Ta’lim muassasalarida zo‘ravonlikning oldini olish: bunda OAVning o‘rni qanday?
Toshkentdagi “Poytaxt” biznes markazida BMT Bolalar jamg‘armasining (YUNISEF) mamlakatimizdagi vakolatxonasi tomonidan o‘tkazilgan davra suhbati ta’lim muassasalarida zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik muloqotini rivojlantirishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni mavzusiga bag‘ishlandi.
Ta’kidlandiki, yosh avlod tarbiyasi yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarda davlat muassasalari bilan bir qatorda nodavlat notijorat tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari va ommaviy axborot vositalarining hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi. Dunyoda o‘smirlar tengdoshlarining tahqirlashi va zo‘ravonligiga duchor bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Albatta, bunday noxush holatlar o‘quvchilarning puxta bilim olishi va hayotda o‘z o‘rnini egallashiga salbiy ta’sir etadi. Ishtirokchilar mavzu doirasida taklif, munosabat va mulohazalarini bildirdi.
Sasha GRAUMANN,
YUNISEFning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari:
– O‘smirlar zo‘ravonligiga qarshi choralar ko‘rish barcha mamlakatlarda dolzarb masalaga aylanmoqda. Bu vaziyatga qarshi kurashish uchun hamkorlikni yanada mustahkamlash lozim. Tashkilotimiz hamkorlar yordamida maktablardagi zo‘ravonlikka barham berish uchun o‘quvchilarni himoya qilishga doir qonun va tartib-qoidalarni ishlab chiqish, mahallalar va oilalar hamkorligini kuchaytirish kabi choralarni ko‘rishni taklif etadi.