Konservalangan mahsulot aslo zaharga aylanmasin!

Yoki botulizm kasalligi haqida xabardormisiz?

 

So‘nggi yillarda ko‘pgina fuqarolar tomonidan xonadon sharoitida tayyorlangan, sifati kafolatlanmagan konserva mahsulotlarini iste’mol qilish oqibatida aholi o‘rtasida ovqatdan zaharlanish – botulizm kasalligi bot-bot uchrab turibdi.

Uy sharoitida konserva mahsulotlari tayyorlashda zarur texnologik jarayonlar, sanitariya-gigiyena me’yorlariga hamma ham doimo to‘la rioya qilavermaydi-da. Natijada konservadagi botulizm sporalari tez rivojlanadi va o‘zidan zaharli toksinlar chiqaradi.

Ushbu sporalar bilan zararlangan konserva mahsulotlarining tashqi ko‘rinishi va ta’mida deyarli o‘zgarish kuzatilmaydi. Ayrim holatlarda shisha idishning tunuka qopqog‘i shishadi, xolos. Bunday mahsulotni iste’mol qilib zaharlangan bemorda uning belgilari paydo bo‘lish vaqti ikki soatdan to sakkiz-o‘n kungacha ham cho‘zilishi mumkin. Bemorda holsizlik, ko‘ngil aynishi, qusish, qorin sohasida og‘riq paydo bo‘lishi, jismlar ko‘ziga ikkita bo‘lib ko‘rinishi (diplopiya), yutish va gapirishning qiyinligi, bo‘yin va oyoq mushaklarining zaiflashishi kabi klinik belgilar uchraydi. Xasta kishini uy sharoitida davolash qat’iyan man etiladi.

Bunday vaziyatda darhol shifokorga murojaat etish zarur. Aks holda kasallikning og‘ir shakllari – yurak, qon-tomir va nafas tizimi xastaliklari yuzaga kelishi mumkin. Buning natijasida esa bemorning hayoti xavf ostida qoladi. Hatto, kasal odam atrofidagilarning beparvoligi sababli to‘satdan vafot etadi.

Har qanday dard kabi botulizmning oldini olish ham insonning o‘z qo‘lida. Uyda bodring, pomidor, pattison marinadlari, baqlajon ikrasi kabi konserva mahsulotlarini tayyorlashni tavsiya qilmayman. Bunday sharoitda tayyorlangan konserva mahsulotlarining sifatiga hech kim kafolat bera olmaydi. Chunki ushbu konserva mahsulotlarini tayyorlashdagi zarur texnologik jarayonlar, konserva zavodlaridagi kabi yuqori bosim ostida, ya’ni, 120-125 S haroratda o‘tkaziladigan sterilizatsiya jarayonini uy sharoitida bajarib bo‘lmaydi.

Aynan shunday sifat sertifikati, yorliqlariga ega bo‘lmagan iste’molga yaroqsiz konserva mahsulotlari bozorlarda, ko‘cha-ko‘ylarda belgilanmagan noqonuniy savdo rastalarida sotilayotgan bo‘lsa, iste’molchi sifatida bunday mahsulotlarni xarid qilmaslik kerak.

Olcha, olxo‘ri, uzum, shaftoli, o‘rik kabi mevalardan qiyom, bodring, pomidor, karamdan sirli idishlarda uy sharoitida tuzlamalar, mevalardan qoqilar tayyorlash mumkin.

Mamlakatimiz Davlat sanitariya-epidemiologiya xizmati mutaxassislari tegishli davlat va jamoat tuzilmalari vakillari bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi. Ular bozorlarda, savdo majmualarida, belgilanmagan joylarda uyda tayyorlangan konserva mahsulotlari sotilishining oldini olish va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash maqsadida muntazam reydlar o‘tkazib kelishmoqda. Ta’lim-tarbiya muassasalarida va jamoat joylarida faoliyat yuritayotgan umumiy ovqatlanish shaxobchalarida sanitariya-gigiyena qoidalariga to‘liq rioya etilishini ta’minlash Respublika DSENM shifokorlarining doimiy e’tiborida.

Yana o‘qing:  O‘zbekistonlik bolalar yaratgan robot

Yurtimizda faoliyat yuritayotgan ishlab chiqaruvchilar ham xalq dasturxoniga xilma-xil mahsulotlarni yetkazib berish maqsadida keng qamrovli ishlarni amalga oshirmoqda. Bugun mamlakatimizdagi savdo majmualari va bozorlariga kirsangiz, ulardagi mahsulotlarning rang-barang va turli-tumanligini ko‘rib ko‘zingiz quvonadi. Xususan, gipermarket, supermarket va minimarketlar, bozorlarda sanoat usulida, texnologik jarayonlar hamda belgilangan talablar asosida ishlab chiqarilgan mazali hamda xushxo‘r konserva mahsulotlarining barcha turlari mavjud. Ularning saqlash sharoitiga ham ushbu joylarda to‘la rioya etiladi. Bu mahsulotlarning deyarli barchasi O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan va sifati muvofiqlik sertifikati bilan kafolatlangan.

Sotib olingan har bir oziq-ovqatning saqlanish sharoitiga va muddatiga ham qat’iy rioya etish zarur. Iste’mol uchun yaroqlilik muddati o‘tib ketgan tort, pishiriqlar va boshqa qandolat mahsulotlari hamda salatlarni iste’mol qilish sog‘liqqa faqat katta zarar yetkazadi, xolos.

Har kim o‘zi va oilasining sog‘lig‘i uchun avvalo, o‘zi mas’ul ekanini aslo unutmasligi kerak.

 

Nuriddin TOSHBOYEV,

Respublika DSENM bosh shifokori o‘rinbosari

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: