Qaysi xorijiy davlatlarda davolanish arzonroq?
Tibbiy turizm deganda, odamlarning biror davlatga tibbiy muolaja olish yoki davolanish uchun sayohat qilishi tushuniladi. O‘tmishda turizmning bu turi sharoiti yuqori odamlarning rivojlangan mamlakatlardagi tibbiyot markazlariga davolanish uchun safarga borishida namoyon bo‘lib kelgandi. Lekin hozirgi kunda buning aksini ko‘rish mumkin. Ya’ni, davolanish arzonroq bo‘lgani uchun rivojlangan davlatlarning fuqarolari rivojlanayotgan davlatlarga sayohat qilmoqda.
Tibbiy turizmda ko‘pincha jarrohlik amaliyoti, xususan, kosmetik, yoinki tishlarni davolashga talab katta. Umuman olganda, tibbiyot imkoniyatlari qayerda yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan bo‘lsa va davolanish uchun kerakli sharoitlar bo‘lmasa, o‘sha yerda yashovchi bemorlar (cho‘ntagiga qarab), tibbiyoti rivojlangan joylarga borishga harakat qilishi turgan gap. Bundan tashqari, bu yerda maqsad faqat davolanish bo‘lib qolmaydi. Ular albatta, shahar aylanishni, u yerdagi milliy taomlarni tanovul qilishni ham ko‘ngliga tugib qo‘yadi. Bu esa, tabiiyki, ularning ruhiyatiga yaxshi ta’sir qilib, davolanish ko‘ngildagidek kechishiga zamin yaratadi.
Tibbiy turizmi rivojlangan davlatlar
Endi butun dunyo bo‘yicha mashhur tibbiy sayohat manzilgohlari haqida ma’lumot berib o‘tsak.
Hozirgi paytda ko‘plab odamlar davolanish maqsadida borayotgan mamlakatlar AQSH, Hindiston, Isroil, Turkiya, Janubiy Koreya, Meksika, Iordaniya, Tailand, Kosta Rika, Singapur, Malayziya, Ekvadordir.
Kosmetik jarrohlik amaliyoti olib boriladigan asosiy davlatlar esa Argentina, Boliviya, Braziliya, Kosta Rika, Kuba, Ekvador, Meksika, Turkiya, Tailand va Ukraina.
Isroil
Yevropa, ayniqsa, MDH davlatlaridan va AQSH, Avstraliya, Misr, Janubiy Afrikadan ko‘plab bemor sayyohlarni qabul qiluvchi Isroil tibbiy turizmi bilan dunyoga dong taratgan. Birinchidan, bu davlatdagi tibbiy davolanish boshqa rivojlangan davlatlarga nisbatan arzon, tibbiyot sohasida xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar esa bemorlarga juda yaxshi munosabatda bo‘lishadi. Sayyohlar Isroilga ko‘pincha, jarrohlik amaliyotini o‘tash, jumladan, chanoq, qovuq suyaklari transplantatsiyasi (odam a’zolarini ko‘chirish), yurak jarrohligi, kateterizatsiya, onkologiya va nevrologiya, ortopediya, mashina avtohalokatida jabrlanganlar reabilitatsiyasi maqsadida borishadi. Isroilda ortopediya yo‘nalishidagi davolanish xarajatlari AQSHga qaraganda ikki marta arzon. Ma’lumotlarda keltirilishicha, 2014 yilda Isroilga 50 000 turist davolanish uchun tashrif buyurgan. Sayyohlar, shuningdek, Isroildagi O‘lik dengiz va Kinneret ko‘lida joylashgan sog‘lomlashtiruvchi kurortlarga kelishni ham xush ko‘rishadi.
Tailand
Aholini sog‘lomlashtirish vazirligining tibbiy turizmdagi o‘rni katta. Hukumatning o‘zi fuqarolar uchun sog‘lomlashtirish dasturlarini ishlab chiqqan. Xorijlik sayyohlar bu yerga ochiq yurak jarrohligi, jinsiy jarrohlik maqsadida kelishadi. 2015 yilga kelib, bemor sayyohlarning ulushi 2,81 millionni tashkil qilgan. Tailand tibbiy turizmi har yili yuqori sur’atlar bilan rivojlanayotgan davlatlar tarkibiga kiradi.
Eron
Forslar yurtida Gepatit B va Gepatit C virusi infeksiyalariga chalingan bemorlarni davolashda yaxshigina tajriba saqlanib qolingan. Bu noyob tajriba O‘rta Sharq mamlakatlaridan keluvchi bemorlarning dardiga malham bo‘lishga xizmat qilib kelmoqda. 2012 yili Eronga 30 000 sayyoh davolangani kelgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2015 yilda deyarli 200 000 nafarni tashkil qildi.
AQSH
Tibbiyot turizmi nuqtai nazaridan olib qaraganda, Amerika davlatlariga sayyohlarning kelishi, AQSHdan boshqa davlatlarga davolanish maqsadida boruvchilar sonidan kamroqni tashkil etadi. Bunga birinchi navbatda, AQSH yoki Meksikada tibbiy xizmat narxining juda yuqoriligini aytish mumkin. Internetdagi ma’lumotlarga ko‘ra, 2017 yil 2 oktyabr holatiga ko‘ra, 1 400 000 amerikalik fuqaro AQSHdan boshqa davlatlarga davolanish niyatida safar qilgan.
Hindiston
Hindiston tibbiyot turizm manzilgohi sifatida Osiyoda Tailanddan keyin 2 o‘rinda turadi. Chennay shahri “Hindiston sog‘lomlashtirish shahri” sifatida tan olingan bo‘lib, mamlakatga keluvchi sayyohlarning 45 foizi va mahalliy aholining 40 foizini o‘ziga jalb qiladi. Hindistonning tibbiy turizmi hali kelajakda yanada yuqori cho‘qqilarga erishishi kutilyapti. Chunki, bu yerga Amerika va Yevropa davlatlaridan davolanish uchun keluvchi turistlar soni yildan yilga oshyapti. Buning sababi oddiy: tibbiy muolajalar va davolanishlarning narxi arzon. Tibbiy turizm bo‘yicha chet elliklar Hindistonga kosmetik jarrohlik, bariatrik jarrohlik, tizza bo‘g‘imlarini ko‘chirish, jigar transplantatsiyasi va saraton kasalliklari bo‘yicha sayohat qilishadi.
Turkiya
Turkiyada mavjud tibbiy davolanishlar narxi g‘arbiy Yevropaning boshqa mamlakatlariga qaraganda nisbatan arzon bo‘lgani uchun har yili minglab odamlar Turkiyaga borib davolanishni afzal biladi. Turkiya, asosan, sochlarni ko‘chirish jarrohlik markazi sifatida namoyon bo‘lib bormoqda.