishlar amalga oshirildi. Qilinayotgan ezgu sa’y-harakatlar tufayli mamlakatimizdagi MTMlar faoliyati yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Biz har bir maktabgacha ta’lim muassasasida bola o‘zini qulay, xavfsiz sezishini istaymiz. Toki kichkintoy bu maskanga quvnoq kayfiyatda qatnasin.
Darhaqiqat, o‘tgan ikki yil davomida yurtimizda xususiy bog‘chalar faoliyati keng yo‘lga qo‘yilmoqda. Maktabgacha ta’lim muassasalariga bolalar qamrovini oshirish sohada davlat-xususiy sherikchilik munosabatlari joriy etildi. Kelajakda respublika bo‘yicha jami 1000 dan ortiq holatda davlat-xususiy sherikchilik asosida maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Qisqa vaqt mobaynida erishilgan yutuqlar maqtovga loyiq. Umid qilamizki, kelgusida tizimdagi mavjud muammolar ham tez orada butunlay bartaraf etiladi.
Dildora FAYZIYEVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri