Tug‘ruqdan keyingi muammolar
Vanihoyat, eson-omon qutulib oldingiz. Endi qiyinchiliklar ortda qoldi deb o‘ylaganingizda tug‘ruqdan keyingi, ya’ni chilla davri muammolari sizni kutib turgan bo‘ladi. Ular nimalardan iborat? Sabablari nima-yu, choralari qanday? Shular haqida ma’lumot beramiz.
Mutaxassis – oliy toifali shifokor ginekolog Mohira SODIQOVA
Tiklanish davriga marhamat!
Tug‘ruqdan keyingi tiklanish davri har bir ayolda o‘ziga xos bo‘lib, o‘rtacha 6 –10 hafta davom etadi, ya’ni shu vaqt ichida organizm tug‘ruqqacha bo‘lgan holatga qaytadi. Ammo doim ham bu davr ravon kechavermaydi. Ko‘pincha endigina erishilgan onalik baxtini ayol salomatligidagi ayrim muammolar xira qiladi. Bunga asosiy sabablar quyidagilar:
Past immunitet yoki shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik;
Tug‘ruq payti ko‘p qon yo‘qotish;
Avitaminoz, qonning yaxshi quyuqlashmasligi;
Tug‘ruq payti jarrohlik aralashuvi;
Bachadonda platsenta qoldig‘i qolib ketishi;
Homilaning ona qornida uzoq vaqt suvsiz qolishi.
Tug‘ruqxonadan chiqqan ayol qirq kungacha ana shu tug‘ruqxona nazoratida bo‘ladi, ya’ni biron muammo tug‘ilsa, darrov o‘zi tuqqan muassasa shifokorlariga murojaat qilishi kerak.
Bezovtaliklar
Quyida tug‘ruqdan keyin uchraydigan asosiy muammolarni sanab o‘tamiz:
Ko‘p qon ketishi. Tug‘ruqdan keyin bachadondan qon kelib turishi normal holat. Odatda, bir yarim haftagacha bu qonli ajralmalar yorqin qizil rangda bo‘ladi, keyinroq u kamayib, rangi qorayib boradi. 6–8 haftada to‘xtaydi. Ammo tug‘ruqdan 2 hafta o‘tib ham qon rangi yorqinligicha qolaversa, unda o‘tkir hid va ba’zida yiringli aralashmalar paydo bo‘lsa, darhol shifokorga murojaat qilish kerak. Bu bachadonda platsenta qoldig‘i qolib ketganligi yoki boshqa asoratlar alomatidir. Shuningdek, qon yetarli miqdorda kelmasligi, ya’ni 1-2 haftadayoq tugab qolishidan ham xursand bo‘lmang, bu bachadonning qayrilib qolganidan dalolat bo‘lishi mumkin.
Endometrit – eng ko‘p tarqalgan asorat. Endometrit – bu bachadon shilliq qavatining yallig‘lanishidir. Ko‘pincha u bachadonga mikroblar tushishi oqibatida paydo bo‘ladi. Tug‘ruqdan 3 kun o‘tiboq uning belgilari ayolni bezovta qila boshlaydi (og‘ir endometrit), yoki 5–12 sutkaga kelibgina namoyon bo‘lishi ham mumkin (engil endometrit). Ayol o‘zini behol sezadi, tana harorati ko‘tariladi, ajralmalar yiring hidiga ega bo‘ladi. Darhol antibiotik terapiyasini boshlash kerak. Endometritning oldini olish uchun tug‘ruqqacha va tug‘ruqdan keyin gigiyena qoidalariga rioya qilish hamda infeksion kasalliklardan himoyalanish lozim.
Mastit. Bu asorat sut bezlariga stafilokkok bakteriyasining tushishidan yuzaga keladi. Ko‘krak qattiqlashib, issiq bo‘lib qoladi. Bu muammodan himoyalanish uchun bolani ko‘krakda to‘g‘ri emizish va ko‘krak gigiyenasi qoidalariga rioya etish kerak. Ko‘krak uchida yoriqlar paydo bo‘lsa, ularni vaqtida davolash kerak.
Peritonit. Bu kesarcha kesishdan keyin ko‘p uchraydigan asoratdir. Tug‘ruqdan keyingi peritonit bachadondagi chokka infeksiya tushishi yoki tuxumdonlar shamollashidan kelib chiqadi. Ayolning tana harorati ko‘tariladi, qorin dam bo‘ladi va qorinning pastki qismida og‘riq yuzaga keladi. Bu kasallik jarrohlik yo‘li bilan infeksiya tushgan joyni olib tashlash orqali davolanadi. Uning oldini olish uchun kesarcha kesishdan so‘ng gigiyena qoidalariga to‘liq amal qilish kerak.
Epidural anesteziyadan keyingi asoratlar. Bugungi kunda epidural anesteziya tug‘ruq payti og‘riqni qoldirishning eng xavfsiz usuli hisoblanadi. Chunki bunda ona va bola xayotiga xavf juda minimal darajada. Egiluvchan kateter yordamida 3-4-umurtqa pog‘onalari orasiga og‘riq qoldiruvchi vosita yuboriladi. Bunda ayol hushini yo‘qotmaydi, tug‘ruq tabiiy yo‘l bilan amalga oshadi. Bordiyu kesarcha kesishda og‘riqsizlantirish qo‘llansa, ayol tezda o‘ziga kelishi, sutga narkozning o‘tmasligi kabi foydali jihatlari mavjud. Ammo bu usul qo‘llanganda xuddi inson organizmiga chetdan amalga oshirilgan boshqa aralashuvlar kabi, ma’lum asoratlar xavfi yuzaga keladi. Eng ko‘p kuzatiladigani – umurtqa pog‘onalari orasidagi bog‘lamlarning zararlanishi va orqa miya qobig‘ining yallig‘lanishidir. Natijada bel og‘rishi, oyoqda sezuvchanlikning kamayishi, bosh og‘rig‘i kabilar ayolni bezovta qilishi kuzatiladi. To‘g‘ri, bu asoratlarni davolash mumkin, lekin baribir alohida zarurati bo‘lmasa ushbu anesteziyani talab qilmaslik kerak. Unutmang, tug‘ruq paytidagi og‘riq qo‘rqinchli emas. Agar 9 oy davomida faqat yaxshi niyat qilib, o‘zingizni ijobiy narsalarga tayyorlab borsangiz, og‘riqni yengib o‘ta olasiz. Axir, hamma ayollar bundan o‘tishgan.
Depressiya. Ko‘pincha yangi bo‘shangan ayolning jismoniy toliqqanligi va organizmdagi gormonal o‘zgarishlar tufayli yuzaga keladi. Butun hayotingiz chaqaloqqa bog‘liqdek, eringiz sizni tushunmayotgandek, hech kim sizga yordam bermayotgandek tuyuladi. Xullas, kayfiyatingiz negadir yomon bo‘lib yuraverasiz. Bunda vaziyatni o‘zgartirish o‘zingizning qo‘lingizda. Avvalo, bu holat vaqtincha ekanini, bariga gormonlar sababligini o‘ylang. Iloji bo‘lsa, chaqaloqni bir-ikki soatga kimgadir qoldirib go‘zallik saloniga borish, sayr qilishga imkon toping. Depressiya xuruji yaqinlashayotganini sezishingiz bilan yaxshi narsalar haqida o‘ylang, orzularga beriling. Yana bir yo‘li: biron mashg‘ulot topish. Balki kitob o‘qirsiz, to‘qishni o‘rganarsiz. Xullas, o‘zingizni yomon xayollardan chalg‘iting. Imkoni bo‘lishi bilan uxlab oling, chunki kamuyqulik ham depressiyani kuchaytiradi.
Bavosir. Ko‘pchilik ayollar homiladorlikda ich ko‘p qotishi, tug‘ruq payti qattiq kuchanish tufayli bavosirga chalinib qoladilar. Bu juda nozik va og‘riqli dard. Afsuski, bu muammoni o‘zingiz hal qila olmaysiz. Shu sababli mutaxassisga murojaat qiling. Bavosirning oldini olish uchun homiladorlikda to‘g‘ri ovqatlanib, ichingiz muntazam yurishib turishini ta’minlang. Dard kelganda huqna qildirmang, ich keltiruvchi turli shamchalardan foydalanmang. Hammasi tabiiy yo‘l bilan hal bo‘lishiga qo‘yib bering.
Ortiqcha vazn. Ayrim ayollar tug‘ishi bilan homiladorlikdan oldingi kiyimlariga sig‘ib ketaverishadi, boshqalar esa ortiqcha vazn bilan oylab, hatto yillab kurashishadi. Odatda, ayol homiladorlikda o‘rtacha 10-15 kg vazn qo‘shadi. Tug‘ruqdan keyin 7-8 kg vazn darhol yo‘qotiladi. Qolganlari esa vaqt o‘tishi bilan yo yo‘qoladi, yo bir umrga ayol bilan qoladi. Іar kimda har xil. Nima qilmoq kerak? Ayollarimizning asosiy xatosi – noto‘g‘ri kun tartibi. Siz chaqaloq parvarishiga butunlay berilib ketib, o‘zingizni unutasiz. Ertalab xotirjam o‘tirib nonushta qilmaysiz, ba’zida tushlikka vaqt topolmaysiz va kechqurun qo‘lingizga tushgan narsani yeb ketaverasiz: qorningiz to‘ysa bo‘ldi. Albatta, semirasiz-da. Tug‘ruqdan keyin darhol ozdiruvchi parhezlarni boshlash kerak emas. Bu siz uchun befoyda, bolaga esa zararli bo‘lishi mumkin. Keyin bolalarning ketidan uvol bo‘lmasin deb ovqatlarini yeb qo‘yish odatingizni ham tashlang. Tez-tez oz-ozdan ovqatlaning, uzoqroq sayr qiling.
Shahnoza TO‘RAXO‘JAYEVA tayyorladi.
Manba: «Sug’diyona» gazetasi