Harakat – hayotiy quvvat manbai

Qadimdan mashhur tibet tabiblari bo‘lmish monax (zohid)lar saboq uchun Budda monastirlariga ilk qadam qo‘ygan yosh shogirdlarining albatta, tunda chap yonboshda yotishlarini qat’iy nazorat qilishgan. Bu joylarda kechasi adashib noto‘g‘ri, ya’ni o‘ng yonbosh bilan uxlayotgan bo‘lajak monaxlarni yana to‘g‘ri uxlashga majbur qiluvchi nazoratchilar faoliyat yuritishgan.

Ushbu Sharq donishmandlarining fikriga ko‘ra bunday holatda uxlash inson umrini uzaytirar ekan. Chunki kunduzi quyosh quvvati hukmronlik qiladi. Bu osmon jismi quvvati tananing o‘ng tomoniga mos kelar ekan. Tunda esa oy quvvati hukmronlik qiladi. Tananing chap tomoni ushbu fazo yoritqichi quvvati bilan uyg‘unlikda faoliyat yuritadi. Shu sababli kechasi vujudni quyosh quvvatining ta’siridan ozod etish uchun chap yonboshda uxlash zarur, deya o‘qitiladi tibet ta’limotida.

Zamonaviy tibbiyot sohasida faoliyat yurituvchi shifokorlar esa chap yonboshda yotish yurakka og‘irlik qiladi, deya ogohlantirishadi. Yaqinda ular ham tunda o‘ng tomonda uxlash ushbu a’zoga xuddi osilib qolganday ta’sir etadi, deya fikr bildirishdi. Amerikalik olimlarning xulosalariga ko‘ra tunda kishi mazza qilib uxlashi uchun go‘dak emaklayotgan kabi holatda yotishi maqbul ekan. Britaniyalik gastroenterologlar qoringa yotishni maslahat berishadi. Chunki 1,5-2 soatdan so‘ng me’dada hazm bo‘lgan ovqat me’da bilan o‘n ikki barmoq ichakni bog‘lab turuvchi qismdan ichakka o‘tadi. Bir vaqtning o‘zida bu sohaga me’da osti bezidan hazmni yaxshilovchi fermentlar hamda o‘t qopidan o‘t suyuqligi ajralib chiqadi. Agar odam chalqancha yoki qoringa yotsa o‘t suyuqligi me’daga sizib o‘tadi. Bunday holatda inson me’da shilliq qavatining yallig‘lanishi (gastrit) kasalligi yoki uning yarasi kabi og‘ir dardni orttirib olishi mumkin. Shu sababli uxlashdan 4 soat oldin kechki taomni tamaddi qilgan maqsadga muvofiqdir. Agar buning iloji bo‘lmasa o‘ng yonbosh bilan yotish kerak. Shundagina me’daga o‘t suyuqligi o‘tib ketmas ekan va u zararlanishdan himoyalanadi, deyishadi angliyalik shifokorlar.

Rossiyalik shifokorlar esa ko‘ngillilar bilan qiziq tadqiqot o‘tkazishdi. Yekateringburglik olimlar inson dunyoning qaysi tomoniga bosh qo‘yib yotsa, tiniqib uxlashi mumkinligini aniqlashmoqchi edi. Ular ko‘ngillilarga keng yotoqxonada har kim xohlagan tomoniga qarab yotishi mumkinligini taklif etishdi. Qattiq toliqqan tadqiqot ishtirokchilari boshlarini Sharq tomonga qo‘yib dong qotib uxlashdi. Ammo, kechga tomon asabi buzilgan yoki nimadandir xavotirga tushganlar, uyqularida boshlarini shimol tomonga o‘girib olishganini mutaxassislar qayd etishdi. Umuman olganda muqaddas islom dini ta’limotida qiblaga oyoq uzatib yotish gunoh sanaladi. Qibla esa hamisha quyosh botgan tomonda bo‘ladi. Dunyo o‘zi turli-tuman quvvat almashinuvidan iboratdir. Atrofimizdagi barcha tirik jonzotlar va jonsiz narsalar o‘zidan quvvat ajratadi.

Yana o‘qing:  GO‘DAKDAGI BEZOVTALIK SABABLARI

Yana shuni ta’kidlash joizki, quvvatning biomeridianlar bo‘ylab to‘g‘ri tarqalishi insonni yoshartiradi. Buning uchun soat strelkasi bo‘yicha asta-sekin qilinadigan mashqlar majmuasi mavjud. Bu esa alohida mavzu. Unga keyinchalik batafsil to‘xtalib o‘tamiz. Shuningdek, bir hind kinofilmida ibodatxonaga ziyoratga borgan yuzlab ziyoratchilarning tepalikdan pastlikka qarab asta-sekin yumalab kelayotganini ko‘rgan edim. Bu ham tanadagi quvvat meridianlarini spiralsimon harakatga keltirishdir aslida. Xuddi shunday tarzda O‘zbekistoning ayrim xududlarida ham ziyoratgohga borgan odamlar tepalikdan niyat qilib pastga yumalashadi. Xonada ham o‘zingiz gilam ustida uyoq-buyoqqa uzoq yumalab, quvvatingizni tiklang.

A’zoi badandagi dimlanib yotgan ortiqcha quvvat yoki quvvatsizlik sababli bemor bo‘lgan vujudga hujayra darajasida ta’sir etgan hayotbaxsh harakat sababli inson organizmidagi yashirin kuchlar yuzaga chiqsa, ne ajab. Zero, Mavlono Jaloliddin Rumiy bejizga “Ichindagi ichindadir” deya aytmagan.

Birovning suq bilan birovga boqishi odamni yiqitadi. A’zoi badaningizni o‘rab turgan tuxumsimon himoya qobig‘i yemiriladi. Ya’ni, aurangiz teshiladi. Teringiz shikastlansa qon oqqanidek, tanangizdan ham hayotiy quvvat sizib ketadi. Yomon odamning o‘tkir, teshib yuborgudek nazari vujudingizni ilma-teshik qiladi. Begona ko‘zlarning zararli nuri xuddi lazer quvvati kabi salbiy ta’sir etadi. Ishonmasangiz sizdan uzoqroqda ketayotgan odamga ortidan qattiq tikilib qarasangiz, beixtiyor u orqasiga o‘giriladi. Shunda odam o‘zini juda behol his etadi. Uning qo‘l-oyoqlari shalvirab, majolsiz bo‘lib qoladi. Bemor uyqudan bosh ko‘tarmaydi. Ammo, bu nosog‘lom uyqu unga huzur bag‘ishlamaydi. Xasta kundan-kunga piligi o‘chgan chiroqday bo‘lib qoladi.

Bunday salbiy quvvatni avvalo kuchli, iliq dushda kamida bir soat davomida yuvib tashlash darkor. Yuvinish uchun atir sovundan ko‘ra bunday holatda kir sovun ma’qul. Zero, unda ishqor ko‘p. U badanni yog‘ va kirdan yaxshi tozalaydi. Shuningdek, o‘choq yoki tandirga o‘t yoqib, uning gulxaniga uzoq boqib o‘tirish ham kishini poklaydi. Shaharliklar esa dala hovlilardagi kamindan foydalanishlari mumkin. Ziyoratgohlarga borish, shifobaxsh buloq suvlaridan ichib, oqar suvlarda cho‘milish ham kishi tanasidagi hayotiy quvvatni tiklaydi. Ayniqsa, tog‘u toshlarda oyoqyalang yurish yil davomida sun’iy tolali libos, notabiiy charm poyabzal, beton uylardagi biqiq muhit sababli vujudingizda yig‘ilib qolgan salbiy quvvatdan tanangizni xalos etadi. O‘zingizni xuddi onadan yangi tug‘ilgan go‘dakday beg‘ubor his etasiz.

Yana o‘qing:  Mevali sharbatlar bolalarni semirtiradi(mi?)

Behudaga alpinistlar tog‘larga intilishmaydi. Kimsasiz cho‘lu biyobonlar (u yerlarda sizga cho‘pon-cho‘liqlar hamrohlik qilishi mumkin) hamda baland tog‘larda koinotdan ulkan quvvat keladi. Inson aslida jonli tabiatning bir bo‘lagidir. Odamzot yer va koinot bilan uyg‘unlikda yashasagina sog‘lom bo‘lib, uzoq umr ko‘radi. Ammo, tamaddunning shiddat bilan rivojlanishi sababli insoniyat tomonidan yangi-yangi kashfiyotlar qilinmoqda. Bu fan va texnikaning eng ilg‘or yangiliklaridan biri bo‘lmish plastik idishlar ham aslida odomzot uchun yangilik va ulkan ofat bo‘ldi. Uning balosi nafaqat atrof-muhitni, balki hozirda dunyo ummonlarini ham bahaybat chiqindixonaga aylantirmoqda. Natijada ona sayyoramizning ulkan quvvat manbai bo‘lmish okean va dengizlar asta-sekin suvdagi jonzotlar uchun hayot manbai emas, balki halokat girdobiga aylanmoqda. Bir so‘z bilan aytganda har bir inson ushbu ekologik bo‘hron uchun kelajak avlod hayoti va sog‘lig‘iga mas’ul va javobgardir.

Hamisha fikrimiz sof, niyatlarimiz pok bo‘lsin, azizlar. Atrofimizda faqatgina ijobiy quvvat aylansin. Zero, zardo‘shtiylikning ulug‘ ta’limoti bo‘lmish “Avesto” bitiklarida ham ezgu fikr, ezgu so‘z, ezgu amal sababli bu dunyo barqaror bo‘lganligi aytiladi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: