Sog‘liq – turmush tarziga bog‘liq
V va S gepatit
V gepatiti eng ko‘p tarqalgan infeksion kasallik hisoblanadi. Bu xastalik jigarni shikastlaydi. Kasallik o‘tkir va surunkali kechishi mumkin.
Surunkali gepatitning rivojlanishiga moddalar almashinuvining buzilishi, noto‘g‘ri ovqatlanish, alkogolizm va hakozolar sabab bo‘lishi mumkin. Kasallik manbai bemor yoki virus tashuvchi odam hisoblanadi. Xastalik jinsiy yo‘l bilan yoki bemorning qoni orqali ham yuqishi mumkin. Bundan tashqari virus onadan bolaga tug‘ruq jarayonida yuqishi mumkin. Gepatit bilan kasallangan ko‘pgina bemorlarda xastalikning surunkali turi rivojlanishi kuzatiladi. Bu esa o‘z navbatida jigar sirrozi va jigarning birlamchi rakini keltirib chiqaradi. Ma’lumki, ushbu kasalliklarning surunkali turga o‘tishi mudhish oqibatlar bilan tugaydi. OIVga nisbatan gepatiti virusi 100 marta yuqumliroqdir. Yana bir muammo V gepatit uzoq vaqt davomida klinik belgilarsiz kechishi mumkin. O‘z navbatida bu xastalikning yashirin kechishiga zamin yaratadi. Hamda shifokorlarning o‘z vaqtida kasallikni aniqlashini murakkablashtiradi. V gepatitning oldini olish uchun profilaktika maqsadida sog‘lom insonlar emlanadi. S gepatitdan himoyalanish qiyinroq. Bu gepatitning asorati sifatida rivojlangan jigar sirrozini faqatgina o‘zak hujayralar yordamida davolash mumkin. Ammo tibbiyotning bu noan’anaviy yo‘nalishi hali to‘la joriy qilinmagan.
OIV va OITS
OIV (odam immuntanqisligi virusi) – Bu infeksiya odam organizmida uzoq yillar davomida kuzatiladi. Bemor o‘z vaqtida shifokoriga murojaat etib davolanmasa, uning immuniteti juda pasayib ketadi. Natijada turli yuqumli kasalliklarga nisbatan organizmning qarshilik ko‘rsatishi susayadi. Ba’zan bemorda 6-10 (ayrim holatlarda 20) yildan so‘ng OITS — orttirilgan immuntanqisligi sindromi rivojlanadi. Mudhish oqibatlarga olib keluvchi OITS ijtimoiy infeksiya bo‘lib, uning davosi yo‘q. OIV uch xil yo‘l bilan yuqadi. Tasodifan bemorning qoni tekshirilmasdan boshqa bemorga quyilsa, shuningdek, xasta homilador onadan bolaga, jinsiy yo‘l bilan yuqadi.
Ushbu kasallikka asosan giyohvandlar va pala-partish jinsiy hayot kechiruvchi kimsalar ko‘proq yo‘liqishadi. Yana giyohvandlar sterillanmagan shpritsdan umumiy foydalanganda ham qon orqali kasallik bemordan sog‘lom odamga yuqadi. Kosmetologik muolajalar (pirsing, tatuaj ninalari), stomatologik asbob-uskuna va ninalar, sartaroshxonada esa qaychi, ustara, pedikyur hamda manikyur uchun qo‘llaniladigan asboblar yetarlicha zararsizlantirilmasa ham kasallik yuqish ehtimoli yuqori bo‘ladi.
OIV yuqtirib olmaslik uchun sog‘lom turmush tarziga rioya etish kerak.
Zahm
Zahm – eng qadimgi venerik kasalliklardan biri. Yunoncha sevgi ma’budasi Venera sharafiga (jinsiy yo‘l bilan yuqqani uchun) atalgan. Bu kasallik jinsiy yo‘l bilan va ba’zan bemor bilan yaqin muloqotda bo‘lganda hamda onadan bolaga yuqadi. Zahmda nafaqat teri balki, shilliq qavatlar, ichki a’zolar suyak — mushak va asab tizimining katta qon tomirlari zararlanadi. Zahm yuqtirib olgan bemorda dastlab kasallik belgilari tez namoyon bo‘lmaydi. Bu esa xasta kishiga o‘z vaqtida to‘g‘ri tashxis qo‘yish va davolashni kechiktiradi. Kasallikning so‘nggi bosqichida bemorni davolashning iloji yo‘q. Asta-sekinlik bilan bemorning barcha a’zolari yemirila boshlaydi.
Giyohvandlik va ichkilikbozlik
Mutaxassislarning fikricha sobiq giyohvand va ichkilikbozlar bo‘lmaydi. Uzoq vaqt davomida zahri qotilni iste’mol qilgan kimsalar dunyoga o‘zgacha shirakayf nazar bilan qaraydi. Ularning sog‘lom fikrli insonlar bilan «til topishishlari» qiyin kechadi. OIV va zahm ijtimoiy kasallik bo‘lgani kabi, bu illatlar ham irodasi sust shaxslarni o‘z komiga tortadi. Bu yomon illatlarga odam jismonan emas ruhan qaram bo‘lib qoladi. Eng yomoni giyohvandlikka va ichkilikka mubtalo bo‘lgan shaxslarning fe’l-atvori salbiy tomonga o‘zgarib, jamiyatga xavf soladi. Faqatgina kuchli irodali shaxslar mutaxassis – narkologlar va yaqinlari ko‘magida bu ofatdan qutilishi mumkin.
Surunkali charchoq sindromi
Tezkor va shiddatli axborot asri nafaqat fan-texnikaning yutuqlarini namoyish etmoqda, balki yangi kasalliklarning rivojlanishiga ham keng yo‘l ochmoqda. Surunkali charchoq sindromi ana shunday kasalliklardan biri. Ilk marotaba 1984 yilda bu xastalik haqida so‘z yuritilgan edi. Kasallikka xos belgilar – surunkali charchoq, ishga layoqatning susayishi. Inson mehnat ta’tilidan dam olib qaytsada jismoniy va ruhiy toliqishni his etadi.
Hozirda bu xastalik ko‘proq ekologik noqulay shart-sharoitlarda yashayotgan aholi o‘rtasida ko‘p uchramoqda. Atrof-muhitning kimyoviy zaharli moddalar bilan ifloslanishi va radioktiv moddalarning ta’siri sababli inson organizmi zaharlanadi. Bu salbiy omillar immun tizimiga ta’sir etib, uning faoliyatini izdan chiqaradi. Organizmdagi yashirin viruslar faoliyatini oshiradi. Bu esa o‘z navbatida markaziy asab tizimi faoliyatiga ta’sir etadi. Bu holat barcha yoshdagi odamlarda kuzatiladi. Ayniqsa, aqliy mehnat bilan shug‘ullanuvchi insonlar surunkali charchoq sindromidan ko‘proq aziyat chekishadi. Xastalikning doimiy belgilari sifatida ko‘zga yaqqol tashlanuvchi charchoq va mushaklarning bo‘shashishi, uyquning buzilishi, kayfiyatning o‘zgarib turishi, ruhiy tushkunlik (depressiya) kuzatiladi. Ayrim shifokorlar hali ham surunkali charchoq sindromini kasallik sifatida tan olmaydi. Shu sababli ham ko‘pgina bemorlar ularga murojaat etganda qiyinchiliklarga duchor bo‘lishadi. Bunday kasallikni davolashning yo‘li bemorlar o‘z vaqtlarini to‘g‘ri taqsimlab, dam olishga ham imkoniyat yaratishlari zarur. Haddan tashqari holdan ketar darajada ishlash har qanday odamni to‘shakka yiqitishi aniq.
Gripp
Bir qarashda bezarar ko‘ringan gripp har yili millionlab odamlarni «qatordan chiqaradi». Kasallikning o‘zidan ham uning asoratlari yomon oqibatlarga olib keladi. O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiya)ning asorati sifatida ba’zan mudhish oqibatlarga olib keluvchi pnevmoniya (zotiljam) rivojlanishi mumkin. Bundan tashqari rinit, sinusit, bronxit, otit, miokardit, meningit, ensefalit kabi xastaliklar va surunkali kasalliklar kuzatiladi. Perikardit (yurak mushagining yallig‘lanish kasalligi) ba’zan yurak yetishmovchiligiga olib keladi. Grippdan profilaktika maqsadida emlanish zarur. «Parranda grippi»dan ham ehtiyot bo‘lish shart. Ammo unga qarshi vaksina mavjud emas. Faqatgina shifokor tavsiyalariga amal qilgan holda parranda grippining oldini olishga doir «yo‘riqnoma»ni batafsil o‘qib chiqish kerak.
Zamburug‘li kasalliklar
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra jahonda har besh kishidan biri zamburug‘li kasalliklardan aziyat chekadi. Ayniqsa, tirnoqlar va sochlarning zamburug‘li kasalliklari keng tarqalgan. Bu xastaliklarning qo‘zg‘atuvchisi zamburug‘lar (quyi darajadagi o‘simlik organizmlari) bo‘lib, ular tayyor ozuqaga ehtiyoj sezadi. Teri va ularning hosilalari (soch va tirnoqlar) ular uchun ozuqa muhiti hisoblanadi. Zamburug‘lar turli yo‘llar bilan yuqadi. Bemordan sog‘lom odamga va xastalangan hayvonlardan (kemiruvchilar, mushuk, it, sigir, ot) ham yuqishi kuzatilgan. Shuningdek, bemorning buyumlaridan ham kasallik yuqishi mumkin. Zamburug‘lar tashqi muhitga chidamli bo‘lib, ularga qattiq sovuq va radiatsiya ham ta’sir etmaydi. O‘simlik va hayvon qoldiqlarida zamburug‘lar uzoq vaqt yashashga layoqatli. Terining yaxlitligi buzilsa, ya’ni u shikastlansa (mikrotravma, bichilish, shilinish, uzoq vaqt qo‘l va oyoqlarga suv ta’sir etib, teri shishib, bo‘ksa), shuningdek, organizmning umumiy holsizligi, immunitet pasayishi (ekdokrin tizimi, ichki a’zolar, asab tizimi kasalliklari) kuzatilsa zamburug‘li kasalliklarga keng yo‘l ochiladi. Ayniqsa, og‘ir yotgan bemorlarga zamburug‘li xastaliklar katta xavf soladi. Sababi ularning immuniteti juda pasayib ketadi. Infeksion va surunkali xastaliklarda organizmning umumiy quvvati pasayib, kasalliklarga qarshi chidamliligi susayadi, terning kimyoviy tarkibi o‘zgaradi. Teri va sochning ko‘rinishi o‘zgarib,asab va endokrin tizimida o‘zgarishlar kuzatiladi.
Saraton (rak)
Bu kasallik nomini eshitgan odamning a’zoi badanida titroq turadi. Xavfli o‘smalarni oxirgi bosqichlarda davolashni shifokor-onkologlar iloji yo‘qligini bilishadi. Me’yordagi faoliyat yuritish xususiyati o‘zgargan va organizm bilan o‘zaro bog‘liqligi buzilgan xujayralar atrof to‘qimalarga o‘sib kiradi, ularni parchalab, metastaz beradi. Ya’ni, xavfli o‘sma shaklida ular hisobiga yashab, ikkilamchi shishlarni hosil qiladi. Ma’lumki, keksa yoshli kishilarda saraton kasalligi ko‘proq uchraydi. Bunga sabab (90-95 foiz holatlarda) atrof-muhitning salbiy ta’siri, chekish, yuqori kaloriyali ovqatlanish, semizlik, viruslar, surunkali infeksiya o‘choqlari, alkogolizm, havoning ifloslanishi, gipodinamiya (kamharakatlik). Xastalikka irsiy moyillikni ham e’tiborga olish zarur. Agarda har bir inson sog‘lom turmush tarziga amal qilib, o‘z vaqtida tibbiy ko‘rikdan o‘tsa hamda profilaktika maqsadida o‘sma (rak) ilk bosqichda aniqlansa xavfli o‘smani jarrohlik yo‘li bilan olib tashlab, uning metastaz (boshqa a’zolarga o‘sib kirishi, berishining oldi olinadi.
Sil
Sil kasalligi havo-tomchi yo‘li bilan tarqaladi. «Kox tayoqchasi – sil mikobakteriyasi bemordan sog‘lom odamga yuqishi mumkin. Ayniqsa, immuniteti past odamlar, keksa va yosh go‘daklarga sil tez yuqishi mumkin. Kasallik manbai-silning ochiq turi bilan kasallangan bemor hisoblanadi. Kasallikning bu turida bemor balg‘amida ko‘p miqdorda «Kox tayoqchalari» kuzatiladi. Bemor yo‘talganda va aksirganda uning balg‘ami orqali atrofga mikobakteriyalar tarqaladi va havoda muallaq holatda osilib turadi. So‘ngra bu infeksiya sog‘lom odamning yuqori nafas yo‘llari orqali uning o‘pkasiga tushadi. Odatda sil kasali bilan zararli illatlarga berilgan ichkilikboz va giyohvand, kashanda hamda yuqori nafas yo‘llari, o‘pkasi tez-tez shamollaydigan to‘yib ovqatlanmaydigan, ziqqinafas (astma)ga chalingan shaxslar og‘riydi.
Gulchehra ShIRINOVA tayyorladi.