O‘zbekiston – sayyohlar nigohida
Bugungi kunda davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan turizmni rivojlantirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Qilinayotgan ezgu sa’y-harakatlar tufayli tarixiy shaharlarimiz yanada chiroy ochib, ko‘hna obidalar obod bo‘lmoqda, yangi tomoshabop ob’yektlar bo‘nyod etilmoqda.
Ayniqsa, yurtimizga turistik va ishbilarmonlik maqsadida keluvchilar uchun qator imkoniyat va imtiyozlar berildi. Bu esa turistlar sonining keskin ortishiga sabab bo‘ldi.
Ana shunday tashriflardan biri jurnalistika yo‘nalishida tahsil oladigan bir guruh xorijlik talabalarning sayohatlari bo‘ldi. Ularning Buxoro – Samarqand – Toshkent yo‘nalishida amalga oshirgan safari, O‘zbekistonda ko‘rgan-kechirganlari, milliy madaniyatimiz, qadriyatlarimiz, umuman, yurtimizning bugungi kuni to‘g‘risidagi taassurotlarini bilishga qiziqdik:
Dmitriy Neagu (Moldova),
Antaliyadagi Akdeniz universiteti doktoranti:
– Men bakalavrlik ixtisosligim bo‘yicha geologman. O‘zbekiston haqida o‘qiganlarim asosida bu yerda qadimiy tarix saqlab qolingani haqida tasavvurim bor edi, ammo endi o‘z ko‘zlarim bilan Buxoroda IX-X asrlardan, Samarqandda XIV-XV asr aks-sado berib turgan inshootlarni ko‘rib, hayratim oshdi. Yurtingiz madaniyatiga xos ba’zi jihatlar Moldovadagi Gagauziya Avtonom Respublikasida yashovchi turkiy millatlar qatoriga kiruvchi gagauzlar turmush tarziga o‘xshar ekan.
Buxoroda bo‘lganimizda, bekatda turgan fransuz sayyohiga ko‘zim tushdi. U Labi Hovuzdan Samarqandgacha qanday yetib olishni 2 nafar buxorolik yigitlardan so‘rayotgandi. Fransuz sayyohi rus yo o‘zbek tilini bilmaydi, boyagi yigitlar mehmon so‘zlashadigan lisondan xabari yo‘q. Men ham fransuz tilini bilmasamda, ingliz tilida unga Buxoro shahridan temiryo‘l, avtobus yoki samolyot bilan Samarqandga borish mumkinligini tushuntirdim.
Bu kichik hikoyadan kelib chiqib shuni aytmoqchimanki, Antaliyada va shunga o‘xshash kurort shaharlarda turistlarga bir tur davomida kompleks dastur taklif etiladi va unga umumiy xarajat stavkasi belgilanadi: transport, ovqatlanish, suv havzalari, tarixiy ob’yektlarga tashrif, gid xizmati va h. k. O‘zbekistonda shu jihatdan biroz oqsash bor ekan: har bir obidaga borganda biz alohida pul to‘ladik, u yerdagi qo‘shimcha xizmatlarga ham boshqa to‘lovlar amalga oshirildi. Buxoro, Samarqand, Xiva kabi shaharlardagi tarixiy obidalar vakillari o‘zaro kelishib, mahalliy va xorijiy shaxslar uchun bitta to‘lov tizimini joriy etsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi, deb o‘ylayman. Masalan, bizda bu bir martalik maxsus kartochkalar ko‘rinishida tatbiq etilgan.
Sayyoh biror mamlakatdan ketayotganida ko‘nglida “pulimni shilib olishdi” degan shubha bo‘lmasligi kerak. Chunki har qanday davlatda ham sayyohni ko‘rdi deguncha, uni bu mamlakatning shart-sharoitidan bexabarligi, yonida ma’lum mablag‘i bo‘lishi va shunga o‘xshash vajlardan kelib chiqib, tovarlarning narxini asossiz oshirishga harakat qilishadi. Bu kabi holat bizning sayohatimiz davomida ham uchradi. Buning oldini olish uchun kichik buklet ko‘rinishida sayyohlar sotib olishi mumkin bo‘lgan tovar va mahsulotlarning o‘rtacha narxini ishlab chiqish va tarqatish kerak. Shuningdek, yo‘nalish xaritalari sayyohlar uchun bepul tarqatilishi o‘rinli, deb o‘ylayman.
Shakir Ali Muhammad Muafa (Yaman),
Konya shahridagi Selchuk universiteti 4-bosqich talabasi:
– Biz maktabda o‘qigan paytlarimizdayoq, Imom al-Buxoriy, at-Termiziy, al-Moturudiy va boshqa diniy ulamolar va ularning yaratgan buyuk merosi haqida o‘qiganmiz. Bu allomalarning barchasi O‘zbekistonda yashab o‘tgani tufayli bu mamlakatga kelish orzuim edi. Safarimizdan oldin internet tarmog‘idagi turli sahifalardan yurtingizdagi tarixiy obidalarning suratlari, videolarini tomosha qilib, ularning betakror arxitekturasidan hayratlangandim. Kelib ko‘rdimki, bu yerdagi barcha tarxiy binolar haqiqatda aqlni shoshiradigan darajada haybatli ekan. Men Saudiya Arabistonining Makka shahridagi sahobalarning maqbaralari ham bu darajada mahobatli va obod emasligini o‘rni kelganda ta’kidlamoqchiman.
Labib Faysal
Xan (Bangladesh),
Konya shahridagi Selchuk universiteti 2-bosqich talabasi:
– Mamlakatingizda tarixiy obidalar keng maydonlarda qurilganiga guvoh bo‘ldim. Menimcha, O‘zbekistondagi obidalarda ishlatilgan, umuman o‘zbekcha ornamentlardan foydalangan holda zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va ularni jahonga tanitish orqali turizmni yanada rivojlantirish mumkin. Buning uchun sizlarda barcha imkoniyat va sharoit mavjud.
Yana bir gap. Yurtingizdagi ayrim avtoturargohlarda noqulayliklarga duch keldim. Turzimni rivojlantirish uchun bu xizmatlarni zamonaviy talablar asosida tashkil qilish kerak, deb o‘ylayman.
Anna-Mariya Panku (Moldova),
Kayseri shahridagi Erjiyes universiteti magistranti:
– O‘zbekiston haqida G‘arbiy Yevropada yaxshigina targ‘ibot bor shekilli, sayohat davomida Germaniya, Fransiya kabi mamlakatlardan kelgan insonlarni ko‘p uchratdim. Ammo o‘zim ham Sharqiy Yevropa davlati vakili sifatida aytishim mumkinki, biz tomonlarda polyaklarga, vengrlarga (vaholanki ularning o‘zbek zaminiga tarixan bog‘liqlik tomoni bor), slovaklarga, bolgarlarga O‘zbekiston haqida ma’lumot berilmaydi yoki uning turizmga loyiq manzillari targ‘ib qilinmaydi. Menimcha, aynan shu hududlarda ham O‘zbekistonning turistik salohiyati targ‘ib qilinsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi. Masalan, mening otam ham Sobiq Ittifoq paytida geolog sifatida Vataningizga kelgan. Birinchi marta mazkur loyiha haqida eshitganimda otam borgan yurtga sayohat qilish ishtiyoqi uyg‘ondi.
Elmaza Sabanovich (Serbiya),
Marmara universiteti 3-bosqich talabasi:
– Yevropadan kelgan sayyoh O‘zbekistonda hech bo‘lmasa rus tilini bilmasa qiynalar ekan. Tarixiy ob’yektlarni tomosha qilish maroqli, ammo sayyoh uchun bu yetarli emas. Chet elliklarni qiziqtirish uchun turli qiziqarli va ko‘ngilochar tadbirlarni tashkil qilish kerak. Masalan, Istanbuldagi Do‘lma Baxche saroyida maktublar yoziladi. Bu Otaturk yashagan va vafot etgan saroy bo‘lib, turistlar tomonidan “Agar Otaturk tirik bo‘lganida qanday tilak va istaklaringiz bo‘lgan bo‘lardi?” qabilidagi maktublar bitiladi. So‘ng ularning ichidan eng yaxshilari tanlanib, saytga qo‘yiladi. Bu orqali ziyoratchilarning vaqti yanada qiziqarli va mazmunli o‘tadi.
Joriy yilda Indoneziya, Janubiy Koreya, Malayziya, Singapur, Turkiya, Isroil va Yaponiya fuqarolari uchun O‘zbekistonga vizasiz tashrif tartibi joriy etildi. 39 ta mamlakat fuqarosi uchun vizalar rasmiylashtirish tartibi soddalashtirildi va uning muddati 2 ish kunigacha qisqartirildi.
Dilnoza UMAROVA,
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti o‘qituvchisi