Sifatli ta’lim uchun zamonaviy boshqaruv kerak
Ko‘pdan buyon bir masala keng jamoatchiligimizni o‘ylantirib, turli bahs-munozaralarga sabab bo‘lib kelayotgan edi. Bu – ta’lim tizimidagi bir-biriga chambarchas bog‘langan muammolar uchburchagi, ya’ni o‘qituvchining qadr-qimmati, ta’limning sifati, intellektual salohiyat masalasi edi. Chindan ham, shu uch narsa taraqqiyotni belgilovchi eng muhim omillardan sanaladi. Biroq dastlabki ikki omilsiz uchinchisiga erishish qiyin.
Bugun mamlakatimizda o‘sib kelayotgan yosh avlodni ma’naviy-axloqiy va intellektual rivojlantirishni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, shuningdek, o‘quv-tarbiya jarayonida ta’limning innovatsion shakllari va usullarini qo‘llashga har qachongidan-da katta katta e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Xususan, Prezidentimizning 2018 yil 5 sentyabrdagi “Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni o‘quv-tarbiya jarayoniga boshqaruvning yangi mexanizmlarini joriy etish ishlari, jamiyatda o‘qituvchi kasbining nufuzini oshirishga davlat siyosati darajasida qaralayotganining yana bir amaliy tasdig‘i bo‘ldi.
Ushbu hujjat xalq ta’lim tizimini isloh qilishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi. Unga ko‘ra, sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirishda Xalq ta’limi vazirligining muvofiqlashtiruvchi roli va mas’uliyati yanada oshirildi. Endi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar)lar xalq ta’limi boshqarma va bo‘limlari, shuningdek, vazirlikka idoraviy mansub boshqa tashkilot va muassasalar boshliqlarini lavozimga tayinlash hamda lavozimidan ozod qilish masalasi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan kelishilmasdan Xalq ta’limi vaziri tomonidan amalga oshiriladigan bo‘ldi. Shu bilan birga, xalq ta’limi muassasalarini boshqarish tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, shaffof va samarali jamoatchilik nazoratiga erishish, shu jumladan, barcha muassasalarning telekommunikatsiya tarmoqlariga ulanishini ta’minlash, barcha foydalanishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar manbasini yaratish, ularning faoliyatini baholashning elektron reyting tizimini joriy etish sohani isloh qilishning asosiy yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.
Farmonga binoan, 2019 yil 1 yanvardan boshlab tumanlar va shaharlar kesimida tanlash asosida umumta’lim muassasalari faoliyati samaradorligi bo‘yicha reyting tuziladi va keyingi o‘quv yili boshlanishidan kechiktirmay reyting yakunlari ommaviy axborot vositalarida va Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining veb-saytida joylashtiriladi. Bu esa, o‘z navbatida, muassasalarda ta’lim sifatini yaxshilashga, o‘qituvchilarning bilim darajasi va pedagogik mahoratini oshirishga, umumta’lim muassasalari faoliyatidagi ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi. O‘quv-tarbiya jarayoni ustidan samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatish imkonini beradi.
2019 yil 1 martdan boshlab davlat umumta’lim muassasalariga bolalarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilish tartibi bosqichma-bosqich joriy etilishi esa, o‘quvchilarning ota-onalariga ta’lim muasasasiga bormasdan, muassasa rahbarlariga bevosita uchrashmasdan, muassasa to‘g‘risida shaffof ma’lumot olishida, ortiqcha byurokratik to‘siqlarsiz farzandini umumta’lim muassasalariga joylashtirishiga imkon yaratadi.
2018 yil 1 oktyabrdan boshlab umumta’lim muassasalarining vasiylik kengashlari tugatilishi va tarkibiga muassasa faoliyatiga jiddiy hissa qo‘shishga qodir eng faol ota-onalar, bitiruvchilar, homiylardan iborat umumta’lim muassasalarining kuzatuv kengashlarining tashkil etilishi umumta’lim muassasasi rahbarini saylash, uni egallab turgan lavozimidan ozod etishda ota-onalar va bitiruvchilar vakillarining bevosita ishtirok etishini ta’minlashi bilan ahamiyatlidir. Shuningdek, davlatimiz rahbarining mazkur Farmoni bilan umumta’lim muassasalari rahbarlari, o‘qituvchilari va boshqa xodimlarining kasbiy faoliyatiga asossiz ravishda aralashuvdan himoya qilish maqsadida bu muassasalar faoliyatini tekshirishga vakolatli organlarning qat’iy ro‘yxati, tekshiruv tayinlash va o‘tkazish mezonlari hamda huquqiy asoslari qayta ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi. Bunda umumta’lim muassasalari faoliyatini nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshirish davriyligi ularning reytingda egallab turgan o‘rniga bog‘liq bo‘lishi belgilab qo‘yilmoqda.
Bundan tashqari, 2019 yil 1 yanvarga qadar muddatda “Zamonaviy maktab” Davlat dasturini tasdiqlash va 2030 yilga qadar umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’limni tizimli, mintaqaviy va maqsadli rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini, shuningdek, uni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasini” o‘z ichiga olgan Xalq ta’limi tizimini rivojlantirishning uzoq muddatli konsepsiyasini ishlab chiqish ham belgilanmoqda. Albatta, bu o‘zgarishlar xalq ta’limi tizimida jiddiy yangilanishlarga asos bo‘ladi.
Biz zamonaviy fikrlaydigan, intellektual rivojlangan, professional tayyorgarlikka ega, yurtimizni modernizatsiya qilish va demokratik jamiyat qurish yo‘lidagi murakkab vazifalarni hal etishga qodir bo‘lgan, xalqimiz manfaatlariga sadoqatli yangi avlod kadrlarini tayyorlash masalasini prinsipial, hal qiluvchi ahamiyatga ega, deb bilamiz.
Abdug‘ani UMIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi