Mag‘zi malham mevalar
Yong‘oq
Tarkibida yuzga erta tushadigan ajinlar va keksayishning boshqa alomatlaridan himoya qiluvchi antioksidantlar mavjud.
Yong‘oqda teri va shilliqpardalar salomatligi uchun zarur bo‘lgan Ye va A vitaminlari, shuningdek, immunitetni mustahkamlaydigan va teri hujayralarining yangilanishiga ko‘maklashadigan S vitamini ham bor. Uning tarkibida rux moddasi ham ko‘p bo‘lib, ushbu mikroelement chiroyli sochlar va mustahkam tirnoqlar uchun foydalidir. Qolaversa, yong‘oqlarning ushbu turi ko‘krak bezi saratonining oldini olishga ham ko‘maklashadi. Umuman olganda yong‘oq inson salomatli uchun juda ham foydali ne’mat hisoblanadi.
Yeryong‘oq
Yeryong‘oq dukkaklilar oilasiga mansub o‘simlik bo‘lib, unda miya va asab tizimining yaxshi ishlashi uchun zarur bo‘lgan V guruhiga mansub vitaminlar mavjud. Shuningdek, uning tarkibida eslab qolish va diqqat-e’tiborni to‘plash qobiliyatini tiklovchi moddalar bor. Ushbu mevadan har kuni 15-20 dona iste’mol qilish inson miya faoliyatini yaxshilaydi. Bunda qovurilgan yeryong‘oqni tanlagan ma’qul. Negaki, uning qovurilmagani ovqat hazm qilish tizimiga salbiy ta’sir etishi mumkin. Shuningdek, yeryong‘oqning yupqa po‘sti kuchli allergen hisoblanib, uni iste’mol qilishda me’yorni saqlagan ma’qul.
Bodom
Bodom – yurak-qon tomir tizimi faoliyatini yaxshilovchi va qondagi zararli xolesterin miqdorini kamaytiruvchi tabiat in’om etgan ne’matdir. Buni o‘tkazilgan qator tadqiqotlar ham isbotlab turibdi. Xususan, AQSHlik olimlar ortiqcha vaznga ega ko‘ngillilar orasida o‘ziga xos tadqiqot o‘tkazadi. Semizlarni ikki guruhga ajratib, qondagi xolesterin miqdorini o‘lchab ko‘rishadi. Natijada, barcha ishtirokchilarda u me’yordan ortiq ekani ma’lum bo‘ladi. Shunda olimlar birinchi guruhning taomnomasiga bodomni qo‘shadi, ikkinchi guruhga esa aksincha qo‘shilmaydi. 18 oydan so‘ng birinchi guruh ishtirokchilarining qonidagi xolesterin moddasi bir yarim yil davomida bodomsiz yashagan ishtirokchilarnikiga qaraganda sezilarli darajada past ekani ma’lum bo‘ladi.
Buyuk Britaniya olimlari olib borgan tadqiqot natijalariga ko‘ra kuniga 30 g tanovul qilingan bodom infarkt xavfini 47% ga kamaytirar ekan. Olimlar buni bodom tarkibida ko‘p miqdorda Ye vitamini mavjudligi bilan izohlashmoqda. Ushbu vitamin organizmni erta keksayishdan va yurak qon-tomir kasalliklaridan himoya qiladi.
Shohrux NURULLAYEV tayyorladi.