Ezgu ishga kamarbasta
Poytaxtimizning ravon ko‘chalari bo‘ylab avtobus yeldek uchib bormoqda. Bugun “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Tibbiy-ijtimoiy markazining malakali mutaxassislari Qibray tumanidagi mahallalarda istiqomat qiluvchi aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi. E’tiborlisi, bu fidoyi xodimlarning har bir tongi ana shunday ezgu va xayrli ishlar bilan boshlanadi…
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Tibbiy-ijtimoiy markazi mana bir necha yildirki, yurtimizda ona va bola salomatligini mustahkamlash, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, oilalarda tibbiy madaniyatni oshirish, turli kasalliklarning oldini olish hamda sohaga doir davlat dasturlarini hayotga keng tatbiq etishda faol ishtirok etib kelmoqda.
Shu o‘rinda aytish kerakki, Tibbiy-ijtimoiy markaz o‘z faoliyatini to‘laqonli olib borishi va mamlakatimiz aholisiga sifatli tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatishida hukumatimiz tomonidan yaratib berilayotgan shart-sharoitlarning o‘rni beqiyos. Ayniqsa, davlatimiz tomonidan markaz faoliyatini takomillashtirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va bu xayrli ishlarga xorijiy investorlarni jalb qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa ehtiyojmand aholi qatlamiga bepul, sifatli va keng qamrovli tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatishda qator qulayliklarni yaratmoqda.
Raqamlarga murojaat qilsak, tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadalarining 22 yillik faoliyati davomida respublika bo‘yicha 700 mingga yaqin oila va 4 million 500 ming nafarga yaqin fuqaroning ijtimoiy sharoiti, undagi psixologik muhit, tug‘ish yoshidagi ayollar, bolalar va o‘smirlarning sog‘lig‘i o‘rganildi.
Tibbiy, ijtimoiy va psixologik yordamga, ijtimoiy-huquqiy muhofazaga muhtoj bo‘lgan ayollar va bolalar o‘z vaqtida aniqlanib, ularga tegishli amaliy yordamlar berilmoqda. Birgina 2018 yilning o‘tgan davri mobaynida markaz xodimlari tomonidan yurtimizdagi 138 ta mahallada 9 ming nafardan ziyod fuqaro tibbiy tekshiruvdan o‘tkazildi.
Ko‘rikka kelganlar zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar yordamida tekshiruvdan o‘tkazilib, ularga terapevt, pediatr, oftalmolog, ginekolog, endokrinolog, ultratovush to‘lqinli tekshiruv, lor, elektrokardiografiya tekshiruvi, ortoped mutaxassislar tomonidan kerakli maslahat va tavsiyalar berildi. Shu bilan birga tibbiy madaniyatni oshirishga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.
– Yurtimizda onalar va bolalar salomatligini asrash borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar qamrovi yildan yilga kengayib bormoqda. Bu esa hukumatimizning oilalarga bo‘lgan yuksak e’tibori va g‘amxo‘rligidan dalolat beradi, – deydi Tibbiy-ijtimoiy markaz rahbari Hafiza Xoldorova. – Sog‘lom bolani sog‘lom ona dunyoga keltiradi. Bu borada doimiy ravishda o‘tkazilayotgan tibbiy ko‘riklar aholi o‘rtasida ko‘pgina kasalliklarning oldini olishga, xastalikka o‘z vaqtida to‘g‘ri tashxis qo‘yilib, davolash ishlarini olib borishga imkon yaratmoqda. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: qachon ona sog‘lom bo‘ladi? Qachonki ayolning tibbiy madaniyati yuksak bo‘lsa, sog‘lom turmush tarziga rioya qilsa va doimo o‘z salomatligiga e’tiborli bo‘lsa. Bugungi mahallada o‘tayotgan uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad ham oila bekalarining tibbiy madaniyatini yuksaltirish, ayollar va bolalar salomatligini ta’minlashga qaratilgan. O‘ylaymizki, tadbir davomida ishtirokchilar reproduktiv salomatlik borasida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislaridan kerakli javoblarni olishdi.
Tibbiy ko‘rikdan o‘tayotganlarning asosiy qismini yosh onalar tashkil qilganligi bois, ular uchun seminar-trening ham tashkil etildi.
Xurshida HUSENOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri