Yangi qaror: ta’lim sifati yuqori bosqichga ko‘tariladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev joriy yilning 13 avgust kuni “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Qabul qilingan qarorning asosiy maqsadi mamlakatimizda barkamol avlodni shakllantirish, yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismonan sog‘lom etib tarbiyalash, ularni mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirish hamda o‘qituvchilik kasbining jamiyatimizdagi nufuzini yanada oshirishga qaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ko‘rsatmasiga asosan ushbu qaror bilan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari xodimlarining bazaviy tarif stavkalari 2018 yil 1 sentyabrdan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun 1,1 baravarga, yuqori sinf o‘quvchilariga uchun o‘rtacha 1,24 baravargacha, direktor, uning o‘rinbosarlari va axborot-resurs markazi (kutubxona) mudirlari va kutubxonachilari uchun 1,1 barvarga oshirildi.

2019 yil 1 yanvardan oliy toifali o‘qituvchilar uchun 1,25 baravarga, birinchi toifali o‘qituvchilar uchun 1,2 baravarga, ikkinchi toifali o‘qituvchilar uchun 1,15 baravarga, mutaxassis o‘qituvchilar uchun 1,1 baravarga, direktor, uning o‘rinbosarlari, axborot-resurs markazi (kutubxona) mudirlari va kutubxonachilari uchun 1,1 baravarga oshirildi.

Natijada, ustamalar, sinf rahbarligi va daftar tekshirganlik uchun to‘lanadigan to‘lovlarni hisobga olgan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining bazaviy tarif stavkalari toifalar bo‘yicha o‘rtacha hisobda 24 foizdan 39 foizgacha, yuqori sinf fan o‘qituvchilarining bazaviy tarif stavkasi 37 foizdan 49 foizgacha, maktab direktori va ularning o‘rinbosarlariniki o‘rtacha 27 foizga, axborot-resurs markazi (kutubxona) mudirlari va kutubxonachilarniki o‘rtacha 26 foizga oshirildi.

Davlatimiz rahbari tomonidan o‘quvchilarning aqlan va ruhan sog‘lom qilib tarbiyalashga yana bir marotaba alohida e’tibor qaratildi. Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida o‘quvchilar sonidan kelib chiqib, 2018 yil 1 sentyabrdan boshlab psixolog shtat birliklari maktabdagi o‘quvchilar soni 250 nafargacha bo‘lganda 1 shtat birligi, 250 nafardan 800 nafargacha 1,5 shtat birligi, 800 nafardan 1600 nafargacha 2 shtat birligi, 1600 nafardan 3000 nafargacha 2,5 shtat birligi, 3000 nafardan ortiq bo‘lsa 3 shtat birligi etib belgilandi.

Shuningdek, maktab psixologlarining bazaviy tarif stavkalari 2018 yil 1 sentyabrdan mutaxassis o‘qituvchilar bazaviy tarif stavkalarining 90 foiziga tenglashtirildi hamda 2019 yil 1 yanvardan 1,1 baravarga oshirildi. Natijada maktab psixologlarining bazaviy tarif stavkalari 96 foizga oshdi.

Yana o‘qing:  O‘zbekistonda yana bir vazirlik o‘zgartirilmoqda

Qarorda hududiy, respublika va xalqaro fan olimpiadalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarni tayyorlagan pedagog kadrlarga eng kam ish haqining 5 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda bir martalik pul mukofoti berish tartibini ishlab chiqish, ta’lim rivojiga munosib hissa qo‘shgan, davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan pedagog kadrlarni davlat va xo‘jalik boshqaruv organlariga qarashli sanatoriy-sog‘lomlashtirish muassasalarida imtiyozli shartlarda sog‘lomlashtirish tizimi yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, qarorda har yili qishloq va shaharlarda arzon uy-joylar qurish dasturlari asosida qurilayotgan uy-joylarning bir qismini xalq ta’limi tizimidagi pedagog xodimlarga 25 yil muddatga imtiyozli ipoteka krediti sifatida berish, “Har bir oila – tadbirkor” dasturi asosida pedagog xodimlarning oila a’zolariga imtiyozli kreditlar berish, avtotransport vositasi sotib olish va boshqa maqsadlar uchun kreditlar berish belgilandi.

Qarorda 2018–2020 yillarda pedagoglik kasbining yuksak ijtimoiy mavqei va obro‘sini targ‘ib qiluvchi “O‘qituvchi va murabbiylar xiyobonlari”ni tashkil etilishi belgilandi.

Qarorning yana bir o‘ziga xos jihati 2018–2019 o‘quv yilidan boshlab umumta’lim maktablari, shu jumladan, ixtisoslashtirilgan maktablar, san’at va madaniyat maktab-internatlari, olimpiya zahiralari maktab-internatlari hamda akademik litseylar bitiruvchilariga a’lo bilimi, namunali xulqi va jamoat ishlaridagi faolligi uchun oltin va kumush medallarni berish tartibi joriy qilindi.

Qarorda yana bir marotaba xalq ta’limi tizimi xodimlarini ta’lim jarayoni bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, majburiy mehnatga, tuman va shahar hududlarini obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlariga, turli xil yig‘ilishlarga jalb qilish, ularning kasbiy faoliyatini amalga oshirishiga har qanday shaklda to‘sqinlik qilish amaldagi qonun hujjatlarida ta’qiqlanganligi yana bir bor ta’kidlab o‘tildi.

Mazkur qaror ta’lim-tarbiya sifatini tubdan oshirish, mamlakatimizda yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismonan sog‘lom etib tarbiyalash, ularni mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirish hamda o‘qituvchilik kasbining jamiyatimizdagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.

 

Xurshida HUSENOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: