Go‘daklarda allergiya alomati

yosh onani hushyorlikka chorlaydi

Hozirgi paytda ona va bola salomatligini ta’minlash maqsadida davlatimiz tomonidan barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan.

Bunda eng muhimi, yosh ota-onalarga kerak bo‘ladigan ma’lumotlardan ularni boxabar qilish mutaxassislarning asosiy vazifasidir. Shunday qilib, bugungi mavzuimiz yangi tug‘ilgan go‘daklarda allergiya paydo bo‘lishining oldini olishga bag‘ishlangan.

Bo‘lajak ona biror bir allergik xastalikka chalingan bo‘lsa, u holda bunday kasallikka moyillik yangi tug‘iladigan go‘dakda ham paydo bo‘lishi mumkin. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yangi tug‘ilgan go‘daklarda allergiya, albatta, nasldan naslga o‘tish bilan yuzaga kelmaydi. Chunki, ba’zi bir hollarda allergiya onada kuzatilmasdan go‘dakda paydo bo‘lishi ham mumkin. Nega deganda, yangi tug‘ilgan chaqaloq organizmi (aniqroq qilib aytganda, uning immun tizimi) tashqi muhitdagi biron bir allergenga nisbatan o‘ziga xos tarzda javob qaytarishi mumkin. Bordiyu shunday hodisa ro‘y bersa, unda bolada bu xastalik rivojlanadi.

Klinik kuzatuvlar natijasiga ko‘ra yosh ona organizmida biron bir allergenga nisbatan ijobiy reaksiya ro‘y bersa, u bir vaqtning o‘zida go‘dak organizmiga ham ta’sir ko‘rsatmaydi. Chunki tashqi muhitdagi qandaydir allergenga nisbatan ona organizmining immun tizimi o‘ziga xos tarzda javob reaksiyasini bildirsa, antigen moddalar organizmda allergik reaksiyani keltirib chiqaradi, bunga javoban immun tizimi darhol antigenlarni ishlab chiqadi. Ona organizmining himoya vositasi ishga tushgani sababli allergen platsentaga ta’sir qilolmaydi.

Homiladorlik vaqtida ayol organizmida bu xastalik xuruj qilgan bo‘lsa, u holda tug‘iladigan go‘daklarning 50 foizida allergiya paydo bo‘lish ehtimoli yuzaga keladi. Mutaxassis shifokorlarning ta’kidlashicha, bunday holatlarda aniq allergik xususiyatli kasallik (masalan, kon’yunktivit, rinit, astma) rivojlanmaydi, balki chaqaloqning organizmi biron bir allergenga qarshi kurasha olmaydigan bo‘lib qoladi. Yangi tug‘iladigan go‘dakda bu kasallikka moyillik rivojlanmasligi uchun homiladorlik vaqtida sog‘lom turmush tarziga katta e’tibor berish kerak. Homiladorlik davrida imkon qadar ko‘proq toza havoda sayr qilish juda foydali. Bordiyu, homiladorlik davrida ona organizmida biron bir allergenga nisbatan ijobiy reaksiya kuzatilsa, shu zahoti o‘z ratsionidan allergiyani qo‘zg‘atishi mumkin bo‘lgan har qanday mahsulotni chiqarib tashlab, mutaxassis shifokorga murojaat qilishi darkor. Yana bir foydali maslahatimiz shuki, homiladorlik davrida iloji boricha stress holatiga tushishga sabab bo‘ladigan turli xil vaziyatlarning oldini olishga harakat qiling. Negaki, kuchli stress ham onada, ham bolada allergik reaksiyalarning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.

Yana o‘qing:  Bolada immunitet pasaysa...

Chaqaloq tug‘ilgach, unga shu zahoti ko‘krak tutqazing va imkoni boricha uzoqroq vaqt davomida uni ko‘krak suti bilan boqing. Klinik kuzatuvlarning natijasidan ma’lum bo‘ldiki, yangi tug‘ilgan go‘dakning juda erta (bola 4 oylik bo‘lmasidan ilgari) ko‘krakdan ajratilishi allergik reaksiyalarning kuchayib borishiga sabab bo‘lar ekan. Shuni unutmangki, ko‘krak suti bilan go‘dakning immun tizimi mustahkamlanib boradi.

Ona suti, ayniqsa, emizishning ilk davridagi og‘iz suti bilan birga chaqaloq sihat-salomatligi uchun muhim bo‘lgan antitanalarni o‘zlashtirib oladi. Bordiyu, yangi tug‘ilgan chaqaloqda allergik reaksiyalarning paydo bo‘lish ehtimoli kutilayotgan bo‘lsa, sun’iy sut mahsulotlarini berishdan avval, albatta, mutaxassis shifokor bilan maslahatlashib oling. Chaqaloq tug‘ilganidan keyin ona suti yetishmasa, dastlabki 1-2 kun davomida bolaga qaynatib sovutilgan suv berish mumkin. Yangi tug‘ulgan go‘dakda allergiyaga moyillik sezilsa, ko‘krak suti yetishmay qolganida uni maxsus tayyorlanadigan sun’iy sut mahsulotlari bilan boqish tavsiya etiladi.

Homiladorlikning yettinchi oyidan boshlab onada va tug‘ilishi kutilayotgan go‘dakda allergiya rivojlanmasligi uchun gipoallergen parhezga qat’iy rioya qilish tavsiya etiladi. Avval boshdanoq homilador ayolning bu xastalikka moyil ekanligi aniqlangan bo‘lsa, u holda bunday mijoz homiladorlikning dastlabki kunidanoq gipoallergen parxezga rioya etishi lozim.

Gipoallergen parhezning asosiy sharti shuki, ayol kishi butun homiladorlik davrida sut, tuxum, yong‘oq, asal, dengiz mahsulotlari – baliq, ikra (uvildiriq), soya, mevalar, pomidor, shokolad, pishloq, sitrusli mevalar, konservalangan, achchiq, tuzlangan, dudlangan va marinadlangan mahsulotlarni iste’mol qilishdan tiyilishi shart. Ularning o‘rniga turli xil bo‘tqalar, yormalar, yog‘siz go‘sht, suvda pishirilgan parranda go‘shti, sarxil mevalar va sabzavot (jumladan, kartoshka, karam, bodring, kabachki, yashil va sariq olma, nok va hokazo)larni yesa bo‘ladi.

Homilador va go‘dakni ko‘krak suti bilan boqayotgan, ayniqsa, allergiyaga moyilligi bor bo‘lgan ayollarga tamaki mahsulotlarini chekish qat’iyan man etiladi. Bunda faol (shaxsan o‘zi chekadigan) yoki passiv (chekuvchilarning oldida turadigan) chekish holatlarini birdek istisno etish zarur. Xonadonning ozodaligiga jiddiy e’tibor qaratish kerak. Allergiyaga moyilligi bor homilador ayol yashaydigan xonadonlarda imkon qadar xonalarni tez-tez shamollatib turish, to‘shak, gilam, buyum va mebellarda yig‘ilib qoladigan changlarni muntazam ravishda artish tavsiya qilinadi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: