Chanqovbosdi: nimani, qancha, qanday ichgan ma’qul?
Odamlar boshqa fasllardagiga qaraganda yozda tezroq chanqaydi. Chunki issiq paytlarda organizmda suv almashinuvi jadallashadi. Ter, bug‘lanish miqdori oshishi vujudda suv miqdori tez kamayishiga, suyuqlik iste’moli oshishiga sabab bo‘ladi. Ushbu holat issiq iqlimli o‘lkalarda me’yoriy fiziologik jarayon bo‘lib, u vujuddagi barcha hayotiy ko‘rsatkichlarni tegishli chegarada saqlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Savol tug‘iladi: odam chanqaganida nimani, qachon, qay tariqa va qancha miqdorda ichsa, organizmiga foyda keltiradi?
Ma’lumki, issiqda inson terlaydi. Terlash tufayli vujudda, shu jumladan, qonda ham suv miqdori kamayadi va bosh miyaning gipotalamus qismida maxsus nerv markazlari qo‘zg‘alib, kishi chanqoqni his qiladi. Ushbu holatga barham berish uchun ancha-muncha suv ichishga to‘g‘ri keladi. Shunda chanqoq sal-pal pasayadiyu, biroz vaqt o‘tishi bilan yana tashnalik hissi paydo bo‘ladi. Ana shunday hollarda ko‘pchilik suv iste’mol qilishda adashadi, ortiqcha suv ichadi. Natijada noxush holatlarga uchraydi, yurak-qon tomirlari, buyraklar ishiga qo‘shimcha yuklama tushadi, kishi behuzur bo‘ladi va hokazo.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, ko‘p terlash tufayli tanani nafaqat suv, balki kerakli mineral moddalar, masalan osh tuzi va moddalar almashinuvi natijasida hosil bo‘ladigan boshqa har xil murakkab kimyoviy moddalar kompleksi ham tark etadi. Tashnalikni bosish uchun esa toza suv ichiladi, xolos. Bu yo‘l bilan vujudning suvga bo‘lgan ehtiyoji qondirilsa-da yo‘qotilgan moddalarga bo‘lgan talabi ochiq qolaveradi va chanqoq bosilmaydi. Shu bois ota-bobolarimiz yoz paytlari toza suv o‘rniga asosan ayron, chalop, ko‘k choy ichishgan. Chunki sut mahsulotlaridan tayyorlangan suyuq ichimliklar tarkibida suvdan tashqari aynan terlagan paytda tanani tark etadigan moddalar ham bo‘ladi. Ko‘k choyda esa 160 dan oshiq shunday moddalar bor. Shuning uchun ham yozning issiq kunlarida suv o‘rniga choy ichgan ma’qul.
Shuni ham yodda tutish joizki, suvsaganda ichiladigan suyuqlikning tarkibi va miqdoridan tashqari, ularni qanday ichish ham muhim. Uzluksiz xo‘plashmi yoki qultumlab ichishmi? Agar suyuqlik qultumlab, sekin-asta ichilsa, og‘iz bo‘shlig‘idagi maxsus nerv uchlari (retseptorlar) tegishli darajada ta’sirlanib, bosh miyadagi suvdan to‘yinish markaziga yetarli miqdorda nerv impulslari yuboradi va tezroq qoniqish hosil bo‘ladi. Idishdagi ichimlik to‘xtovsiz ichilganida esa (kuchli chanqaganda ko‘pchilik aynan shunday qiladi) retseptorlar orqali miyaga xabar sekin boradi va qabul qilingan suyuqlik miqdoriga nisbatan qoniqish hissi birmuncha kech yuzaga keladi. Natijada ehtiyojga qaraganda ko‘p ichimlik ichib qo‘yiladi.
Yozda chanqoqning kuchayishiga terlash tufayli tanadagi qon reaksiyasining (kislotali-ishqoriy muvozanatning) kislotali tomonga oz bo‘lsa-da surilishi ham olib keladi. Odatda qonda ushbu ko‘rsatkich kuchsiz ishqoriy. Ko‘p terlash esa muvozanatni buzadi. Natijada moddalar va energiya almashinuvi o‘zgaradi, yurak-qon tomir, hazm qilish tizimlari me’yorida ishlamaydi. Shunday paytda tashnalik yuzaga kelib, suv ichiladi va vaziyat biroz yaxshilanadi. Agar qabul qilingan suyuqlik tarkibida suvdan boshqa yuqorida aytib o‘tilgan moddalar ham yetarli bo‘lsa, qon reaksiyasi me’yorlashadi. Buning uchun esa iste’mol qilinadigan suyuqlikning ishqoriy bo‘lishi asqatadi. Masalan, mineral suvning ish-qoriy bo‘lishi kislotalilikning kamayishiga anchagina yordam qiladi. Lekin ko‘p hollarda suvsaganimizda mazali bo‘lgani uchun suv o‘rniga hozir sotuvda keng tarqalgan kola, limonad, siropli gazsuvlar va boshqa turli rangdagi ichimliklarni iste’mol qilamiz. Ammo bu noto‘g‘ri. Chunki aynan shu ichimliklarda kislotalilik ancha kuchli.
Eng yaxshisi, chanqaganda har xil mevalar (olma, olcha, o‘rik, olxo‘ri)dan kamgina shakar qo‘shib tayyorlangan sharbatlar asqatadi. Qolaversa, tarvuz, qovun, bodring, pomidor yeb turish ham chanqoqni qondirishda yaxshi yordam qiladi. Chunki ulardagi suv, birinchidan, tarkibi bilan tanamizning to‘qimalaridagi suvga juda yaqin, ikkinchidan, ularning reaksiyasi ishqoriy, kislotalilikni tez pasaytiradi.
Bu o‘rinda eng kuchli chan-qovbosdi ichimlik oz miqdorda limon sharbati qo‘shilgan suv hisoblanadi. Limonni ko‘pchilik nordon bo‘lgani uchun kislotali xususiyati kuchli deb hisoblaydi. Lekin bu noto‘g‘ri. Unda ishqoriylik yuqori turadi. Suvni qaynatib, sovitgandan keyin bir stakaniga ozgina limon suvi hamda chorak choy qoshiq asal qo‘shib ichilsa, chanqov tez bartaraf bo‘ladi. Bu usul xalq tabobatida ko‘p marta sinab ko‘rilgan bo‘lib, limon va asalga nisbatan allergiyasi yo‘q odamlarga yoz kunlari juda qo‘l keladi.
Chanqadingizmi, tavsiyalarimizga amal qiling. Shunda bardam va tetik bo‘lasiz.
Sh.QURBONOV,
biologiya fanlari doktori, professor