Oltindan tarozu, olmosdan tosh oz…

Xalqimizda “Hamma kun bitta kun-da”, degan naql bor. Lekin xalq hayotida shunday davrlar bo‘ladiki, uning faqat kunlari emas, soatlari, daqiqalari ham bir-birini takrorlamaydi. Har biri o‘z yangiligi, o‘z mazmuni, o‘zgarishlari bilan fursatlarni boyitadi, to‘ldiradi.

Vatanimiz mustaqilligining shonli 27 yilligi arafasida kechayotgan shaxdli, shiddatli damlarimiz ham ana shunday armonlarimizni qaritadigan, orzu-umidlarimizni yashartirib, maqsadlarimizni ulkanlashtiradigan onlar sifatida qadrlidir. Ayni kunlardagi ko‘tarinki kayfiyatimizga mos tarzda yana bir ifoda bilan ta’riflaydigan bo‘lsak bu kunlarning chinakam bahosini o‘lchash uchun oltindan tarozu, olmosdan tosh oz.

“Adabiy muhitning markazida bo‘lish, katta qozonlarda qaynash uchun biz ikki yosh – ikki ijodkor ota-onamizning rozi-rizoligi bilan poytaxtga kelgan edik. Bir necha yillar ijara uylarda qiynalib yashadik. Ikki farzandli bo‘ldik. Ijara uyimizning egasi ostonada ko‘rinsa “Boshqa qo‘nalg‘a topinglar, uyimiz o‘zimizga kerak bo‘lib qoldi”, dermikan, yana ko‘ch-ko‘ronimizni ko‘tarib qayerga borar ekanmiz, deya yuragimiz o‘ynardi. Prezidentimizning yosh ijodkorlarga g‘amxo‘rligi tufayli uyli – Vatanli bo‘ldik. Ko‘nglimizga xotirjamlik indi. Endi ikki qalamkash eng yaxshi asarlar uchun adabiyotimiz oldida qarzdormiz”. Bunday minnatdorchilik so‘zlarini men qashqadaryolik umidli qalamkash Dilafro‘z Choriyevadan eshitdim.

Ayni kunlarda faqat vatanli bo‘lgach Dilafro‘z emas, ilk kitobchasi “Ijod” fondi hisobidan chop etilib, elga tarqatilgan 20-25 yoshlar orasida qalb kechinmalari bilan she’rxonlarga ro‘para bo‘lgan Gulruh Xudoyorova, Shohsanam Nishonova kabi yosh ijodkorlar tilida ham shu shukrona, shu minnatdorlik.

 

 

Bugun “Adiblar xiyoboni”da jam bo‘lib, g‘oyibona suhbatlar qurayotgan G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Zulfiya, Said Ahmad, Saida Zunnunova kabi ulug‘ ustozlarimizning ramziy siymosidan ham o‘sha minnatdorlik, o‘sha shukrona xushbo‘y bo‘lib, gul-giyohlar shiviri, qushlar sayrog‘i bo‘lib taralayotgandir. Axir, ular shoir qalbi bilan istiqlolni o‘zgacha intiq bo‘lib kutdi.

 

Parkent, Zomin bog‘larida xalqimiz, millatimizning qalbini jo‘shtirib, tafakkurini tobora yuksaltiradigan asarlar yozilishi uchun bunyod etilayotgan ijod uylari g‘ishtlarini shamollar chertganda tegrasida yangrayotgan ovozlarni ham so‘z lahjasiga ko‘chirsak, mazmuni – shukronadir, mazmuni minnatdorchilikdir.

“Odamning chiqiti bo‘lmaydi, degan gapni eshitganman. Lekin o‘zim bu gapga ishonmasdim. Xudo qay bir bandasini baxt uchun, qay birini dard uchun yaratadi, deb o‘ylardim. O‘zimni qayg‘u uchun tug‘ilgan kimsalar qatoriga qo‘shganim uchundir ketma-ket xatolar qildim. Xatolarim panjara ortiga olib bordi. Lekin Prezidentimiz meni afv etdi. Endi xato qilishga uyalaman”, degan yozuv qoldiribdi ijtimoiy tarmoqda Zebi ismli samarqandlik ayol.

Yana o‘qing:  Dorilar imtiyozli retsept asosida kimlarga bepul beriladi?

Prezidentimizning sa’y-harakati bilan qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari yanada mustahkamlandi. Xalqaro maydonda mamlakatimiz nufuzi tobora ortib bormoqda.

“Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari asosida hududlarimiz yangi qiyofa kasb etmoqda. Bu obodlik xalqimiz ko‘ngliga ko‘chayotgani yanada quvonchlidir.

O‘zbekiston yoshlari haqida ham doim to‘lqinlanib gapiramiz. Ularga yaratilgan imkoniyatlarga havas qilamiz. O‘z navbatida farzandlarimiz erishayotgan yutuqlar ham ko‘nglimizni ko‘taradi.

Istiqlolimiz tufayli ko‘p yaxshi kunlarga yetib keldik. Bugungi obodlik, xalqimiz xotirjamligi, hayotimiz mazmuni ozod yurtimiz, aziz xalqimizdir. Mustaqilligimizning 27 yillik bayramini nishonlashimizga ham sanoqli kunlar qoldi. Shu kunlarda har birimizning qalbimizdan bir his kechadi: aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim.

 

Qutlibeka RAHIMBOYEVA,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.

O‘zA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: