Vatanimizning bosh maydoni

Prezidentimiz Islom Karimovning farmoniga binoan bundan 22 yil muqaddam – 1991 yil 5 sentyabrda mamlakatimiz poytaxtining bosh maydoniga Mustaqillik maydoni nomi berilgan

Ona yurtimiz – mustaqil O‘zbekiston ota-bobolarimizning muborak xoklari yotgan tabarruk zamin, hamisha sevib-ardoqlab, tuprog‘ini ko‘zimizga to‘tiyo qilib yashaydigan muqaddas sajdagohimizdir. Uning har qarichi biz uchun aziz va mukarram. Ayniqsa, azim poytaxtimizdagi Mustaqillik maydoni el-yurtimiz hayotida chuqur mazmun-mohiyat, ulkan ahamiyat kasb etadi. Chunki, mazkur ulug‘vor maskan ajdodlarimiz asrlar davomida orziqib kutgan, bizga bugungi baxtiyor avlodlarga nasib etgan eng ulug‘, eng aziz ne’mat bo‘lmish mustaqilligimiz ramzidir. Ushbu fayzli go‘sha ozod va obod Vatanimiz, o‘z taqdirini qo‘liga olib, kelajagi buyuk davlat barpo etish yo‘lida yuksak marralarni zabt etayotgan azmu shijoatli xalqimiz qalbidagi ezgu va beg‘ubor orzular ifodasidir. Bu muazzam maydon yurt­doshlarimiz, birinchi navbatda, navqiron avlodimizga mamlakatimiz mustaqilligi qanday buyuk va bebaho ne’mat, uni ko‘z qorachig‘idek asrash, bugungi tinch va farovon hayotni himoya qilish har birimizning muqaddas burchimiz ekanini anglatib turadigan muqaddas dargohdir.

Istiqlol yillarida Prezidentimiz Islom Karimovning g‘oyasi, tashabbusi va rahnamoligida Mustaqillik maydonida ulkan qurilish va obodonchilik ishlari amalga oshirilib, u yaxlit me’moriy ansambl, noyob majmua ko‘rinishini oldi.

Bir paytlar beton bilan qoplangan maydon bugungi kunda hamisha yashnab, barq urib turadigan ko‘kalamzorlari, yetti iqlimdan keltirilgan anvoyi gulu butalari, manzarali daraxtlari bilan ko‘zni quvontiradi. Kunduzlari quyosh nurida, tunlari esa nurafshon chiroqlar shu’lasida jilolanib, mavj urib turadigan favvoralar maydon havosini mo‘tadil saqlaydi. Bu yerga kelgan har bir inson ajib bir fayzu tarovatni, go‘zallik va ulug‘vorlikni yurakdan his etadi.

Mustaqillik maydoniga muazzam Ezgulik arkasi orqali kirib boriladi. Arka tepasidagi parvozga shaylanayotgan turnalar xal­qimizning o‘z buyuk orzu-maqsadlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lidagi yuksak intilishlari, qat’iyati va irodasi, oq laylaklar esa tinch va osuda hayotimiz, farovonlik va qut-baraka timsollaridir. Arkaning baland va mustahkam ustunlari mamlakatimiz rivoji uchun poydevor bo‘layotgan baquvvat tayanch asoslar ifodasidir. Bu ostonadan o‘tadigan har bir inson muqaddas dargohga qadam qo‘yayotganini his qiladi.

Prezidentimiz Islom Karimov 2005 yil 28 dekabrda Mustaqillik maydonida yangi barpo etilgan monument poyiga ilk bor gulchambar qo‘ydi. Maydonda mustaqilligimizning dastlabki yilida qad rostlagan Mustaqillik monumenti oldida farzandini bag‘riga bosib, unga ishonch bilan termulib turgan Baxtiyor ona haykali bunyod etildi. Bundan maqsad – xalqimizning orzu-intilishlarini teran ifoda etish, yoshlarimizning ma’naviy olamini ezgu g‘oyalar asosida shakllantirish va kamol toptirishdan iboratdir.

Yana o‘qing:  Baxtiyor bolalik

Yurtboshimiz taklifiga binoan mazkur majmuaga Mustaqillik va ezgulik monumenti, deb nom berildi. Monument o‘z me’moriy yechimi, g‘oyaviy-badiiy mazmuni bilan O‘zbekiston tanlagan yo‘l – Mustaqillik yo‘lining ta’sirchan ifodasiga, asriy qadriyatlarimizning yaqqol namoyoniga aylandi.

Darhaqiqat, mustaqillik va ezgulik o‘zaro uyg‘un tushunchalardir. Yer kurrasi tasvirida alohida ajralib turgan mamlakatimiz xaritasi bu dunyoda O‘zbekiston degan mustaqil davlat yakkayu yagona ekani, yurtimiz xalqaro hamjamiyatda o‘z munosib o‘rniga, yuksak obro‘-e’tiborga ega ekanini bildiradi.

Baxtiyor ona – ona Vatan ramzi. Bu buyuk tushunchaning aynan ona siymosi orqali ifoda etilishi, mamlakatimiz bosh maydonida Baxtiyor ona haykalining barpo etilishi yurtimizda onaga, ayol zotiga hurmat-ehtirom naqadar yuksak darajaga ko‘tarilganidan yaqqol dalolatdir.

Bugungi kunda umumxalq bayramlari va tantanali marosimlar arafasida, mamlakatimiz sportchilari nufuzli xalqaro musobaqalar oldidan yoki yurtimizda yirik xalqaro ko‘rik-tanlov va musobaqalarni o‘tkazish arafasida hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘yishi qutlug‘ an’anaga aylandi. O‘zbekis­tonga tashrif buyuradigan xorijiy mamlakatlarning davlat va hukumat rahbarlari, nufuzli delegatsiyalar va boshqa yuksak martabali mehmonlar ushbu obida poyiga gul qo‘yib, mustaqil Vatanimizga hurmat bajo keltiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Vazirlar Mahkamasi binolari, Xotira xiyoboni, «Turkiston» saroyi, mahobatli ma’muriy bino, Ma’rifat markazi majmuasi, «Poytaxt» biznes markazi, Tasviriy san’at galereyasi, Yoshlar ijod saroyi kabi zamonaviy komplekslar Mustaqillik maydonining umumiy manzarasini to‘ldirib, uning husniga husn qo‘shib turibdi.

Mustaqillik maydonidan ziyoratchilar qadami uzilmaydi. Ular orasida maktab o‘quvchilari, talabalar, nuroniy otaxonu onaxonlar, xorijlik sayyohlar, turli kasbu kor va sohadagi odamlarni uchratish mumkin.

– Mustaqillik maydonining tarovati, bu yerdagi inshootlarning ulug‘vorligi ko‘nglimga faxr va cheksiz hayajon baxsh etdi, – deydi namanganlik faxriy o‘qituvchi, II darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni sohibasi Muqad­dam Manbatova. – Bunday obod va ko‘rkam maskanlar yoshlarimizni istiqlolimizning aha­miyatini yanada teran anglashga, ularga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikka javoban Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga qodir, komil farzandlar bo‘lib yetishishga undaydi.

Oradan yillar o‘tadi, necha-necha avlodlar almashadi, lekin milliy g‘ururimiz timsoli bo‘lgan Mustaqillik maydoni o‘zining betakror qiyofasi, hayotbaxsh falsafasi bilan xalqimizning bunyodkorlik salohiyati, yorug‘ kelajak sari katta umid va ishonch bilan intilishi hamda uning qanday buyuk ishlarga qodir ekanining amaliy ifodasi sifatida barchamizni bag‘riga chorlab, shu buyuk Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishga da’vat etaveradi.

Yana o‘qing:  Til – millatning bosh belgisi

Olim TO‘RAQULOV,

O‘zA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: