Zararli, ammo “yaroqli”. Oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanmoqda(mi)?
Sog‘lom ovqatlanish insonning uzoq umr kechirishini ta’minlovchi muhim mezondir. Globallashuv, urbanizatsiya jarayonlari chuqurlashayotgan hozirgi davrda bu tushunchaning ahamiyati yanada ortmoqda.
Bugungi kunda sayyoramizda 2 milliard inson (26 foizi) temir moddasi va A vitamini kabi odam organizmi uchun o‘ta zarur bo‘lgan organik mikroelementlarni talab darajasida tanovul qilmaydi. Shu tufayli aksariyat bolalarning o‘sishi va rivojlanishi ortda qolmoqda. Ular surunkali tinka qurishidan aziyat chekmoqda. Bularga sog‘lom ovqatlanish va turmush tarzidagi kamchiliklar asosiy sabab qilib ko‘rsatiloqda.
Nosog‘lom ovqatlanish hamda nosog‘lom turmush tarzi yurak-qon tomir kasalliklari, qandli diabet, saraton va boshqa surunkali xastaliklar, shuningdek, semizlik, qamqonlik xastaliklarining asosiy omilidir. Tabiiyki, bu aholining yaxshi yashashiga va sihat-salomatligiga salbiy ta’sir etadi. Birgina keng tarqalgan kamqonlikning o‘zi jiddiy e’tibor qaratish lozim bo‘lgan muammolar sirasiga kiradi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra hozirgi kunda dunyodagi 1,62 milliarddan ortiq (21 foiz) inson temir tanqisligi anemiyasiga chalingan.
Mamlakatimizda aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda to‘g‘ri ovqatlanishini tashkil etishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hamda hukumatning bir qator normativ-huquqiy hujjatlari qabul qilindi. Xususan, davlatimiz rahbarining 2017 yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi, 2018 yil 16 yanvardagi “Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yanada ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari bu borada muhim huquqiy hujjat vazifasini o‘tamoqda.
O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston Respublikasi aholisining sog‘lom ovqatlanishi sohasidagi chora-tadbirlar kompleksi ijrosini ta’minlash maqsadida maktabgacha ta’lim muassasalarida to‘laqonli va xavfsiz ovqatlanishni tashkil etishning hamda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligiga gigiyenik talablar, sut va sut mahsulotlariga (sut, qaymoq, suzma, tvorog, pishloq, smetana, kefir, qatiq) davlat standartlari ishlab chiqildi. Bunda tayyor oziq-ovqat mahsulotlari tarkibiga qo‘shiladigan shakar, tuz, to‘yingan va transkislotalar hamda qo‘shimchalarni xavfsiz miqdorda me’yorlashtirish ko‘zda tutilgan.
Ammo, qator chora-tadbirlar amalga oshirilayotganiga qaramay, bu boradagi muammolar to‘la bartaraf etildi, deb bo‘lmaydi. Oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligini tekshirish maqsadida 2017 yilda o‘tkazilgan laboratoriya tahlillariga ko‘ra sanitariya-gigiyena laboratoriyalarida 265 ming 332 ta oziq-ovqat mahsuloti namunalari tekshirilganda ularning 9 ming 302 tasi sanitariya-gigiyena me’yor talablariga javob bermasligi aniqlangan. Birgina shu faktlarning o‘zi ushbu sohada hali qilinishi lozim bo‘lgan ishlar talaygina ekanini ko‘rsatadi.
Sog‘lom ovqatlanish bilan bog‘liq mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida aholining oziq-ovqat xavfsizligi va ratsional ovqatlanishini ta’minlash yuzasidan tashkiliy-huquqiy mexanizmlarga doir chora-tadbirlar rejasi loyihasi ishlab chiqilgan. Unda qilinishi lozim bo‘lgan o‘ta dolzarb vazifalar aniq belgilab olingan.
X. HUSENOVA