Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi – aholi va tibbiyot muassasalari o‘rtasidagi zamonaviy tizim

Yurtimizda keyingi yillarda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishga qaratilgan ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Davlatimiz rahbarining qator farmon va qarorlari qabul qilinib, hayotga keng tatbiq etilmoqda.

Biroq, joylarda tibbiy xizmatning sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi klinik bayonnomalar va tibbiy standartlarning mukammal emasligi, bunda innovatsion ishlanmalar va texnologiyalardan to‘liq foydalanmaslik oldimizga qo‘ygan maqsadlarga to‘la erishishda to‘siq bo‘lmoqda.

Ushbu muammolarni bartaraf etish maqsadida joriy yilning 2 avgustida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida sog‘liqni saqlashni boshqarishning innovatsion modelini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjat bilan sog‘liqni saqlashni boshqarishning innovatsion modelini joriy etish bo‘yicha strategik maqsadlar belgilandi. Jumladan, umume’tirof etilgan xalqaro metodikalarga muvofiq aniqlanadigan mamlakat aholisi salomatligi ko‘rsatkichlarining barqaror yaxshilanishi va sog‘liqni saqlash tizimidan qanoatlanganlik darajasini ta’minlash, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam hajmida xususiy sektor ulushini salmoqli darajada oshirish kabi bir qator vazifalar qo‘yildi. Shuningdek, tibbiy turizmni rivojlantirish orqali mamlakat yalpi ichki mahsulotiga uning hissasini izchil oshirib borish, tibbiyot va farmatsevtika xodimlari, shu jumladan, boshqaruv kadrlariga xalqaro standartlarga muvofiq uzluksiz ta’lim berish, ularning malakasini oshirishning zamonaviy tizimini yaratish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmas choralar ko‘zda tutildi.

Bundan tashqari ushbu qarorga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Jamiyat salomatligi va sog‘liqni saqlashni tashkil etish ilmiy-tadqiqot instituti va uning hududiy bo‘linmalari negizida mamlakatimizda ilk bor O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlash Milliy palatasi tashkil etilmoqda.

Respublika sog‘liqni saqlash tizimiga ilg‘or xalqaro standartlar va jahondagi eng yaxshi amaliyotni hisobga olgan holda sog‘liqni saqlashni boshqarishning innovatsion modelini joriy etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish Milliy palataning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.

Shu bilan birga Innovatsion sog‘liqni saqlash Milliy palatasi kelgusida sog‘liqni saqlash tizimidagi statistik ma’lumotlarni to‘plash, ularni tahlil qilish bilan sohadagi eng dolzarb masalalarni aniqlaydi. Bu esa mamlakatimizda aholi salomatligini saqlash borasidagi siyosatning ustuvor yo‘nalishlarini belgilashda, qolaversa, parlament tomonidan qonunchilikni yanada takomillashtirishda muhim asos bo‘ladi.

E’tiborga molik yana bir jihati, davlatimiz rahbarining mazkur qarorida 2020 yil 31 dekabrga qadar respublikada kasbiy faoliyatni amalga oshirayotgan tibbiyot xodimlarini ro‘yxatga olish orqali ular to‘g‘risida yagona elektron ma’lumotlar bazasini yaratish vazifasi qo‘yildi. Bu esa albatta, yurtimizda ehtiyojga qarab tibbiy kadrlar siyosatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishda, ayniqsa, tor mutaxassislarning respublika bo‘yicha to‘g‘ri taqsimlashda yordam beradi.

Yana o‘qing:  Mangulik va abadiyat qonuniyati

Xalqaro standartlarga muvofiq, ilg‘or tibbiyot, farmatsevtika tashkilotlarini tashkil etish, shuningdek, ularni zamonaviy uskunalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlash, kadrlarning malakasini oshirish, xorijiy mutaxassislarni jalb etish va ular bilan o‘zaro tajriba almashish kabi ko‘plab tadbirlar kelgusida Innovatsion sog‘liqni saqlash Milliy palatasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Ayni yangilik aholi uchun ham, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun ham katta imkoniyat yaratishi bilan ahamiyatlidir.

 

Svetlana INAMOVA,

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Boshqaruvi raisi,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: