Mehribonlik uyining sobiq direktori va xodimlariga nisbatan sud hukmi o‘qildi
Ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in bahslarga sabab bo‘lgan Marg‘ilon shahridagi 1-Mehribonlik uyida sodir etilgan jinoyat ishi yuzasidan sud o‘z hukmini chiqardi. Aybdorlar o‘z qilmishiga yarasha jazo oldi.
Mehrga muhtoj bolalarga muruvvat ko‘rsatish xalqimizga xos yuksak fazilatlardan. Zero, “Bolaning begonasi bo‘lmaydi” degan olijanob naql ham faqat bizning xalqimizga xos bo‘lsa kerak.
Dunyoda bola quvonchi va shodligini ko‘rishdan ortiq baxt yo‘q. Ayniqsa, u ko‘ngli yarim, mehrga tashna bo‘lsa. Yurtimizdagi Mehribonlik uylarida ham bugungi kunda tarbiyalanuvchilarning o‘ksik ko‘ngillariga quvonch ulashish borasida salmoqli ishlar qilinmoqda. Ammo, Marg‘ilon shahridagi 1-Mehribonlik uyida sodir etilgan qilmishlar barchani ogohlikka chorladi. Nahotki, shunday maskanda ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan voqealar sodir bo‘lgan bo‘lsa? Farg‘ona viloyati xalq ta’limi boshqarmasi va boshqa mutasaddilar bunga nega befarq munosabatda bo‘ldi?
Mazkur jinoyat ishida sudlanuvchilar mansab sovuqqonligi, mansab harakatsizligi, juda ko‘p miqdordagi davlat byudjeti mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-taroj qilish, hujjatlarni qalbakilashtirish, voyaga yetmaganlarni qiynash, 16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish, hatto, jinsiy aloqada bo‘lish, shuningdek, voyaga yetmagan qizni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlash kabi jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan.
Ya’ni, sobiq direktor K. Yakubovga nisbatan Jinoyat kodeksi (JK)ning 207–moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash), 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish), 209-moddasi (mansab soxtakorligi), 115-moddasi (shaxsning homilasini majburiy ravishda sun’iy tushirish) bo‘yicha, shuningdek, direktor o‘rinbosari S. Usmonov, bosh hisobchi A. Mo‘ydinova, hisobchi A. Saidkamolova, feldsher I. Yo‘ldoshev, tarbiyachilar X. Yakubova, R. Abdufattoyev, N. Soliyeva, enagalar D. Jo‘raboyeva, X. To‘rayevaga nisbatan ham Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ayblov hukmi chiqarildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudida sudya R. Arabov raisligida mazkur jinoyat ishi xolislik va adolat mezonlari asosida ko‘rib chiqildi.
Xo‘sh, mazkur Mehribonlik uyida nima bo‘lgan edi o‘zi? Marg‘ilon shahar 1-Mehribonlik uyi direktori Kamol Yakubov mansabiga sovuqqonlik bilan qaragan, o‘z vazifasiga loqaydlik va vijdonsizlarcha munosabatda bo‘lgan, muassasa ishini, muassasa tarbiyalanuvchilarini ma’naviy sog‘lom va jismonan barkamol etib tarbiyalash borasidagi faoliyatini izdan chiqarib yuborgan, tarbiyalanuvchilarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari hamda davlat manfaatiga jiddiy ziyon yetishiga sababchi bo‘lgan.
Sobirjon Usmonov ham Mehribonlik uyi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab o‘z vazifasi yuzasidan bajarishi shart bo‘lgan harakatlarni qasddan bajarmasdan, ushbu harakatsizlikni jinoyatga yo‘l qo‘ygan holda sodir etgan.
Oqibatda muassasa tarbiyachilari Xurshida Yakubova va Nargiza Soliyevalar hamda enagalar Xanifa To‘rayeva, Dildora Juraboyevalar mehnat faoliyati davomida Mehribonlik uyida tarbiyalanayotgan, voyaga yetmagan, maktabgacha yoshdagi (3-7 yosh) bolalarni muttasil ravishda urib-do‘pposlash, ularga shavqatsizlarcha muomala qilish, sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish va boshqa harakatlar bilan qiynab kelganlar. Shu kabi jinoyatlarni tarbiyachi Ravshan Abdufattoyev va feldsher Ixtiyor Yo‘ldoshevlar ham sodir etgan.
Bundan tashqari, voyaga yetmagan tarbiyalanuvchi D. R. tarbiyalanuvchi A. R. bilan ixtiyoriy tarzdagi jinsiy aloqa natijasida homilador bo‘lib qolgani aniqlangan. K. Yakubov hamshira G. Topvoldiyeva (jinoyat ishining unga nisbatan qismi alohida ish yurituviga ajratilgan) bilan oldindan jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib, muassasa tarbiyalanuvchisi D. Rning homilador bo‘lib qolganini ommaga oshkor qilmaslik va bu bilan mansab mavqeiga nisbatan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarning oldini olish maqsadida g‘araz niyatda D. Rning homilasini sun’iy ravishda majburan tushirib yuborgan.
S. Usmonov va I. Yo‘ldoshev ham muassasa tarbiyalanuvchisi A. R. va K. Plarga zo‘rlik ishlatmay, uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etgan.
Direktor K. Yakubov, bosh hisobchi A. Muydinova, hisobchi A. Saidkamolova va direktor o‘rinbosari S. Usmonovlar oldindan jinoiy til biriktirib 167 million so‘m byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-taroj qilganlar.
– Sudlanuvchilar, jabrlanuvchilar, guvohlar va fuqaroviy da’vogar vakili ko‘rsatuvlari birma-bir eshitildi, – deydi sudya Rahmatjon Arabov. – Sud majlisida to‘plangan dalillar atroflicha o‘rganilib, ishning har bir holati va sudlanuvchilar harakatiga huquqiy baho berilib, sud tomonidan qonuniy, adolatli va asosli qaror qabul qilindi. Sudlanuvchilar K. Yakubov va S. Usmonovga 4 yil, I. Yo‘ldoshevga 3 yilu 6 oy, R. Abdufattoyevga 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, sudlanuvchilar X. Yakubova, N. Soliyeva, D. Jo‘raboyeva va X. To‘rayevalarga 3 (uch) yil ozodlikni cheklash, sudlanuvchilar A. Muydinova va A. Saidkamolovaga JKning 45-moddasi qo‘llanib, 3 yil muddatga moddiy javobgarlik va mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilish, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
18 aprelda boshlangan sud o‘z nihoyasiga yetdi. Sudlanuvchilarga tegishli jazo tayinlandi. Mehribonlik uyida sodir etilgan bu jinoyat barchani yanada sergak va hushyor bo‘lishga chorlashi kerak aslida. Xalq ta’limi vazirligi bu borada mamlakatimizdagi Mehribonlik uylaridagi holatni to‘liq nazoratiga olishi lozim. Aks holda, shundoq ham ko‘ngli yarim bo‘lgan norasidalarga yana ozor berib qo‘yishimiz mumkin. Shu bois bo‘lsa kerak, sud Farg‘ona viloyati xalq ta’limi boshqarmasi va Marg‘ilon shahridagi Mehribonlik uyi rahbariyatiga mazkur jinoyatning kelib chiqish sabablari va kelgusida bunday holatlarning oldini olish yuzasidan xususiy ajrim chiqardi.
Ma’sudjon SULAYMONOV,
O‘zA