Ayol – millat tarbiyachisi. Uning muammosi butun jamiyatning muammosidir

O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishi sifatida belgilangan. Bu borada xotin-qizlarni ish bilan taminlash, jamiyatda o‘z o‘rnini topishda ko‘maklashish, ularning muammolarini o‘rganish va hal etishda Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasining o‘rni o‘ziga xosdir.

Yaqinda o‘tkazilgan O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining navbatdagi matbuot anjumani O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak!” degan ezgu g‘oya asosida belgilangan chora-tadbirlar ijrosi hamda bu boradagi muammolar tahliliga bag‘ishlangani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Brifingda O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva so‘zga chiqib, mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy va sotsial faolligini oshirish, ularning turli soha va tarmoqlarda o‘z qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish xususida to‘xtaldi.

 

Tanzila NORBOYEVA,

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi:

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi yurtimizdagi barcha xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish yo‘nalishida samarali faoliyat yuritayotgan yirik jamoat tashkilotlaridan biridir. Respublikamizda ayollar aholining 50 foizdan ortiqrog‘ini tashkil etadi. Ularning qiziqishlarini ro‘yobga chiqarishda barcha sohalarda, turli tarmoqlarda o‘z faoliyatimizni olib bormoqdamiz. Tashkilotimiz faoliyati davlatimiz tomonidan ham moddiy, ham ma’naviy tomondan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Samarali ish olib borishimiz uchun kerakli shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati, Surxondaryo, Namangan va Sirdaryo viloyatlaridagi tuman va shaharlarda “Ayollar ijtimoiy moslashuvi markazlari” ish boshladi. Ushbu markazlarga 2018 yil may-iyun oylarida 70 dan ortiq murojaatlar bo‘lib, og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni normal hayotga qaytarish, ularning farzandlariga ijtimoiy-psixologik, tibbiy va huquqiy jihatdan yordam ko‘rsatildi. Qo‘mita bu ezgu ishlarni davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, jamoat birlashmalari bilan uzviy hamkorlikda amalga oshirmoqda.

 

Deputatlikda xotin-qizlar uchun 30 foiz kvotalar belgilangan, amalda esa…

 

Tashkilot so‘nggi yillarda jamiyatimizdagi o‘zgarishlar, iqtisodiy va innovatsion rivojlanishda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish masalasiga alohida urg‘u bermoqda. Bunga bir qancha sabablar mavjud. Masalan, bugun respublikamizda 4 ta siyosiy partiya bo‘lib, ularda deputatlikka nomzodlarni ko‘rsatishda xotin-qizlar uchun 30 foiz kvota ajratilgan. Masalaning muhim jihati shundaki, amalda 15 foiz xotin-qizlarimizni deputat ayollar tashkil etadi. Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi. Xo‘sh, respublikamizda salohiyatli ayollar kammi yoki erkaklar bilan mustaqil raqobatlasha oladigan, siyosiy maydonlarga chiqadigan ayollarimiz yetishmaydimi? Aslida o‘zbek ayollarining uyatchanligi yoki o‘zidagi bilim va yetakchilik qobiliyatini to‘g‘ri shakllantira olmagani muammoga asosiy sabab bo‘lib xizmat qilmoqda. Shu maqsadda Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi 4 ta siyosiy partiya bilan memorandumlar imzolagan bo‘lib, bu borada tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqdi. Siyosiy partiyalarning “Ayollar qanoti” bilan hamkorlikda salohiyatli, faol, innovatsion g‘oyalarga ega bo‘lgan yetakchi 2 ming 86 nafar xotin-qiz aniqlanib, kadrlar zaxirasiga kiritildi. Ular o‘rtasida o‘quv-ishlari tashkil etish maqsadida dasturlar tayyorlanmoqda. Yana shuni ta’kidlash joizki, Xotin-qizlar qo‘mitasi Boshqaruvi a’zolarining qo‘mita faoliyatida faol ishtirok etishlarini ta’minlash maqsadida tegishli yo‘nalishlardan kelib chiqqan holda 6 ta uyushma faoliyati takomillashtirildi, “Qizlarjon klubi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Yana o‘qing:  Yaxshi yashash baxti

 

Shakllanmagan huquqiy madaniyat – jinoyatchilikka sabab

 

Yurtimizda sodir etilayotgan jinoyatlarda afsuski, xotin-qizlarning ham ulushi ham bor. Xususan, respublikamizda huquqbuzarlikka moyilligi bor 30 mingga yaqin ayollar aniqlangan. Xo‘sh, ular kimlar? Bular jazoni ijro etish muassasasidan qaytgan, sudlangan, yurish-turishida salbiy illatlar ko‘zga tashlanadigan ayollar bo‘lib, qo‘mita tarafidan ular bilan olib borilayotgan profilaktika ishlariga juda katta ahamiyat qaratilmoqda. Ayollar tomonidan firibgarlik, tovlamachilik, eng achinarlisi, o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etish holatlari kuzatilmoqda. Oila-turmush borasidagi qaynona-kelin, er-xotin orasidagi mojarolar ham anchayin salbiy oqibatlarga olib kelayotgani bugun hech kimga sir emas. Qo‘mita tomonidan olib borilgan tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, jinoyatlarning yuzaga kelishiga eng asosiy sabab, ayollarda huquqiy madaniyatning to‘la shakllanmaganligidir. Ko‘pchilik ayollarimiz o‘ziga berilayotgan imkoniyatdan ham, o‘ziga yuklatilgan majburiyatdan ham bexabar. Birgina misol, aksariyat firibgarlikka qo‘l urgan ayollar buning jinoyat ekanligini to‘la anglab yetmagan.

 

59 ming nafar ayol og‘ir ijtimoiy ahvolda

Og‘ir ijtimoiy holatdagi ayollarning muammolari o‘rganilganda, quyidagi sabablar ko‘rsatilmoqda. Ularning eng birinchisi uy-joy muammosidir. Bugun yurtimizda og‘ir turmush sharoitida yashayotgan, uy-joyga muhtoj xotin-qizlar 9128 nafarni tashkil qilmoqda. Bugunga kelib, ularning 1043 nafari uy-joy bilan ta’minlangan, 5303 nafar xotin-qizlarga esa uy-joy olishga tavsiya berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 apreldagi “Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarga arzon uy-joylar berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash” haqidagi qarori ijrosi asosida 1584 nafar ayolga joriy yilning avgust va dekabr oylarida uylar topshirish rejalashtirilgan.

Ikkinchi sabab esa ishsizlik. Joriy yilning shu davriga kelib, xotin-qizlar bandligini ta’minlash maqsadida jami 139 ming 989 ta ish o‘rni yaratildi. Shundan, korxona, tashkilotlardagi mavjud ish o‘rinlariga 41 ming 294 nafar, kichik korxonalarga 13 mingdan ortiq, kasanachilik sohasiga 4 ming nafardan ziyod, oilaviy tadbirkorlik sohasiga 8 ming nafardan ortiq, ipak qurtini parvarishlash sohasiga 60 mingga yaqin va boshqa yo‘nalishlarga 26 ming 400 nafardan ortiq xotin-qiz jalb qilingan.

Hududiy xotin-qizlar qo‘mitalari tashabbusi bilan jami 29 ming 670 nafar xotin-qizlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratildi. Jumladan, 1 ming 711 ta kichik korxona (sex) tashkil etilib, ularda 9 ming 694 nafar xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi.

Shuningdek, hududlarda “Ustoz-shogird” tizimi asosida xotin-qizlarning 5 ming 604 nafari xunarmandchilikka, 13 mingdan ortiq kasanachilikka jalb etilishi orqali ularning bandligini ta’minlashga erishildi. Ammo bandlik masalasida qilinishi kerak bo‘lgan ishlar hali ko‘p ekanlinigi ta’kidlash lozim.

Yana o‘qing:  Arazchi bolalar. Maslahat, tanbeh berishga shoshilmang!

‒ Muhtaram Prezidentimiz tomonidan ayollar masalasiga oid bir qancha qaror va farmonlar qabul qilinib, hayotga tatbiq etilmoqda. Natijada endilikda uyda o‘tirib mehnat qilayotgan ayollar ham qonuniy mehnat stajiga ega bo‘lishi mumkin. Hech qaysi davlatda bunday imtiyoz yo‘q. Misol uchun, uyda 20-30 ta tovuq boqib yoki tomorqasida mehnat qilayotgan ayollarga ham mehnat daftarchasi ochish mumkin. Ular uchun 4-7 foizli kreditlar berilmoqda. Yaqinda tizimimizda 11-46 qisqa raqamli yagona ishonch telefoni ishga tushiriladi. Og‘ir ijtimoiy ahvolga tushgan, hayotida qiyinchilikka duch kelgan ayollar mazkur raqamga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin. Ularga malakali mutaxassislar tomonidan yordam beriladi, murojaatlar muallifi sir saqlanishi kafolatlanadi, – dedi Tanzila Norboyeva.

Hukumatimiz tomonidan xotin-qizlarga qaratilayotgan bu e’tibor bejiz emas. Zero, donishmandlar aytganidek, o‘g‘il bolani tarbiyalasang bir insonni tarbiyalagan, bir qizni tarbiyalasang, butun millatni tarbiyalagan bo‘lasan.

Brifingda mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy va sotsial faolligini oshirish, ularning turli soha va tarmoqlarda o‘z qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun shart-sharoit yaratish, huquq va qonuniy manfaatlariga so‘zsiz rioya qilinishini ta’minlash, onalik va bolalikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, oila institutini mustahkamlash borasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar atroflicha muhokama qilindi.

 

Xurshida HUSENOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: