Salomatlik saboqlari
Yaqinda «Le Grand Plaza» mehmonxonasida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Respublika ta’lim markazi, BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi bilan hamkorlikda «Maktablarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish» mavzusida seminar-trening o‘tkazildi.
Uch kun davom etgan seminarda Respublika ta’lim markazi va Toshkent shahar hokimligi hamkorligida «Salomatlik va ekologiya» tarbiya o‘quv dasturi yuzasidan tavsiyalar ko‘rib chiqildi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi malaka oshirish institutlarining o‘qituvchilari, uslubchilar ishtirok etdi.
Mazkur loyiha mamlakatimiz ta’lim tizimida salomatlik darslarini o‘qitishning zamonaviy uslublaridan keng foydalanish, yangicha yondashuvlarga murojaat qilgan holda ta’lim sifatini yanada yuksaltirishga qaratilgan. O‘quv qo‘llanmasi umumta’lim maktablarining 1-4, hamda 5-9 sinflari o‘qituvchi va o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, yosh avlodning ekologik hamda tibbiy savodxonligini oshirish, yoshlarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish asosiy vazifa etib belgilangan.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar mazkur loyiha asosida barcha hududlarda maktabgacha ta’lim muassasalari va umumta’lim maktablari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy axborot texnologiyalari va o‘quv anjomlari bilan jihozlash bosqichma-bosqich amalga oshirilayotganini qayd etdilar.
– Ushbu o‘quv dasturi va metodik tavsiyalar Toshkent shahar umumta’lim maktablarida tajriba sifatida mazkur o‘quv yilidan joriy etilishini rejalashtirganmiz, – deydi Toshkent shahar Xalq ta’limi boshqarmasi metodik markazi tabiiy fanlar metodisti Shahribonu Bozorova.
Seminarda tibbiy madaniyat, bolalar va o‘smirlar salomatligini himoya qilish bo‘yicha savodxonlikni shakllantirishda sanitariya-gigiyena ta’limi bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar, maktabda sog‘lom sanitariya muhitini yo‘lga qo‘yish yuzasidan pedagoglar kasb mahoratini yuksaltirish kabi mavzularda ishtirokchilar o‘zaro fikr almashdilar.
– Mazkur fanlarning boshqa predmetlar bilan integratsiyalashgan tarzda o‘qitilishi fanlarni yanada optimallashtirish, o‘qituvchi va o‘quvchining vaqtini tejash, mashg‘ulotlarni yanada samarali tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi pedagog kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti dotsenti Zuhra Shoniyozova.
O‘quv-seminarlarda faol ishtirok etgan o‘qituvchi va uslubchilarga O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamda BMTning Aholishunoslik jamg‘armasining sertifikat va esdalik sovg‘alari topshirildi.
N. NORBOBOYEV