O‘zgarishlar, avvalo, aholi salomatligini himoya qilishga qaratilgan
Tibbiyot xodimi bo‘lish insondan kuchli bilim va yuksak ma’suliyatni talab etadi. Shifokor, eng avvalo, shirin so‘zi bilan bemorlarni davolashi, ular qalbida kelajakka bo‘lgan umid uchqunlarini yoqa bilishi lozim.
Ko‘p yillardan buyon Toshkent shahar shoshilinch tibbiy yordam klinik shifoxonasida samarali faoliyat yuritib kelmoqdaman. Shifoxonamizga davolanish uchun nafaqat respublika, balki qo‘shni davlatlardan ham bemorlar kelib, o‘z dardlariga shifo topmoqda.
Muassasamizda bemorlarga, qolaversa, biz shifokorlarning to‘laqonli faoliyat olib borishimiz uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Tibbiyot sohasidagi ulkan o‘zgarishlar, eng avvalo, aholi salomatligini va sog‘ligini himoya qilishga qaratilgan. Yaqin kunlarda shifoxonamizga zamonaviy tibbiy laproskop asbob-uskunalarini olish ko‘zda tutilgan. Bu orqali lazerli operatsiyalarni o‘zimizda bajarish, o‘t yo‘llaridagi toshlarni tozalash va bemor insonlar qalbiga xursandchilik, xotirjamlik ulashish asosiy maqsadlarimizdan biridir.
Yana bir gap. Keyingi 2-3 yil davomida mamlakatimizda tibbiyot xodimlarining mehnatini munosib rag‘batlantirish, ularning ijtimoiy muhofazasini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Soha xodimlariga qator imtiyozlar berilmoqda. Bu esa bizni o‘z ishimizga yanada mas’uliyat bilan yondoshishga undaydi.
Yurtimizda keng nishonlanayotgan ona Vatanimiz Mustaqilligining 27 yilligi bilan barcha yurtdoshlarimizni, hamkasblarimni chin yurakdan muborakbod etaman. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz doimo salomat bo‘lsin!
Ermuhammad SOTIBALDIYEV,
Toshkent shahar shoshilinch tibbiy yordam klinik shifoxonasi jarrohlik bo‘limi mudiri