Jahon shaxmat ustalari Toshkentda bahslashmoqda
O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida shaxmat bo‘yicha xotin-qizlar o‘rtasida Xalqaro shaxmat federatsiyasi – FIDE Gran-prisining uchinchi bosqich bahslari boshlandi. Xalqaro shaxmat federatsiyasi shafe’ligida o‘tkazilayotgan ushbu nufuzli sport anjumani O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Shaxmat federatsiyasi hamda «O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi» jamg‘armasi hamkorligida tashkil etildi.
Musobaqaning ochilishida Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda navqiron avlodni jismonan sog‘lom, ma’naviy yetuk, yuksak intellektual salohiyat egalari etib tarbiyalashning muhim vositasi sifatida sportni jadal rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
– O‘zbekistonda shaxmat bo‘yicha yirik sport anjumanlarini yuqori saviyada tashkil etish yaxshi an’anaga aylangan, – dedi Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) prezidenti Kirsan Ilyumjinov. – O‘zbek shaxmatchilarining xalqaro maydonlardagi g‘alabalari yosh avlodning jismoniy va ma’naviy barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishi uchun ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaldagi ifodasidir. O‘zbekistonda bolalar sporti ta’lim-tarbiya jarayonining uzviy qismiga aylangani tahsinga loyiq.
Olti xalqaro turnirdan iborat xotin-qizlar o‘rtasidagi FIDE Gran-prisi jahon shaxmat toji uchun kurashish imkonini beradigan musobaqadir. 2013-2014 yillarda o‘tkaziladigan ushbu turnirda umumiy hisobda 18 nafar shaxmatchi ishtirok etadi. Har bir bosqichda 12 nafardan shaxmatchi o‘ynaydi. Shu tariqa ularning har biri Gran-pri seriyasidagi to‘rttadan turnirda qatnashadi. Yakunda eng ko‘p ball jamg‘argan shaxmat ustasi 2015 yilda amaldagi jahon chempioni bilan shaxmat toji uchun o‘n partiyadan iborat uchrashuv o‘tkazish imkoniga ega bo‘ladi.
O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida boshlangan xotin-qizlar o‘rtasida FIDE Gran-prisining uchinchi bosqichida mamlakatimiz sharafini Osiyo chempionati va Osiyo o‘yinlari kumush medali sovrindori, o‘zbek qizlari orasida birinchi bo‘lib xalqaro grossmeyster unvonini qo‘lga kiritgan iste’dodli yosh shaxmatchimiz Nafisa Mo‘minova himoya qiladi.
Bu bosqichda jahon shaxmat olimpiadasi, jahon va Yevropa chempionati sovrindori gruziyalik Bela Xotenashvili, qizlar o‘rtasida ko‘pkarra jahon chempioni hindistonlik Xampi Koneru, Osiyo chempionati kumush medali sovrindori va Xitoy chempioni Szyu Venszyun, jamoaviy jahon chempionati, Yevropa chempionati g‘olibasi, tezkor shaxmat – blits bo‘yicha jahon chempioni ukrainalik Yekaterina Lagno, jahon va Yevropa chempioni bolgariyalik Antoaneta Stefanova, 20 yoshgacha qizlar o‘rtasida jahon chempioni hindistonlik Xarika Dronovalli, jahon va Yevropa chempioni, jahon shaxmat olimpiadasi ikki karra g‘olibasi rossiyalik Aleksandra Kostenyuk, Yevropa chempionati sovrindori va olti karra Armaniston chempioni Elina Danielyan, 18 yoshgacha qizlar o‘rtasida jahon va Yevropa chempioni rossiyalik Olga Girya, 20 yoshgacha qizlar o‘rtasida jahon chempioni xitoylik Chjao Syue, xalqaro turnirlar g‘olibasi qozog‘istonlik Gulisxon Nakboyeva ham dona surmoqda.
Musobaqa qoidasiga ko‘ra, FIDE Gran-prisi bosqichlarida shaxmatchilar bir davrali tizimda jami 11 partiya o‘yin o‘tkazadi. Eng ko‘p ochko jamg‘argan uch nafar sportchi bosqich g‘olibi va sovrindorlari sifatida taqdirlanadi.
Zohir TOSHXO‘JAYEV,
O‘zA muxbiri