Har nega asabiylashish yaramaydi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, hozir sayyoramizda 320 milliondan ko‘proq inson qandli diabet xastaligidan aziyat chekmoqda. Agar o‘z vaqtida samarali choralar amalga oshirilmasa, bu ko‘rsatkich yildan-yilga oshib, jamiyat taraqqiyotiga jiddiy raxna solishi mumkin. Xo‘sh, bu qanday kasallik? Unga qarshi qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda? Bu haqda viloyat endokrinologiya dispanseri shifokori Jamshid YARMAMEDOV quyidagilarni ma’lum qildi:

Paydo bo‘lishi

Qandli diabet dunyoda keng tarqalgan ijtimoiy kasalliklardan biri  bo‘lib, u qonda qandning surunkali ko‘tarilishi bilan izohlanadi, ya’ni organizmda oshqozon osti bezi insulin gormonining qisman yoki butunlay yetishmovchiligi natijasida rivojlanadi. Kasallik qon va peshobni tekshirish orqali aniqlanadi. Davolashda esa asosiy e’tibor oshqozon osti bezi faoliyatini yaxshilashga qaratiladi. Bu borada zamonaviy tibbiyot sohasida tinimsiz izlanishlar olib borilmoqda. BMT tomonidan 2006 yilda mazkur kasallik yuzasidan maxsus rezolyusiya qabul qilindi va 14 noyabr – Xalqaro qandli diabetga qarshi kurash kuni, deb e’lon qilindi.

Turlari

Mazkur kasallikka yo‘liqqan bemorlar 2 turga ajratiladi. Birinchi tur bolalar va o‘smirlarda uchraydi. Ularda kasallik tez boshlanib, tez kechadi. Bemor ozib ketadi, ishtahasi ortganiga qaramay, umumiy quvvatsizligidan, ish qobiliyati pasayganidan noliydi. Qandli diabet o‘tkir shamollash, suvchechak, qizamiq infeksiyasi va gripp asoratlari natijasida yuzaga kelishi mumkin. Bu tur kasallikning klinik belgilari 7-10 kunda ko‘zga tashlanadi.

Ikkinchi tur bemorlari asosan 35 yoshdan katta bo‘lib, dardi sekinlik bilan boshlanadi. Ularda yuqorida keltirilgan xastalik belgilari kuzatilmasligi mumkin, lekin qand miqdori qonda ham, peshobda ham baland darajada bo‘ladi. Shunga qaramay, dard yengil kechadi. Ularda insulin gormoni qisman yetishmovchiligi kuzatiladi. Bunga hayot tarzidagi o‘zgarishlar, noto‘g‘ri ovqatlanish, zararli odatlar, surunkali stress holatlari, kuchli shamollash asosiy sabab bo‘ladi. Hozirgi kunda qandli diabetning ushbu ikkinchi turi ko‘payib bormoqda.

Jismoniy mehnat bilan muntazam shug‘ullangan, doimiy badantarbiya qilib yuradigan, tartibli ovqatlanadigan, o‘z ishi va dam olishini to‘g‘ri tashkil qilgan odamlar bu kasallikka hech qachon chalinmaydilar.

Belgilari

Kasallik belgilari chanqash, peshobga ko‘p chiqish, charchoq, madorsizlik, asabiylik, ko‘ngil aynishi (ba’zan qayt qilish), tez-tez yuqumli infeksiyali dardlar bilan og‘rish, oyoq-qo‘llardagi sanchiqlar, oyoq kaftining uvushib qolishi, ko‘rish qobiliyati, buyraklar ish faoliyatining buzilishi bilan namoyon bo‘ladi. Faqat insulin bilan bog‘liq qandli diabetda bemor ozib ketadi, insulinga bog‘liq bo‘lmagan diabetda esa ko‘proq tana vazni oshib ketishi kuzatiladi.

Yana o‘qing:  NAJOTKORLAR

Kasallikni doimo tekshirtirib, davolab turishdan tashqari, bemorlar parhezga amal qilishlari talab qilinadi. Diabet parhezi asosan o‘simlik, sut mahsulotlari asosida bo‘ladi. Chunki xom sabzavotlar va mevalarni iste’mol qilish oshqozon osti bezining insulin ishlab chiqarishini kuchaytiradi. Shu sababli ham diabetdan aziyat chekuvchi bemorlar kundalik taomnomasiga iloji boricha ko‘proq sabzavot, mevalar, yong‘oq, boshoqli don mahsulotlari, pishloq, dukkaklilar, piyoz, sarimsoq, bodring va turpni kiritishlari lozim. Oson hazm bo‘ladigan uglevodlar: shakar, qandolatchilik mahsulotlari, murabbo, shokolad, asal, uzum, xurmo, konservalangan mevalar va boshqa shirinliklar diabet bilan og‘rigan kishilar taomnomasidan chiqarib tashlanishi zarur. Shirinliklarsiz tura olmaydigan bemorlarga shakar o‘rnini bosuvchi tabiiy mahsulotlarni iste’mol qilish tavsiya etiladi.

Davo choralari vaqtida ko‘rilishi kerak

Odatda ikkinchi tur qandli diabet tashxisi qo‘yilgan bemorlar dastlabki vaqtda o‘zlarini yaxshi his qilishlari sabab va davo choralarini qo‘llamasam ham bo‘ladi, degan fikrda kasallikka qarshi kurashishmaydi. Parhez qilmaslik, dori vositalarini o‘z vaqtida qabul qilmaslik organizmga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Xususan, ko‘z xiralashishi, ko‘rmay qolishi, qon almashinuvi yomonlashishi, yurak ishemik kasalliklarining yuzaga kelishi kabilar kuzatiladi.

Ortiqcha vaznli bo‘lsangiz…

Ikkinchi turdagi qandli diabet bilan og‘riganlarning 90 foizga yaqini semizlikdan aziyat chekadi. Chunki noto‘g‘ri ovqatlanish semizlikka olib keladi. Yog‘lar, uglevodlarni ko‘p iste’mol qilish, oqsil va biriktiruvchi to‘qimalarning yetishmasligi esa diabet rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun ham shifokor ortiqcha vazni mavjud bo‘lgan har qanday bemorni qandli diabetni aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishga jo‘natishga haqli. Agar bunda kasallik topilmasa, bu quvonarli hol, albatta. Ammo ortiqcha vazni bo‘lgan har qanday kishi vaqti-vaqti bilan qondagi qand miqdorini tekshirtirib turgani ma’qul. Jismoniy harakatlar ikkinchi tur qandli diabetga chalingan bemorlarga qondagi qand miqdori pasayishiga katta yordam beradi.

Nasl suradimi?

To‘g‘ri, oila a’zolari ikkinchi turdagi diabet bilan og‘rigan odamlarda bu xastalikka moyillik mavjud bo‘ladi. Biroq diabetga moyillik hamma ham shu kasallik bilan aniq og‘rishini bildirmaydi. Diabet rivojlanishida hayot tarzi va ovqatlanish katta o‘rin tutadi. Vaqtida tibbiy tekshiruvlardan o‘tib tursangiz, xotirjam bo‘lishingiz mumkin.

Diabetsiz sog‘lom hayot

Butun dunyoda 14 noyabr – Xalqaro qandli diabetga qarshi kurash kuni arafasida turli ijtimoiy loyihalar amalga oshirilmoqda. Maqsad — kishilar diqqat-e’tiborini ushbu tibbiy-ijtimoiy muammoga qaratish, aholiga qandli diabet xastaligi haqida to‘la-to‘kis ma’lumot berish, tibbiy madaniyatni yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishdan iborat.

Yana o‘qing:  Foydali mahsulotlarning ba’zi salbiy jihatlari

Yurtimizda 1 noyabrdan – 1 dekabrgacha davom etadigan oylik doirasida turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, sport musobaqalari, davra suhbatlari o‘kazilmoqda. “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri davomida kishilar laboratoriya tekshiruvi, endokrinolog, okulist, nevropatolog, xirurg, shifokor-mutaxassislar tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, tegishli maslahatlar olishmoqda.

Boshqa xastaliklar singari diabetni ham davolagandan ko‘ra oldini olish inson salomatligi va jamiyat uchun samaralidir. Buning natijasida diabetni davolashga ketadigan xarajatlar o‘n marta qisqaradi, nogironlik hamda o‘lim ko‘rsatkichlari kamayadi. Kasallikdan yiroq bo‘lishni istasangiz, hayotimizning asosiy qoidasiga aylangan — har narsadan asabiylashish, jig‘ibiyron bo‘lish, shoshqaloqlik ko‘nikmasidan voz keching.

Shohista BOZOROVA yozib oldi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: