Sil bilan kasallangan ayol farzand ko‘ra oladimi?
Xohlaymizmi-yo‘qmi, biror-bir yuqumli kasalliklar shifoxonasi yonidan o‘tsak, beixtiyor seskangandek bo‘lamiz. Yoki shunday kasalxonada davolanayotgan tanishimizni ko‘rgani borsak, bemorlar bilan ham ehtiyotkorlik bilan muomalada bo‘lishga odatlanganmiz. Go‘yoki biz doim sog‘lommizu, xastalikka chalingan odam bir umr bemordek. Kelin tanlashda ham uning yoshligida biror yuqumli kasallik bilan kasallanmagani bilan qiziqamiz.
— Bizga ko‘pincha “Sil kasalligiga chalingan qiz turmush qurishi mumkinmi?”, “Sil bilan og‘rigan ayol farzand ko‘ra oladimi?” degan savollar bilan murojaat etishadi, — deydi viloyat ftiziatriya dispanseri bosh shifokorining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Shokir Ro‘ziyev. — Ba’zi insonlar ongida sil kasalligi nasliy va u onadan bolaga yoki otadan farzandga o‘tadi, uni yuqtirgan qizlar turmushga chiqishi mumkin emas, qabilidagi tushunchalar mavjud. Albatta, bu gaplarda hech bir asos yo‘q. Yaqinda uyimizga qo‘shni mahallada yashovchi bir ayol keldi. Aytishicha, o‘g‘lining sevgan qizi yoshligida sil kasalligi bilan og‘rigan ekan. “Otasi bilan o‘g‘limizni bu yo‘ldan qaytarishga juda ko‘p urindik. Axir aytishadi-ku, sil nasl suradi, deb. Kelgusida bu kasallik nabiralarimga o‘tmasligiga kim kafil bo‘la oladi? O‘g‘limizga buni tushuntirayapmiz, lekin u aytgan so‘zida turib olgan. Nima qilishni bilmay boshimiz qotib qolgan”, deydi u. Men unga bir voqeani so‘zlab berdim. U kishi gaplarimni diqqat bilan eshitdi va yengil tin olib, menga rahmat aytib chiqib ketdi.
Shifokordan o‘sha voqea haqida men ham so‘radim.
— Kasalxonaga o‘rta yoshli bir juvon juda og‘ir ahvolda olib kelindi, — deydi Shokir Ro‘ziyev. –Muolaja qilindi, tezda sog‘aya boshladi ham. Lekin u kasalligini o‘zi bilmagan holda 13 yoshli qiziga yuqtirgan ekan. Zudlik bilan qilingan muolajalar tezda qizning oyoqqa turishiga yordam berdi. Ona va bola bizning nazoratimiz ostida davolanib turishdi. Ular xastalikni yengib, to‘liq sog‘ayib ketdi.
Qiz hamshiralarimiz bilan yaqin bo‘lib qolganligi sababli tez-tez kasalxonaga kelib turardi. Bir kuni uni tushkun kayfiyatda ko‘rib qoldim va sababini so‘radim. “Ayrim tushunmagan odamlar tufayli malomatga qoldim. Bir paytlari sil kasali bilan og‘riganimni aytib, qo‘shnilar sovchilarni qaytarishayotgan ekan. Buni bir kuni onam otamga yig‘lab “Qizimiz sil kasalligini o‘tkazganligi uchun uni hech kim kelin qilishni istamayapti, undan tug‘iladigan bola ham shu dardga yo‘liqib qolsa nima bo‘ladi, deb sovchilar qaytib ketishayotganmish”, deya aytayotgan so‘zlaridan bilib qoldim. Qizning bu so‘zlarini eshitib, juda xafa bo‘ldim. Chunki ko‘p hollarda kuzatganim, otasi yoki onasi shu dardga chalingan qadrdonimizning yaxshiligini bilib turib ham unga qiz bermaymiz yoki qiz olmaymiz. Bu-jamiyatning dardi. Bu “dard”ni yengish uchun fikrimiz toza, bag‘rimiz keng bo‘lishi lozim. Axir sil yuqumli xastalik bo‘lgani bilan nasldan-naslga o‘tmasligi tibbiyotda aniqlanganini ham bilishimiz shart. Vaqt — oliy hakam, deganlaridek, hozir o‘sha qizning ikki nafar farzandi bor. O‘zi ham, bolalari ham sog‘lom.
— Agar ayol homiladorlik paytida sil kasalligini yuqtirsa-chi? — deya shifokorga yuzlanaman.
— Bu ancha murakkab holat, ana shunday vaziyatda ham onani davolash, ham bolani kasallikdan asrash talab qilinadi, — deydi mutaxassis. – Birinchi navbatda homilador ayol o‘zida sil kasalligi borligini bilib qolsa, tushkunlikka tushmasligi, tezkorlik bilan davolanishi lozim. Chunki bu kasallik ona va bola salomatligiga xavf sola boshlaydi. E’tiborsiz qaralsa, homilaning tushishi yoki vaqtidan oldin tug‘ilishiga sabab bo‘ladi. Ayoldagi homiladorlik kasallikning yanada zo‘rayishiga olib kelishi mumkin. Ayol o‘pka sili bilan kasallanganda, xastalik ko‘pincha homiladorlikning birinchi yarmida bezovta qilmasligi mumkin, ammo homiladorlikning ikkinchi yarmida zo‘rayishi ehtimoli bor. Tana harorati, qattiq yo‘tal kuzatilib, natijada vaqtidan oldin tug‘ruq kuzatiladi.
Shuningdek, sil bilan og‘rigan homilador ayolni sil kasalligiga qarshi preparatlarning ba’zilari bilan davolab bo‘lmaydi, chunki homilada rivojlanish nuqsonlarini keltirib chiqarishi mumkin. Shuningdek, sil bilan og‘rigan ayol og‘ir holda bo‘lsa, chaqaloqni emizmasligi kerak, bolani onadan ajratish tavsiya etiladi. Agar tuqqan ayol sil kasalligi bilan davolanishni davom ettirayotgan va balg‘amida sil batsillalari bo‘lmasa chaqalog‘ini emizishga ruxsat beriladi. Bunda chaqaloq muntazam mutaxassis nazoratida bo‘lishi lozim.
Demak, har dardning davosi bor, deganlaridek, sil kasalligi ham bedavo emas. Qiz bolalar yoshligida bu kasallikni o‘tkazib, sog‘ayib ketgan bo‘lsa, ular bemalol turmushga chiqishi va albatta ona bo‘la olishlari mumkin. Muhimi, har birimiz o‘z sog‘ligimizga bee’tibor bo‘lmaylik. Ehtimol, yaqinlarimiz orasida silga chalinganu bundan bexabar kishilar bordir, zero, hamma ham kasallikning belgilariga e’tibor qilavermaydi. O‘z vaqtida shifokor ko‘rigidan o‘tib turish kasallikni erta bosqichlarida aniqlash va uni osonlikcha bartaraf etish imkonini beradi.
Shohista BOZOROVA