Stress holatiga tushmaslik uchun nima qilish kerak?

Hayot har doim bir tekisda davom etavermaydi. Kun yaxshi o‘tishiga  kayfiyatimizning ko‘tarinki bo‘lishi albatta yordam beradi. Aksincha, kayfiyat yomonlashsa, dunyo ko‘zga torday ko‘rinadi, inson o‘zi bilmagan holda g‘azabini boshqalarga sochadi, birovlarning dilini og‘ritadi.

Albatta, barchasi odamning o‘z qo‘lida, biroq tanida joni bor odam u yoki bu darajadagi stress holatiga tushadi. Buning sog‘liqqa ta’siri shunday bo‘ladiki, odam ruhiy zo‘riqishga uchraganida oshqozon-ichak kasalliklari: ich o‘tishi yoki qotishi, ko‘ngil aynishi, kekirish, ishtaha buzilishi kabi holatlar uchraydi. Ruhiy zo‘riqish yurak urishini tezlashtiradi. Uyquning buzilishi —  dastlabki ruhiy zo‘riqish belgisi. Bunda odam tun yarmida uyg‘onib, qayta uxlolmaydi. Ertalab uyqusi qonmay, charchab turadi, nonushtada ishtahasi bo‘lmaydi. Stressning salbiy tomonlaridan yana biri miyani tormozlab, ma’nosiz fikrlaydigan darajaga tushirib qo‘yishi mumkin. Agar odam tez-tez tushkunlikni boshidan kechirsa, atrofdagilar bilan gaplasha olmaydigan holatga tushadi. Stress natijasida inson o‘ziga past baho bera boshlaydi. Oqibatda o‘zini yolg‘izdek, yaqinlariga keraksizdek his qiladi.

Stressga duchor bo‘lmaslik uchun sabr-qanoatli bo‘lish, mehnatni dam olish bilan uyg‘un olib borish, tinchlanish kerak. Har doim ko‘tarinki kayfiyatda bo‘lishga harakat qiling. Ko‘tarinki kayfiyat kasalliklarni yo‘latmaydi. Odam o‘zida boriga rozi bo‘lsa, biror yutuqqa erishganiga, hechqursa tirik yurganiga shukur qilsa, hammasi ko‘ngildagiday bo‘ladi.

Ko‘ngilsizliklarni yuragingizda asramang. Ruhiy zo‘riqishdan qutulishning o‘zingizga ma’qul yo‘lini topib, o‘zlashtirib oling. Qiyinchilikka uchragan paytda sabrli bo‘ling. Kutishni o‘rganing. Ruhiy-asabiy taranglikning eng yaxshi davosi tashvishlarni unutishdir. Muammolarga qo‘l siltab, ularni esdan chiqarib, ko‘ngilga xush yoqadigan biror ishga intilish – umidbaxsh va shifobaxsh usul. Ichki hissiyotlarni yuzaga chiqaring, g‘am-alamlaringizni to‘kib soling. Bunday paytda yig‘i-sig‘i ham foydali bo‘lib, tananing tozalanishiga, ko‘ngildagi chigillarning yozilishiga yordam beradi. Ayni shu paytda ichingizdagi salbiy hissiyot, achinish hislari ko‘z yoshlari bilan chiqib ketadi.

Sizga umuman bog‘liq bo‘lmagan narsalardan siqilmang. Faqat yaxshi xotiralarni yodga oling. Fe’l-atvorning ham  sog‘liqqa ta’siri bor. Yuragi tozalardan kasal qochadi. Yaxshi musiqa bemor ruhiga eng zarur ozuqa, yaxshi malham bo‘la oladi. Sho‘x-shodon, ko‘ngilga yaqin taronalarni tinglaganingiz ma’qul.

O‘zingizni shoshirmang. Sizga o‘zi nima kerakligini  anglab, shunga yarasha xotirjam sa’y-harakat qilsangiz ulgurasiz, uddalaysiz. Jismoniy mashqlar asabiylik holatini tartibga keltiradi. Qiyinchilik sodir bo‘lganida uning sababini aniqlang, shunga qarab, reja tuzing. Ruhiy zo‘riqish holati paytida sayr qilish, tanishlar bilan suhbatlashib, fikrni boshqa tomonga burish ham foydali.

Yana o‘qing:  Bolajonlar uchun bayram sovg‘asini tanlaymiz

Inson tug‘ilganidan to o‘lguniga qadar xohlaydimi-yo‘qmi stress quchog‘ida yashaydi. Sizni buyuk kashfiyotlarga yo‘naltiradigan ham, to‘shakka mixlab tashlaydigan omil ham stressdir. Demak, barcha noxushliklarni unutib, faqat yaxshi narsalar to‘g‘risida o‘ylash darkor.

Abbos HUSANOV,

Qarshi davlat universiteti psixologi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: